Avvaliga OAV mahalliy maishiy texnika ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash, ularga ko‘proq imtiyozlar berish va O‘zbekistonga maishiy texnika olib kirishda antidemping bojlari joriy etishni nazarda tutgan hukumat komissiyasi bayonnomasini e’lon qildi.
Shundan keyin bu boradagi alohida qaror qabul qilingani, unga asosan elektrotexnika sanoatidagi mahalliy ishlab chiqaruvchilarga imtiyozlarning yangi paketi tasdiqlangani ma’lum bo‘ldi.
– 1 fevraldan O‘zbekistonda rasmiy dilerlari va servis xizmati mavjud bo‘lmagan brendlarning maishiy texnika mahsulotlarini olib kirish taqiqlanadi. Bu nimani anglatadi va uning iqtisodiy oqibatlari qanday?
Shohruxxo‘ja Faxriddinxo‘jayev: Bu yangi tartib talab va taklifga ta’sir qiladi. Taklifga ta’siri deganda, maishiy texnika olib keladiganlar soni qisqarishni boshlaydi. Natijada bu narxlarga ta’sir qiladi. Iqtisodiyotda yo‘qotishlar kengayishni boshlaydi. Iste’molchilarning foydasi qisqaradi va umumiy iqtisodiyotga zarar keltirishni boshlaydi.
Salbiy ta’sir energetikaga ham yetib borishi mumkin. Chunki bizda hozir yangi ishlab chiqarilayotgan maishiy texnikalar energosamarador hisoblanib, energiya hajmini ko‘tarish uchun mo‘ljallangan. Biz energosamaradorlik bo‘yicha dunyoda juda past ko‘rsatkichlarga egamiz. Energosamaradorlik bu – energiyani iqtisodiyotda qanchalik samarali ishlatayotganimizni ko‘rsatadigan ko‘rsatkichdir. 2022 yilda qabul qilingan prezident qaroriga ko‘ra, 2022 yilda energiya hajmi 5 foizga yetkazilgan bo‘lsa, 2023 yilda 14 foizga yetkazilgan. Hozir biz nima qilyapmiz? Bu o‘zgarish ortidan maishiy texnikalar narxi oshadi, odamlarda eski maishiy texnikalarni energiya samarador texnikalarga almashtirishga rag‘bat yo‘qoladi. Natijada biz belgilangan targetga yeta olmaymiz.
Shundoq ham energetika bilan katta muammolarimiz bor. Eski maishiy texnikalar energiya samarador emas. Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti ma’lumotlarini olsak, bizda turar joy va tijorat binolari energiyaning qariyb 45 foizini, sanoat 21 foizini va transport 18 foizini iste’mol qiladi. Mamlakatlar o‘zining mahalliy ishlab chiqaruvchisini qo‘llab-quvvatlashi, ish o‘rinlarini yaratishi, innovatsiyalarni kengaytirishi chet el tajribasida ham bo‘lgan, lekin bu [imtiyozlar] faqat belgilangan doiraga beriladigan bo‘lsa, innovatsiya ham bo‘lmaydi, raqobat ham qisqaradi, energiya samarador bo‘lgan maishiy texnikalarga talab keskin pasayib ketishi mumkin.
– Ishlab chiqaruvchining rasmiy dileri O‘zbekistonda faoliyat yuritmasa, uning mahsulotlarini sotish taqiqlanishiga oid yangilikni tushunib olsak. Bu o‘zi nima degani?
Otabek Bakirov: Ishlab chiqaruvchilarning rasmiy dileri bo‘lish talabi nimani anglatadi? Maishiy texnika import qilayotgan bo‘lsangiz, ishlab chiqaruvchining rasmiy dileri degan maqomga ega bo‘lmasangiz, bundan buyog‘iga 1 fevraldan import qilish huquqidan mahrum bo‘lasiz.
O‘tgan yilga qadar O‘zbekistonga avtomobil olib kirib sotishga faqat ishlab chiqaruvchilarning rasmiy dileri bo‘lgan avtomobil importchilarigagina ruxsat berilgan edi. Misol uchun, avtomobil ishlab chiqaruvchilarning rasmiy dilerlari O‘zbekistonga avtomobil olib kirishi va sotishi mumkin edi. Shu cheklov bekor qilinganidan keyin 8-9 oy ichida O‘zbekistonda avtomobil taklifi keskin ko‘paydi. Buni elektromobillar taklifida ham, avtomobillar taklifida ham o‘zingiz ko‘rgan bo‘lsangiz kerak. Bu degani jismoniy va yuridik shaxslar dilerlik maqomiga ega bo‘lmasa ham, avtomobillarni O‘zbekistonga olib kelib sota oladi degani.
Maishiy texnika masalasida ham xuddi shunday, shu kungacha O‘zbekistonga istalgan yuridik shaxs ishlab chiqaruvchi bilan rasmiy dilerlik yoki vakillik shartnomasi bo‘lmasa ham maishiy texnikani olib kelib sotish huquqiga ega edi, 1 fevraldan boshlab, ular import qilish huquqidan mahrum bo‘ladi. Shartli LG, Samsung’ning rasmiy dilerlari O‘zbekistonga import qila oladi. Bu o‘z-o‘zidan bozorda taklifni keskin kamaytiradi, natijada narx oshib, sifat pasayadi. Shu jihatdan juda xavotirli.
O‘zbekistonda mahalliylashtirish bilan bog‘liq bo‘lgan kompaniyalar juda ko‘p xorijiy ishlab chiqaruvchilarni rasmiy dilerlik maqomiga ham ega. Bu O‘zbekistonda import ham, ishlab chiqarish ham ularning nazoratiga o‘tyapti degani.
Shu o‘rinda, do‘stimiz bir narsaga urg‘u berdi, men shuni chuqurroq tushuntirmoqchiman. Ro‘yxatdagi import qilishda rasmiy dilerlar bo‘lishi talab etiladigan mahsulotlarni ko‘rsangiz, bular suv isitkichlar, suv qozonlari, bug‘ qozonlari va radiatorlar ekanini ko‘rasiz. O‘zbekistonda 1 aprelda energetika tariflari aholi uchun bozor narxlariga yaqinlashtirilishi e’lon qilingan. Ijtimoiy me’yordan tashqaridagi tariflar oshiriladi. Bu energosamarador, ko‘p energiya sarf qilmaydigan texnikaga talabni oshiradi. Shu o‘rinda, biz o‘z o‘zidan tanlov imkoniyatini tortib olish bilan energosamaradorlikka rag‘batni ham o‘ldirmoqchi bo‘lyapmiz. Qaror qabul qiluvchilar o‘z qarorlari qanday oqibatga olib kelishini tushunishmayapti. Bundan kim yutqazadi? Iste’molchi yutqizsa, davlat o‘zining energosamaradorlik bo‘yicha maqsadlariga erishmasa, kim yutadi? Albatta, ichki bozordagi “monopolist” kompaniyalar yutadi.
– Men suhbatlashgan boshqa bir iqtisodchining talqiniga ko‘ra, yangi talabga asosan, ishlab chiqaruvchining rasmiy dileri O‘zbekistonda faoliyat yuritishining o‘zi kifoya, uning mahsulotlarini boshqalar olib kirib sotishi mumkin.
– Savolingiz o‘rinli, bunga rasmiy izoh berilishi kerak. Sizning versiyangizda dilerlik maqomiga ega bitta bo‘lsa ham shu’ba bo‘lsa, o‘sha kompaniyaning maishiy texnikalarini istalgan yuridik shaxs olib kira oladi degan fikr uyg‘onyapti. Men unday tushunmadim. Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi bu borada bayonot berdimi?
– Vazirlikdan izoh so‘rab bog‘langanimizda, yaqinda shu mavzuda yoki uchrashuv reja qilinishi, yoki izoh berilishi aytildi.
– Shunday bo‘lgan taqdirda ham, taklif hozirgi darajadan keskin qisqaradi. Uchta variant paydo bo‘lyapti: hozirgi vaziyat, faqatgina dilerlar olib kirib sota olishi va dilerlik shoxobchasiga ega brendlarning mahsulotlarini istalgan yuridik shaxslar olib kirishi. Bunga aniqlik kiritish kerak. Shu yerdan ham bilish mumkin: [qaror] o‘ta shoshmashosharlik bilan yozilgan.
Qarorning yana bir joyida maishiy texnika ishlab chiqaruvchilarga 5 foizlik kredit liniyasini taqdim etish haqida gap boradi. Oxirgi marta O‘zbekiston 8 foizdan ham qimmatroq kredit oldi. Tasavvur qiling, O‘zbekiston o‘zining suveren reytingini, budjet imkoniyatini hisobga olgan holda 8 foizdan kredit olyaptida, ularga 5 foizdan kredit berarkan. Bu qanaqa iqtisodiy mantiq? Ular haqiqat ham yashashga qobil bo‘lsa, parazit bo‘lmasa, ochiq bozordan kredit olsin. O‘zbekistonning 10 ming aholisini ish bilan ta’minlayapmiz deyotganlar ochiq bozordan kredit olsin. O‘zbekiston hukumati bizning nomimizdan 400 mln dollar kredit olarkan-da, ularga 5 foiz kredit liniyasini ocharkan, har bir kreditdan 3 foiz bizning zimmamizga tushadi. Hali 15 foizgacha bo‘lgan narx preferensiyasini gapirmayapman.
– O‘zi aynan shu masalada savol bermoqchi edim. Maishiy texnika ishlab chiqaruvchilarga davlat xaridlaridagi ishtiroki uchun 8 foizdan 15 foizgacha narx preferensiyalari berilyapti. Bu nimani anglatadi?
– O‘zi 15 foizlik narx preferensiyasi oldin ham bor edi, shu imtiyozni olish uchun davlat buyurtmasiga kamida 3 ta mahalliy ishlab chiqaruvchi da’vogarlik qilishi kerak edi. Endi bitta bo‘lsa ham kifoya. O‘zbekistonda raqobat muhiti bor deydigan mahalliy ishlab chiqaruvchilar o‘rtasida aslida raqobat yo‘q. Isitish qozonlari masalasida 3ta ishlab chiqaruvchini topa olmaysiz, shu sababli davlat buyurtmasini egallab olish uchun ishtirokchilar sonini bittaga tushirishdi. Qo‘shimcha ravishda importni rasmiylashtirishda QQSni to‘lashda yana yengillik berilyapti.
- To‘liq intervyuni Kun.uz'ning YouTube sahifasida tomosha qiling
Madina Ochilova suhbatlashdi.
Operator – Abduqodir To‘lqinov.
Montajchi – Muhiddin Qurbonov.