Madrid derbisida gollar yomg‘iri, «Barsa» qiynaldi. Ispaniyada kun o‘yinlari

Sport 15:18 / 19.01.2024 7608

Himoyachilar hal qildi

Foto: ANGEL MARTINEZ/GETTY IMAGES

«Unionistas» — «Barselona» 1:3
Gollar:
Gomes (31) — Torres (45), Kunde (69), Balde (73).
«Unionistas» Salamanka – Martines, K.Ximenes, Mayor, Ruis, E.Ximenes (Gorri, 60), Alvaro Gomes, Serrano (Vilyar, 46), Adrian Gomes (Ektor, 60), Tur, Losada (Texeyra, 79), Rastroxo (Ivaylov, 60).
«Barselona» – Penya, Roberto, Kristensen (Kubarsi, 46), Kunde, Balde, Romeu, de Yong, Lopes (Pedri, 61), Feliks (Gundo‘g‘an, 61), Ferran Torres (Roke, 82), Giu (Levandovski, 61).
Ogohlantirishlar: E.Ximenes (43), Giu (51), Kubarsi (70), K.Ximenes (78).

Superkubok finalidagi sharmandachilikdan keyin Xavi qandaydir pozitiv topishga harakat qildi. U o‘yin arafasida «Real» ham bir yil oldin shu kabi holatda bo‘lgani, og‘riqli mag‘lubiyatdan keyin ham hayot davom etishi va «Barselona» hali uchta sovrin uchun kurashda qolayotgani haqida gapirdi. Faqat ko‘k-anorranglilarning bu mavsumdagi holatidan kelib chiqib, ular ichki birinchilikda Madriddan o‘tib ketishi va ayniqsa Chempionlar ligasida muvaffaqiyat qozonishiga ishonish qiyin.

Obektiv qaralsa, kataloniyaliklarda nisbatan eng yaxshi imkoniyat faqat Ispaniya kubogida. Qolaversa, hozircha qur’a qulay kelmoqda. Avvaliga to‘rtinchi divizion vakili mag‘lub etilgandi. Endi esa — uchinchi ligada o‘n uchinchi o‘rinda borayotgan jamoa raqib bo‘ldi. Lekin bu jamoa oldingi bosqichda «Vilyarreal»ni turnirdan chiqarib yubordi. Shuningdek, Salamankadan bo‘lgan futbolchilar yilni safarda «Barselona B» ustidan g‘alaba qozonish bilan boshlagandi.

«Barselona» boshlang‘ich tarkibida «Real»ga qarshi startda o‘ynaganlardan to‘rt nafari tushmadi - Arauxo, Gundo‘g‘an, Pedri va Levandovski. Ularning o‘rnini Romeu, Lopes Martin, Feliks va Giu egallashdi. Arauxo xuddi Yamal kabi bu o‘yinni diskvalifikatsiya tufayli o‘tkazib yuborishi aniq edi.

Salamankaliklar ko‘k-anorranglilarning asosiy jamoasidan ham qo‘rqmasligini namoyish etishdi. «Unionistas» o‘yinni dadil boshladi. Mezbonlar birinchi hujumdayoq gol urishga yaqin keldi, ko‘p o‘tmay baribir hisobni ochishdi va bo‘limni hisobdagi ustunlik bilan yakunlashi ham mumkin edi, lekin tanaffus arafasida standart vaziyatdan keyin to‘p yo‘qotilganda qarshi hujumni o‘tkazib yuborishdi. Jamoaning barcha futbolchilari ikkinchi golni urish uchun oldinga borishgandi, yakunda esa Joau Feliks o‘z jarima maydoni atrofida turib oldinga tashlangan Ferran Torresni darvozabon bilan yakkama-yakka holatga chiqarib yubordi.

O‘yin oson kechmayotganini ko‘rgan Xavi Levandovski, Pedri, Gundo‘g‘an va Kristensen kabi jamoaning asosiy tarkib futbolchilarini maydonga tashlashga qaror qildi. O‘yin taqdirini esa himoyachilar hal qilishdi. O‘yindagi hal qiluvchi vaziyat Kunde jarima maydoni tashqarisidan turib olis burchakni aniq nishonga olishi bo‘ldi, keyinroq Balde raqib jarima maydoniga yorib kirib, o‘tkir burchakdan to‘pni to‘sin ostiga yo‘lladi. Shu bilan birga, Penya bir necha kuchli seyvlar ijro etishi talab etildi. «Barsa» baribir zarbalar bo‘yicha ustunlikka erishdi (14:10, darvoza sohasiga aniq zarbalar bo‘yicha – 7:4) va yakunda qiyinchilik bilan bo‘lsa ham keyingi bosqichga o‘tdi, Salamankadagilar esa o‘z futbolchilari bilan faxrlansa bo‘ladi.

Grizmannga atalgan kecha

«Atletiko» — «Real» 4:2
Gollar:
Lino (39), Morata (57), Grizmann (100), Rikelme (119) — Oblak (45+1, avtogol), Xoselu (82). 
«Atletiko» – Oblak, Ximenes, Ermoso, Vitsel, Lorente (Barrios, 98), Koke, Saul (Molina, 56), De Paul (Aspilikueta 106, Savich 115), Grizmann, Morata (Depay, 98), Lino (Rikelme, 90+2). 
«Real» – Lunin, Karvaxal, Nacho (Seballos, 106), Ryudiger, Mendi (Dias, 66), Modrich (Kroos, 66), Valverde (Tchuameni, 73), Kamavinga (Fran Garsiya, 106), Bellinghem, Vinisius, Rodrigo (Xoselu, 80). 
Ogohlantirishlar: Vinisius (45), Kamavinga (56), Morata (58), Dias (68), Ermoso (68), De Paul (78), Koke (80), Tchuameni (85), Bellinghem (87), Karvaxal (89), Grizmann (101), Vitsel (113).

