Bosh prokuratura huzuridagi depatamentning xabar berishicha, departament va DXXning hududiy bo‘limlari tomonidan bir nechta holatda fuqarolarni katta pul evaziga AQSh, Fransiya va Kanadaga yubormoqchi bo‘lgan shaxslar ushlangan.
Jumladan, departamentning Chilonzor tuman bo‘limi va DXX xodimlari o‘tkazgan tezkor tadbirda fuqarolar K.S., M.O. va O.Z. fuqaro Sh.Sh.ning ishonchiga kirib, uni tanishlari yordamida Yevropa orqali AQShga yuborishi hamda viza hujjatlarini rasmiylashtirib berishi evaziga 32 000 dollar olgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Shuningdek, tergovga qadar tekshiruvda fuqaro O.Z. fuqaro Sh.F. va uning oila a’zolarini Fransiyaga borishlari uchun viza hujjatlarini olib berish evaziga 3 900 dollarni firibgarlik yo‘li bilan o‘zining viza kartasiga o‘tkazib olgani aniqlangan.
Departament hamda DXX Oqdaryo tumani bo‘limlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqarolar H.A. G.M. va J.A. fuqaro R.M.ning ishonchiga kirib, uni tanishlari yordamida 7 000 dollar evaziga Kanadaga ishga yuborishini aytib, oldindan 1 500 dollar va 600 ming so‘mni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Qayd etilishicha, mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.