Bolasini shafqatsizlarcha urgan va jasadini yerga ko‘mgan o‘zbekistonlik ayol va erkak Rossiyada ushlandi

Jamiyat 21:31 / 19.01.2024 19840

Kichik yoshdagi bolasini shafqatsizlarcha urayotgani, shuningdek, keyinchalik uning jasadini yerga ko‘mayotgani tasvirlangan videolavhadagi ayol va erkak Rossiyada ushlandi. Bu haqda bolalar ombudsmani Surayyo Rahmonova xabar berdi. 

Qayd etilishicha, taxminan 1 yoshdagi bolasini shafqatsizlarcha urayotgani va keyinchalik uning jasadini yerga ko‘mayotgani tasvirlangan videolavhalar ijtimoiy tarmoqlarda tarqalganidan keyin, bolalar ombudsmani huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilgan. 

Shundan so‘ng, tasvirdagi ayol Andijon viloyati, Jalaquduq tumanida yashovchi 1995 yilda tug‘ilgan A.G. ekani, u 2016 yildan beri Rossiyaning Novosibirsk shahrida turmush o‘rtog‘i B.I. bilan yashayotgani, bola esa ularning 2019 yilda tug‘ilgan farzandi ekani aniqlangan. 

Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston bosh prokuraturasi so‘roviga asosan O‘zbekistonning Bosh konsulxonasi hamda Novosibirsk oblasti IIV xodimlari bilan tezkor ma’lumot almashilgan. Natijada, 19 yanvar kuni A.G. va B.I. Rossiyaning Berdyansk shahrida qo‘lga olinib, prosessual tartibda ushlangan. 

Ta’kidlanishicha, Rossiya Tergov qo‘mitasining Novosibirsk shahri boshqarmasi tomonidan ayol va erkakka nisbatan Rossiya Jinoyat Kodeksining 117-moddasi (qiynash) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va tergov harakatlari olib borilmoqda. 

 

Ko‘proq yangiliklar: