Kun.uz’ga kelib tushgan murojaatda Xatirchi tumanidagi 55-umumta’lim maktabi direktorining o‘quv ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Abror Qurbonov 11-sinf o‘quvchisini urib, unga tan jarohati yetkazgani aytiladi.
Murojaatda aytilishicha, bu Abror Qurbonovning o‘quvchilarga jarohat yetkazgan ilk holati emas: u oldinroq – 2023 yilning oktyabr oyida maktabning 10-sinfida o‘qiydigan o‘quvchini ham qulog‘iga urib, jarohatlagan.
“Chorshanba kuni edi, dars bo‘lmagani uchun oshxonaga kirdik. Shu payt “zavuch”imiz kelib, nima qilyapsizlar bu yerda, deya so‘radi. Test ishlab o‘tirganimizni aytdim. Keyin oyog‘imdan tepdi. Oyog‘imning bir tomirchasi yorilib ketib, qonab yurdi. Keyin shifokorga bordim va gips qildirib keldim”, deydi oyog‘idan jarohat olgan o‘quvchi.
Navoiy viloyati IIB axborot xizmatining Kun.uz’ga ma’lum qilishicha, direktor o‘rinbosariga nisbatan birinchi holat bo‘yicha 2023 yilning oktyabr oyida Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41-moddasi (haqorat qilish) va 52-moddasi (yengil tan jarohati yetkazish) bilan, ikkinchi holat bo‘yicha esa 2023 yilning noyabr oyida Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 52-moddasi bilan ma’muriy ish qo‘zg‘atilgan hamda to‘plangan hujjatlar sudga yuborilgan.
Kun.uz holat yuzasidan Navoiy viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi bilan bog‘landi. Boshqarma matbuot xizmatiga ko‘ra, holat bo‘yicha maktab direktoridan tushuntirish xati olingan. Direktor o‘rinbosari esa ayni paytda mehnat ta’tiliga chiqib ketgan. Tegishli chora u ishga qaytgach ko‘riladi.
Oldinroq Xorazm va Qashqadaryo viloyatlarida ham o‘qituvchilar tomonidan o‘quvchilarni kaltaklash holatlari kuzatilgandi.