Atigi bir hafta muqaddam «Real» va «Atletiko» Ispaniya Superkubogi yarimfinalida gollar shousi uyushtirgandi (5:3). O‘sha o‘yinda Grizmann eng yaxshi to‘purar sifatida «matraschilar» tarixiga kirgandi (174 gol), payshanba oqshomida «Metropolitano»da shu munosabat bilan uni taqdirlash marosimi uyushtirildi. O‘yin boshlanishi arafasida rafiqasi va uch qizi maydonga yodgorlik tablichkasini olib chiqishdi va barcha futbolchilar birgalikda suratga tushishdi.

«Real»ga esa hech kim chempionlik yo‘lagi qilmoqchi emasdi. Oldingi yillarda ham shunday bo‘lgandi va azaliy raqiblar uchun bu normal holat. Karlo Anchelotti har qanday qarorni qabul qilish kerakligini aytdi, Diyego Simeone esa bu qarorni shu so‘zlar bilan tushuntirishga harakat qildi: «Biz ularning bosh murabbiyi va futbolchilarini tabriklaymiz, ammo biz birinchi navbatda o‘z muxlislarimizni hurmat qilishimiz darkor».

Bu safar ham stadion atrofida Vinisius Junior sha’niga haqoratli so‘zlar aytilgan qo‘shiq kuylandi, o‘yin vaqtida esa to‘p braziliyalikka kelib tushgani hamono hushtakbozlik qilindi. Mezbon muxlislar ayniqsa Vini Bellinghemning zarbasidan keyin to‘sindan qaytgan to‘pni darvozaga to‘g‘rilab yubora olmaganida qizg‘in xursandchilik qilishdi.

Qaymoqranglilar ko‘plab vaziyatlardan foydalana olmaganidan keyin hisobni «Atletiko» ochdi. Bunda omadning ham ulushi bor, to‘p Samuel Linoning oyog‘iga jarima maydoniga uzatilgan to‘pni qaytarib yubormoqchi bo‘lgan Ryudigerning boshidan kelib tushgandi.

Lekin o‘yindagi eng kulgili gol «Real»ning javob goli bo‘ldi. Oblak 45 daqiqa davomida qahramonlik ko‘rsatdi, lekin birinchi bo‘limga qo‘shib berilgan daqiqalarda Modrichning standart vaziyatdan yo‘llagan oddiy uzatmasini o‘z darvozasiga to‘g‘rilab yubordi. Bu sloveniyalik posbonning Madrid derbilaridagi ikkinchi avtogoliga aylandi, shunday ekan, statistika nuqtayi nazaridan buni «Atletiko» uchun hukm o‘qilishi deyish ham mumkin edi. Jamoa o‘z darvozasiga gol urib qo‘ygan o‘n o‘yinida — o‘n bor mag‘lubiyatga uchragan. Faqat bu safargi o‘yin xatolar kuni edi va Ryudiger yana bir golga sababchi bo‘ldi. Nemis himoyachisi Lunin bilan bir-birini tushuna olmay qolishdi va Morataga gol sovg‘a qilishdi.

Anchelotti bunga javoban Modrich o‘rniga Kroosni tushirish bilan javob qildi, shuningdek hujum chizig‘iga Braim Diasni tushirib, Kamavingani qanot himoyasiga o‘tkazdi. Keyin tayanch zonasi Tshuameni bilan mustahkamlandi, ammo bu ish berdi deyish qiyin. O‘yin istalgan yo‘sinda rivojlanishi mumkin edi: Rodrigoning zarbasi to‘singa tegdi, Lunin esa kuchli seyv namoyish etib, intriga saqlanib qolishini ta’minladi. Keyin esa Vinisius va Bellinghem zaxiradan maydonga tushgan Xoseluni qulay vaziyatga chiqarishdi - 2:2.

Overtaymda toliqqan «Real» va «Atletiko» muxlislar uxlab qolmasligi uchun qo‘ldan kelgancha harakat qilishdi. Shu kuni o‘yini chiqmagan Vinisius esa himoyachilarga yordam berish uchun qaytganida Grizmann ijrosidagi shedevr gol ishtirokchisiga aylandi.

«Real» esa uchinchi bor javob qaytara olmadi. Anchelotti shogirdlari yana bir bor darvozani ishg‘ol etishgandi, ammo bu gol Bellinghem ofsaydda qolgani uchun bekor qilindi. Angliyalik ushbu futbolchi bu oyda «qaymoqranglilar» uchun sehrli tayoqcha  bo‘la olmayapti. 119-daqiqada Rikelme «uchga uch» holatidagi qarshi hujumda yakuniy hisobni o‘rnatdi — 4:2.

«Real» zarbalar bo‘yicha «Atletiko»dan biroz ustunlik qildi (19:18), ammo darvoza sohasiga aniq borgan zarbalar bo‘yicha (7:12) ortda qoldi.

«Atletiko» esa Superkubokdagi va Ispaniya Kubogining o‘tgan mavsumi chorakfinalidagi mag‘lubiyat uchun qasos oldi. «Qirollik klubi» noxush an’anasini davom ettirdi — «Real» 1976 yildan buyon Ispaniyadagi ikkinchi darajali sovrinni qatorasiga ikki mavsumda qo‘lga kirita olmagan.

Ko‘proq yangiliklar: