O‘zbekistonda xorijan maishiy texnika tovarlari olib kelishda antidemping bojlari o‘rnatish rejalashtirilmayapti. Bu haqda “O‘zeltexsanoat” uyushmasi ma’lum qildi.
Avvalroq xabar berilganidek, bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev boshchiligidagi Investitsiyalarni jalb qilish, sanoatni rivojlantirish va savdoni tartibga solish masalalari bo‘yicha hukumat komissiyasining 25 dekabrdagi 118-sonli bayonnomasiga ko‘ra, mas’ul tashkilotlarga maishiy texnika importida antidemping bojlari joriy etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish topshirig‘i berilgan.
“Bugungi kunga kelib, antidemping bojini joriy etish masalasini o‘rganish xulosalariga ko‘ra, uni joriy etish rejalashtirilmagan.
Ushbu bayonda ko‘rsatilgan ba’zi takliflargina 2024 yil 10 yanvar kuni qabul qilingan prezident qarorida aks etdi.
Masalan, soliq imtiyozlarini 2027 yil 1 yanvarga qadar uzaytirish taklifi bunga misol bo‘la oladi. Lekin ushbu soliq imtiyozlaridan ko‘zlangan asosiy maqsad shundaki, soliq imtiyozidan keladigan foyda tadbirkorlar uchun dividend ko‘rinishida emas, balki yangi ishlab chiqarish quvvatlarini, ish o‘rinlarini yaratish va mavjud imkoniyatlarni modernizatsiya qilishga yo‘naltiriladi”, – deyiladi “O‘zeltexsanoat”ning 22 yanvar kungi bayonotida.
Uyushma komissiya bayonnomasidan o‘rin olgan boshqa masalalarga to‘xtalmagan. Xususan bayonnomada elektrotexnika sanoatidagi mahalliy korxonalarga eksportda valuta kursini hedj qilish xizmatlaridan foydalanish va xomashyo importidagi transport xarajatlarini qoplab berish ham ko‘zda tutilgan edi.
Ta’kidlash lozim, 10 yanvardagi prezident qarori bilan, bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev raisligidagi hukumat komissiyasiga 2027 yil 1 yanvarga qadar elektrotexnika sohasi korxonalarini qo‘shimcha qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha choralar ko‘rish vakolati berilgan. Iqtisodiyot va moliya vazirligi komissiya qarorlariga asosan elektrotexnika sohasi korxonalarini qo‘shimcha qo‘llab-quvvatlash choralari uchun zarur mablag‘lar ajratib borishi kerak.
Shuningdek, qarorga binoan:
- 2024 yil 1 fevraldan e’tiboran O‘zbekistonga dazmol, mikroto‘lqinli pech, kir yuvish mashinasi, konditsioner kabi bir qator maishiy texnikalarni olib kirishda ishlab chiqaruvchining vakolatli vakili mavjud bo‘lishi talabi kiritildi (Adliya vazirligiga ko‘ra, qaror loyihasining huquqiy ekspertiza uchun vazirlikka taqdim etilgan variantida bu band bo‘lmagan);
- 2027 yil 1 yanvargacha elektrotexnika mahsulotlarini sotishdan tushgan tushumi miqdori umumiy tushumining 80 foizidan kam bo‘lmagan elektrotexnika tarmog‘i korxonalariga foyda solig‘i va mol-mulk solig‘i bo‘yicha stavkalar 50 foizga kamaytirildi;
- elektrotexnika sanoatida amalga oshiriladigan investitsiya loyihalarini moliyalashtirish uchun 2024-2026 yillarda tadbirkorlarga 3 yillik imtiyozli davr bilan 10 yil muddatga yillik 7 foiz stavkada jami 100 mln dollar kreditlar ajratiladi.
Ma’lumot uchun, antidemping boji – ishlab chiqaruvchi mamlakatning ichki narxlaridan past narxlarda, ya’ni dempingdan foydalangan holda import qilinadigan tovarlar uchun qo‘shimcha boj.