Italiyada mojaro, «Arsenal»da 5 ta gol. Yevropada kun o‘yinlari

Sport 13:11 / 21.01.2024 11465

Angliya: Artetaning yubileyi

Gabriel gol urayotgan vaziyat
Foto: JUSTIN SETTERFIELD/GETTY IMAGES

«Arsenal» — «Kristal Pelas» 5:0
Gollar:
Gabriel (11), Henderson (37, avtogol), Trossar (59), Martinelli (90+4, 90+5). 
«Arsenal» – Rayya, Uayt, Gabriel (Kivior, 81), Saliba, Zinchenko, Edegor, Rays (Jorjinio, 73), Haverts (Smit-Rou, 69), Trossar (Martinelli, 69), Saka, Gabriel Jyezus (Nketia, 81).
«Kristal Pelas» – Henderson, Klayn (Ahamada, 76), Andersen, Gehi (Tomkins, 87), Richards, Mitchell, Hyuz (Ozo, 68), Lerma, Shlupp (Mateus Fransa, 76), Eze, Mateta.

Yangi yil kunlarida muxlislarining dilini xira qilgan «Arsenal» nihoyat 17 dekabrdan buyon birinchi g‘alabasiga erishib, barcha turnirlar doirasidagi uch mag‘lubiyatdan iborat seriyasiga barham berdi. Inqiroz holatiga tushib qolgan «Kristal Pelas»ga qarshi o‘yin to‘liq «kanonirlar» nazoratida o‘tdi. O‘yinni amalda standart vaziyatlar hal qildi, birinchi bo‘limda braziliyalik himoyachi Gabriel Magalyans jamoaning asosiy quroliga aylandi va Mikel Arteta «Emireyts»dagi 50-g‘alabani nishonlashini ta’minladi.

11-daqiqada Gabriel burchakdan to‘p uzatilganida darvozabon hududida baland sakradi va bosh bilan darvozani ishg‘ol etdi. Ikkinchi bor darvoza ishg‘ol etilganida gol «Kristal Pelas» darvozaboni Din Henderson nomiga yozildi, to‘p unga tegib darvozaga kirgandi, ammo bu vaziyatda ham barchasini murakkab vaziyatda turganiga qaramasdan bosh bilan zarba berishni uddalagan himoyachi hal qilgandi.

Bu mavsumda «Arsenal» standart vaziyatlardan urilgan gollar soni bo‘yicha APLda eng yaxshi natijani qayd etmoqda (13).

Mehmonlar esa raqib mudofaasidan o‘ta olmadi va asosan uzoq masofadan zarbalar yo‘llash bilan o‘z omadini sinab ko‘rdi - zarbalar bo‘yicha nisbatan yuqori ko‘rsatkich qayd etilgani ham shu tufayli bo‘ldi (21-12, aniq zarbalar bo‘yicha 6-5), ammo amalda bunday zarbalar Rayya uchun oson o‘lja edi.

Ikkinchi bo‘lim boshida esa boshqa bir Gabriel - hujumchi Jyezus qarshi hujumda Trossarni qulay vaziyatga chiqarib yubordi va hisob yirik ko‘rinish oldi. Belgiyalik futbolchi o‘rniga tushirilgan uchinchi Gabriel - Martinelli esa o‘yinga qo‘shib berilgan daqiqalarda egizak gollar bilan hisobni 5:0 ko‘rinishga keltirdi. Bu mavsumda ikkinchi bor shu hisobda g‘alaba qozongan «Arsenal» turnir jadvalida uchinchi o‘ringa ko‘tarildi, «Kristal Pelas» 15-o‘rindan 14-o‘ringa tushdi, Roy Hojson APL jamoalari bosh murabbiylari orasida iste’foga chiqish uchun asosiy nomzodga aylandi.

Italiya: Menyan irqchilik tufayli maydonni tark etdi. Uni qaytishga ko‘ndirishdi, ammo u oddiy vaziyatlarda ikkita gol o‘tkazib yubordi – «Milan» baribir kambek bilan g‘alaba qozondi

Foto: ALESSANDRO SABATTINI/GETTY IMAGES

«Udineze» — «Milan» 2:3
Gollar:
Samarjich (42), Toven (62) — Loftus-Chik (31), Yovich (83), Okafor (90+3).
«Udineze» – Okoyye, Ebosele (Exizibue, 60), Peres, Joau Ferreyra, Kristensen, Kamara (Sarraga, 84), Pereyra (Toven, 46), Uolas, Lovrich, Samarjich (Payyero, 60), Lukka (Saksess, 76).
«Milan» – Menyan, Kalabriya (Florensi, 75), Ker, Gabbiya, Ernandes, Loftus-Chik, Adli, Reynders (Okafor, 68), Pulishich (Yovich, 75), Rafael Leau (Musa, 90+5), Jiru.
Ogohlantirishlar: Kamara (45), Ebosele (52), Toven (56), Uolas (65), Lukka (71), Joau Ferreyra (78), Ernandes (88).

A Seriyada navbatdagi mojaro ro‘y berdi. Bu safar «Udineze» va «Milan» ishtirokidagi o‘yinni to‘xtatib turishga ham to‘g‘ri keldi.

Birinchi bo‘lim oxirida mehmonlar darvozaboni Mayk Menyan arbitr Fabio Mareskega «Udineze» muxlislarining harakatlaridan shikoyat qildi. Ular fransuz darvozabonga qarata irqchilik so‘zlari aytishgani ma’lum bo‘ldi. Menyan bu haqda hakamni xabardor qilgach, jamoadoshlari tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.

Keyin esa darvozabon maydonni tark etdi va kiyim almashtirish xonasiga yo‘l oldi. Menyan o‘yinni qaytishni rejalashtirmayotgandi, ammo jamoadoshlari va murabbiyning undovi bilan baribir maydonga qaytib chiqdi. Futbolchilar tribuna ostidagi joyda uni o‘rab olib, undan qaytishni so‘rayotgani aks etgan kadrlar paydo bo‘ldi. Bunga parallel ravishda «Udineze»ning bir qancha futbolchilari esa fanatlar oldiga kelib, ulardan tinchlanishni so‘rashdi.

Ma’lum vaqtdan keyin «Milan» to‘liq tarkibda maydonga qaytdi — jamoadoshlari bir amallab Menyanni ko‘ndirishgandi. Bu vaqtda mehmonlar Ruben Loftus-Chikning goli evaziga hisobda oldinda borayotgandi. O‘yin qayta boshlanganidan bir necha daqiqa o‘tib «Udineze» javob golini urdi — Lazar Samarjichning 25 metrlardan bergan zarbasi Menyanni dog‘da qoldirdi, u hatto joyidan qimirlay olmadi.

Ikkinchi bo‘lim o‘rtalarida, ikkinchi gol urilgan epizodda ham Mayk juda ishonchsiz o‘ynadi: Florian Toven to‘pni uning yaqin burchagidan darvoza to‘riga kiritdi – bunday vaziyatlarda darvozabonlar qutqarishi kerak.

«Milan» 83-daqiqaga qadar turnir jadvalining 16-o‘rnida borayotgan jamoadan hisobda ortda bordi. Keyin Stefano Piolining o‘yinchi almashtirishlari ish berdi: Nikola Yovich hisobni tenglashtirdi (u 75-daqiqada maydonga tushdi), Noa Okafor g‘alaba golini urdi (u 68-daqiqada maydonda paydo bo‘lgandi).

Shunday qilib milanliklar o‘yinda burilish yasadi va g‘alabani ilib ketdi: bu so‘nggi olti o‘yindagi beshinchi g‘alaba. Bu bilan jamoa nafaqat chempionlik poygasida qoldi – «Inter» olti ochko oldinda, balki barchasiga Mayk Menyan aybdor qilinishiga yo‘l qo‘ymadi. Qolaversa, bu jamoa bosh murabbiyi Pioli uchun yubiley g‘alaba bo‘ldi - 166 o‘yinda 100 g‘alaba. Bu orqali ushbu mutaxassis Nereo Rokko, Fabio Kapello, Nils Lindholm va Karlo Anchelotti kabi rossonerilar tarixidagi eng muvaffaqiyatli murabbiylar qatoridan joy oldi.

«Roma» — «Verona» 2:1
Gollar:
Lukaku (19), Pellegrini (25) — Folorunsho (76). 
Aniq ijro oshirilmagan penalti: Jurich (64).
«Roma» – Patrisiu, Karsdorp, Lorente, Heysen, Spinatssola (Kristensen, 28), Paredes, Pellegrini, Bove, El Shaaravi (Belotti, 81), Dibala (Zalevski, 57), Lukaku.
«Verona» – Montipo, Davidovich, Manyani, Kabal, Saponara (Krus, 77), Serdar, Folorunsho, Suslov, Tshatshua, Jordi Mboula (Bonatssoli, 46), Jurich (Anri, 77).
Ogohlantirishlar: Paredes (41), Davidovich (52), Folorunsho (57), Lorente (57).

«Roma»ning Joze Mourinio ishdan bo‘shatilganidan keyingi ilk o‘yini ikki jamoaning navbatma-navbat hujumlari bilan kechdi. Bo‘lim o‘rtalariga borib Al-Sha’roviy Lukakuni darvozabon bilan yakkama-yakka vaziyatga chiqarib yubordi. Italiyalik ushbu futbolchi ko‘p o‘tmay yana bir golli uzatmaga mualliflik qildi — bu mavsumni avvalgilari kabi kuchli o‘tkaza olmayotgan Pellegrini yana gol ura boshlashi rimlik muxlislar uchun yana bir yoqimli voqea bo‘ldi. Pellegrini va Al-Sha’roviy — jamoani mavsum oxiriga qadar qabul qilib olgan Daniele De Rossi uchun alohida ishtiyoq bilan kurashadigan shaxslar hisoblanadi, ular o‘z vaqtida jamoadosh bo‘lishgan.

Turnir jadvalining quyi qismidagi «Verona» ustidan g‘alaba — hali ko‘p narsani anglatmaydi, qolaversa bu jamoa ikkinchi bo‘limda penaltidan gol ura olmadi, ammo amalda «Roma» yil boshidan buyon ilk g‘alabasini qayd etdi.

Germaniya: «Borussiya» kuchli to‘rtlikka qaytish arafasida, «Bayyer»da yana g‘alaba

«Bayyer» futbolchilari ikkinchi bor hisobni tenglashtirayotgan vaziyat
Foto: MAJA HITIJ/GETTY IMAGES

«Kyoln» — «Borussiya» D 0:4
Gollar:
Malen (12, 61), Fullkrug (58, penalti), Mukoko (90+2). 
«Kyoln» – Shvebe, Karstensen (Shmits, 87), Shabo, Hyubers, Finkgrefe, Lyubichich (Alidu, 62), Mayna (Dil, 62), Martel, Husaynbashich, Kayns (Kristensen, 74), Tilmann (Adamyan, 87).
«Borussiya» D – Kobel, Mene, Zyule (Blank, 46), Shlotterbek, Matsen, Zabitser, Brandt (Roys, 66), O‘zjan (Reyna, 74), Malen, Sancho (Bayno-Gittens, 66), Fyullkrug (Mukoko, 74).
Ogohlantirishlar: O‘zjan (27), Shabo (76), Matsen (82), Tilmann (85).

Sanchoning Dortmundga qaytishi tom ma’noda g‘alaba pazli uchun yetishmay turgan so‘nggi detal bo‘lib chiqdi. U qaytganidan keyin «Borussiya» safarda qatorasiga ikkinchi bor yirik hisobda g‘alaba qozondi, bu safar Jyeydon golli ball ishlamagan bo‘lsa-da, u maydonda jamoa uchun muhim rolni bajarmoqda. Birinchi bo‘limdagi ustunlik ikkinchi bo‘lim boshida mezbonlarning ketma-ket hujumlari ostida yo‘qqa chiqishi mumkin edi, ammo Kobel va darvoza ustuni mehmonlarni qutqardi, keyin Sancho tashabbusni qo‘lga oldi va penalti ishladi. Fyullkrug zarbani aniq ijro etganida, «Kyoln» taslim bo‘ldi va darhol Malendan yana bir gol o‘tkazib yubordi. «Borussiya» kuchli to‘rtlikdagi raqiblarni ta’qib etishda davom etmoqda.

«Bohum» — «Shtutgart» 1:0
Gol:
Bero (50). 
«Bohum» – Rimann, Ermann, Loosli, Mashovich, Bernardo, Losilla, Bero (Hofmann, 90), Ferster (Ordets, 65), Osterxage, Antvi-Ajyey (Vittek, 79), Pasiyensiya (Broshinski, 65).
«Shtutgart» – Nyubel, Vagnoman, Anton, Zagadu, Mittelshtedt, Karazor (Massimo, 75), Shtiller, Fyurix, Miyo, Leveling, Undav.
Ogohlantirishlar: Karazor (35), Bernardo (36), Antvi-Ajyey (41), Ferster (42), Massimo (90), Vagnoman (90), Vittek (90), Broshinski (90).

Bu raqiblardan biri Bohumda muvaffaqiyatsizlikka uchradi, bunda «Shtutgart» mehmonlarining ham aybi yo‘q emas. Ular o‘z bannerlari bilan zaxira chiqish yo‘lini to‘sib qo‘yib, o‘t o‘chiruvchilar va xavfsizlik xizmati xodimlarining talablarini bajarishdan bosh tortishdi. Bahs shunchalik uzoq davom etdiki, ikkinchi bo‘lim 40 daqiqa kechikib boshlandi.

Tanaffusdan keyin esa «Bohum» g‘alaba golini urdi, Afrika kubogiga ketgan asosiy hujumchisi Girassi yo‘qligida «shvablar» hech narsa qila olmadi. Yangi yil ta’tillari arafasida «Borussiya»dan yetti ochko oldinda bo‘lgan jamoa endi atigi bir ochkolik farq bilan oldinda bormoqda.

«Leypsig» — «Bayyer» 2:3
Gollar:
Simons (7), Openda (56) — Tella (47), Ta (63), Inkapie (90+1).
«Leypsig» – Blasvix, Simakan (Henriks, 74), Klostermann, Lukeba, Raum, Shlager, Olmo (Baumgartner, 74), Zayvald (Kampl, 74), Simons (Elmaz, 84), Openda, Sheshko (Poulsen, 74).
«Bayyer» – Gradetski, Frimpong (Tella, 31), Ta, Stanishich, Inkapie, Grimaldo, Jaka, Hofmann, Palasios (Andrix, 88), Virts, Shik (Glojyek, 90+2).
Ogohlantirishlar: Ta (11), Stanishich (38), Virts (66), Simons (71), Shlager (87).

Turning markaziy uchrashuvi «Leypsig» va «Bayyer»dan boshqa klublarning muxlislarining ham diqqat markazida turdi. Myunxen va Dortmunddagilar mos ravishda chempionlik va kuchli to‘rtlik uchun raqobatchilarining ochko yo‘qotishini kutayotgandi va 90-daqiqagacha tabloda raqobatchilar uchun qulay bo‘lgan 2:2 hisobi porlab turdi. Faqat chempionlik xarakteri — bu qandaydir alohida narsa bo‘lib, leverkuzenliklar bir guruh futbolchilaridan foydalana olmaganiga qaramay, yana bir bor vaziyatdan maksimum natija chiqarib olishdi.

Xabi Alonso jamoasi birinchi bo‘limda yutqazdi va yetakchilardan biri Frimpong safdan chiqdi. Ammo zaxiradan tushirilgan Tella «aspirinchilar»ga xos hujumda hisobni tenglashtirdi, holbuki ushbu futbolchi bungacha 18 turda jami 129 daqiqa maydonda bo‘lgandi. Ushbu qanot himoyachisiga jamoaning boshqa bir laterali Grimaldo golli uzatma berdi. Keyin esa «Bayyer» burchak zarbasi vaqtida to‘liq tarkib bilan oldinga borganida qarshi hujumda Opendadan gol o‘tkazib yubordi. Mehmonlar bunga ham tezda reaksiya qilishdi, himoyachi Ta hisobni tenglashtirdi. O‘yinga qo‘shib berilgan daqiqalarda esa boshqa bir markaziy himoyachi Inkape Grimaldoning burchakdan uzatib to‘pini darvoza to‘riga yo‘llab, g‘alaba golini urdi. Qatorasiga ikkinchi o‘yinda qo‘shimcha daqiqalarda g‘alaba ilib ketildi — jamoa chempionlik uchun yana bir qadam tashladi. «Bavariya» yakshanba kuni «Verder»ni va chorshanba kuni qoldirilgan o‘yinda «Union»ni mag‘lub etsa ham «Bayyer»ga yetib ololmaydi.

Kun statistikasi

  • «Arsenal»ning zaxiradan tushgan futbolchilari 16 ta golli ball ishlagan, jamoa bu borada APLda yetakchi.
  • «Vilyarreal» hisobda oldinga borgan o‘yinlarida 16 ochko yo‘qotgan. Bu Ispaniya chempionatida eng yomon ko‘rsatkich, «sariq submarinalar» o‘tkazib yuborilgan gollar soni (42) bo‘yicha faqat so‘nggi o‘rindagi «Almeriya»dan oldinda.
  • «Vilyarreal» hujumchisi Serlot la ligada 85-o‘yinini o‘tkazdi (2021-2023 yillarda «Real Sosiyedad»da ham o‘ynagan). Bu norvegiyalik futbolchilar uchun rekord, bungacha eng yaxshi natija Jon Karyuda edi (2000-2004 yillarda «Valensiya» a’zosi bo‘lgan).
  • «Frayburg» hujumchisi Grifo bundesligada 100-golini urdi.
Ko‘proq yangiliklar: