Qozog‘istonda O‘zbekistondan bo‘lgan oila a’zolari YTHda halok bo‘ldi

Jamiyat 10:38 / 21.01.2024 38742

20 yanvar kuni soat 17:00 atrofida Uralsk — Atirau trassasining Akjayik rayonidan o‘tgan qismida YTH ro‘y bergan. O‘zbekistonning 41 yoshli fuqarosi boshqaruvidagi Mazda CX-7 Samal posyolkasi hududida qarama-qarshi yo‘nalishga chiqib ketib, yuk mashinasiga to‘qnashgan.

«YTH oqibatida Mazda CX-7 avtomashinasi haydovchisi va yana ikki yo‘lovchi, 1984 yilda tug‘ilgan ayol hamda 2012 yilda tug‘ilgan bola voqea joyida vafot etgan. Ularning barchasi bir oila a’zolari bo‘lishgan», deya G‘arbiy Qozog‘iston oblasti politsiya departamenti ma’lumotini keltirgan Orda.kz.

Yengil mashinada bo‘lgan to‘rt kishidan faqat 14 yoshli o‘smir omon qolgan. U ayni vaqtda shifoxonaga yotqizilgan.

Mashinadagilarning barchasi O‘zbekiston fuqarolari bo‘lishgan. Holat yuzasidan tekshiruv boshlangan.

Shuningdek, Qozog‘iston g‘arbida avtohalokatda o‘zbekistonlik ayol vafot etdi.

Avtohalokat «Atirau — Astraxan» trassasida 20 yanvar kuni kechga yaqin sodir bo‘lgan. 31 yoshli o‘zbekistonlik haydovchi Chevrolet Cobalt mashinasida boshqaruvni yo‘qotib, Mercedes Benz Actros yuk mashinasiga to‘qnashgan.

YTH natijasida 41 yoshli ayol vafot etgan. Yana ikki yo‘lovchiga tez yordam ko‘rsatilgan.

  • 11 yanvarga o‘tar kechasi Rossiyaning Penza oblastida O‘zbekiston fuqarosi boshqaruvidagi JAC miniveni boshqaruvni yo‘qotib, qarama-qarshi yo‘nalishdagi yuk mashinasiga to‘qnashishi oqibatida sakkiz nafar o‘zbekistonlik halok bo‘lib, yana bir kishi jarohatlangandi.
  • 16 yanvar kuni Rossiyaning Samara oblasti Stavropol rayonida ham O‘zbekiston fuqarolari o‘limiga sabab bo‘lgan YTH ro‘y berdi, bu holatda o‘zbekistonlik haydovchi boshqaruvidagi Lada Largus qarama-qarshi yo‘nalishga chiqib ketib, «Gazel» yuk mashinasi bilan to‘qnashgan, natijada yengil mashinadagi uch kishi halok bo‘lib, to‘rt yo‘lovchi shifoxonaga yotqizilgandi.
Ko‘proq yangiliklar: