Toshkentda 1 sotix yerning o‘rtacha narxi 362 mln so‘mgacha qimmatlagan

Iqtisodiyot 11:02 / 25.01.2024 12390

2023 yilda mulk oldi-sotdisi bo‘yicha 335 mingta bitim tuzilgan. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 4,4 foizga ko‘pdir. Bu haqda Markaziy bank tomonidan e’lon qilingan 2023 yilning IV choragi yakunlari bo‘yicha ko‘chmas mulk bozori sharhida keltirib o‘tilgan.

Qayd etilishicha, 2023 yilda ikkilamchi bozorda uy narxi so‘mda 35,1 foizga (dollarda 23 foiz), birlamchi bozordagi narxlarning yillik o‘sishi esa so‘mda 39,6 foizga (dollarda 26,9 foiz) teng bo‘lgan.

 

Yil yakuniga ko‘ra, turar joy ijarasi narxi so‘m hisobida 8,8 foizga oshgan, dollar bilan ifodalanganda 1 foizga arzonlashgan. Shu bilan birga, poytaxtda ijara narxining o‘sishi respublikaning boshqa hududlariga qaraganda ancha sekinlashdi. Farg‘ona (21,1 foiz), Buxoro (16,5 foiz) va Toshkent (17,6 foiz) viloyatlarida ijara narxlari eng ko‘p darajada qimmatlashgan.

Mutaxassislarning qayd etishicha, ipoteka kreditlarining ajratilishi tezlashishi ikkilamchi bozorda uy-joy narxlarining oshishi tezlashishiga olib kelgan omillardan biri bo‘lgan.

«Jozibador rentabellik va narxlar o‘sishi fonida talabning oshishi so‘nggi yillarda uy-joy sotib olish imkoniyatining ma’lum darajada pasayishiga olib kelgan. 2023 yilda aholining umumiy daromadlari va uy-joy narxlari o‘sishi o‘rtasidagi farq 20 foizdan oshgan. O‘tgan yili bu farq 4,4 foizni tashkil etgan. Aksincha, ijara narxlarining barqarorlashuvi natijasida daromadlar va ijara haqining o‘sishi o‘rtasidagi farq manfiy (5,2 foiz) bo‘ldi», deyiladi MB hisobotida.

Toshkent shahar ko‘chmas mulk bozoridagi holat

O‘tgan yilda poytaxtning ikkilamchi ko‘chmas mulk bozorida narxlar sezilarli darajada oshgan – 10,5 million so‘mdan 14,9 million so‘mgacha yoki 1 kvadrat metr uchun 933 dollardan 1212 dollargacha.

Narxlarning hududlar bo‘yicha o‘zgarish dinamikasi

Toshkentda ijara narxi o‘tgan yilga nisbatan dollar hisobida 9,3 foizga pasaygan. Ijara narxlarining arzonlashishi shaharning deyarli barcha joylarida kuzatilgan, faqat talab nisbatan yuqoriligicha qolayotgan Sergeli tumani bundan mustasno.

Poytaxtda bir sotix yerning o‘rtacha narxi yil davomida 38 foizga yoki 263 mln so‘mdan 362 mln so‘mgacha qimmatlagan.

Taqqoslash uchun, Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi ma’lumotlariga tayanadigan bo‘lsak, 2022 yilda uy-joy narxlarining eng sezilarli o‘sishi Navoiy (27,7 foiz), Toshkent (25,1 foiz) va Farg‘ona viloyatlarida (24 foiz) kuzatilgan

Avvalroq, Markaziy bank hisobotida ko‘chmas mulk bozorida uy-joylarning bozor narxi fundamental narxidan o‘rtacha 36 foizga yuqori baholangani xabar qilingandi.

Ko‘proq yangiliklar: