A-50 yo‘q qilinishi: Ukraina ruslarning uchib yuruvchi radariga qanday hujum qilgan?

Jahon 21:56 / 16.01.2024 24856

A-50 samolyoti urib tushirilgani haqida avvaliga 14 yanvar kuni ukrainalik, ko‘p o‘tmay rossiyalik blogerlar yozib chiqishdi. Keyingi kuni ertalab Ukraina qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Valeriy Zalujniy bu haqda rasman ma’lumot berdi. Qo‘mondon ruslarning Il-22M uchog‘i ham yo‘q qilingani haqida aytgandi, ammo ko‘p o‘tmay samolyot Anapa aeroportiga qo‘nishga muvaffaq bo‘lgani tasvirlangan suratlar tarqaldi.

Kadrlarda Il-22M uchishga imkon bermaydigan darajada zararlanganini ko‘rish mumkin. Keyinroq Ukraina qurolli kuchlari rasmiy vakili Yuriy Ignat ham samolyot jiddiy zarar ko‘rganiga qaramay, uchuvchilar uni qo‘ndira olganini tasdiqladi.

A-50 halokati haqida bir qator ukrainalik rasmiylar, shuningdek, Rossiya harbiy aviatsiyasiga aloqador odamlar xabar berdi. Rossiya mudofaa vazirligi o‘z yo‘qotishlarini doim ham tan olavermaydi. Ayrim hollardagina biroz vaqt o‘tgach ba’zi yo‘qotishlar haqida xabar beriladi. BBC tahliliga ko‘ra, Il-22M samolyoti zarar ko‘rgan holatda bo‘lsa-da, yerga qo‘ngani tasvirlari tarqalgani hisobga olinsa, A-50 chindan yo‘q qilingan degan xulosaga kelish mumkin. Agar bu uchoq «omon bo‘lganida» uning ham surati qayerdadir paydo bo‘lardi.

Kim otdi?

Samolyotlardan biri qanday yo‘q qilingani va ikkinchisiga qanday zarar yetkazilgani haqida aniq ma’lumot yo‘q. Tarmoqning ruscha segmentida tarqalgan versiyalardan biriga ko‘ra, Il-22M samolyoti Qrimga o‘tadigan Kerch ko‘prigini himoya qilayotgan havo hujumidan mudofaa tizimi o‘qidan zarar ko‘rgan.

Valeriy Zalujniy esa samolyotlarga hujumni maxsus operatsiya deb atadi. Bundan uchoqlar Ukraina hujumiga uchraganini bilish mumkin. Shunday bo‘lsa-da, ukrainlar qo‘mondoni operatsiya qay yo‘sinda amalga oshirilganini aytmagan.

Ukraina QK rasmiy vakili Yuriy Ignatga ko‘ra, asosiy nishon A-50 bo‘lgan, Il-22M esa shunchaki hujum ostida qolgan. Zalujniy o‘z telegram-kanalida bu ikki samolyotning trayektoriyalari aks etgan grafik video e’lon qildi. Unda samolyotlar radardan yo‘qolib qolganini ko‘rish mumkin. Grafikaga ko‘ra, uchoqlar Azov dengizi shimoli-g‘arbiy qismida, Primorsk rayoni hududida navbatchilik qilayotgan bo‘lgan.

A-50 MAKS aviasalonida

Ukrainlarning «Suspilne» nashri esa Il-22M Xersondagi Strelkova rayoni hududida, A-50 Zaporijjyadagi Kirillovka qishlog‘i hududida bo‘lganini yozgan. Har ikki hudud ham Qrim ko‘prigidan 130-140 km, front chizig‘idan taxminan 160 km uzoqlikda joylashgan. Rossiyaning S-400 tipidagi zenit raketa komlekslari bunday masofadagi nishonlarni Qrim ko‘prigidan turib yo‘q qila oladi. Ammo rossiyalik operatorlar A-50 kabi gigant samolyotni va Il-22M uchog‘ini ukrainlar samolyoti bilan adashtirib yuborishi qiyin masala. Shunday ekan, samolyotlar ruslar tomonidan yanglish hujumga uchragani haqida xabarlarga ishonish qiyin.

O‘z navbatida, operatsiyani ukrainlar amalga oshirgan bo‘lsa ham, buni qanday qurol bilan qilishgani noma’lumligicha qolmoqda.

Qanday urib tushirishgan?

Ruslarning ikki samolyotiga hujum qilingani haqida xabarlar chiqib, ulardan birining surati ham paydo bo‘lganidan keyin ko‘pchilik bitta qurol haqida gapira boshladi – Patriot zenit-raketa kompleksi. Hozirgacha Ukrainada Patriot batareyalaridan uchtasi borligi va ularda PAC-3 turkumiga kiruvchi raketalar ishlatilayotgani ma’lum. Bunday raketalar esa ko‘proq «Kinjal» tipidagi ballistik raketalarni tutishga moslashgan.

PAC-3 turkumidagi raketalar 40 km radiusda 20 km balandlikdagi nishonlarni urib tushira oladi, xolos. Patriot'ga moslashgan PAC-2 oilasidagi raketalar esa 25 km balandlikdagi nishonlarni 160 km radiusda ura oladi. Ukrainaga berilgan boshqa xorijiy qurollar ham, sovetlar davrida ishlab chiqarilgan raketalar ham bunday nishonni urib tushira olmagan bo‘lardi. Chunki front chizig‘i boshqa har qanday qurol bunday nishonni urib tushirishi uchun uzoqlik qiladi.

Bu nishonlarni urish uchun Patriot'ni ham front chizig‘iga maksimal yaqin olib kelish talab qilinardi. Bu esa kamyob va juda qimmat texnikani xavf ostida qoldirish degani. Bu xavfning ko‘lamini tushunish uchun – bitta Patriot tizimi 9 milliard dollar turadi. Undan otilgan har bir raketa 3 million dollarga tushadi.

Ukrainada sovetlar davrida ishlab chiqarilgan S-200 zenit-raketa komplekslari ham bor, lekin ular 10 yil avval qurollar safidan chiqarilgan. Qurolli kuchlar ulardan yerdagi nishonlarni yo‘q qilishda foydalanishga o‘tgan. Agar Ukraina bunday komplekslarni havodagi nishonlarni urish uchun jangovar holatga keltirgan bo‘lsa, uning yordamida 600 km radiusdagi nishonlarni urib tushirish mumkin. A-50 shu kabi eskirib qolgan raketa tizimlari uchun ham qiyin nishon hisoblanmaydi. Chunki u juda katta va kerakli darajada manyovr qila olmaydi.

Harbiy ekspertlar ilgari surayotgan yana bir versiyaga ko‘ra, ukrainlar hujum uchun MiG-29 va Su-27 qiruvchi samolyotlaridan foydalangan bo‘lishi mumkin. Ammo Rossiyada ishlab chiqarilgan bunday uchoqlar uchun Ukrainada aviaraketalar yo‘q. AQShda ishlab chiqarilgan F-16 samolyotlari esa hozircha Ukrainaga berilmagan.

Bundan tashqari, agar nishonlar qiruvchi samolyotlar yordamida yo‘q qilinganda, ular o‘z harakatlarini yashira olmagan bo‘lardi. F-16 qanday harakatlanishi ham ruslarga yaxshigina ma’lum. Chunki bunday qiruvchilar o‘z vaqtida Jukovskiydagi aviasalonda parvoz qilgan. Agar hujumda F-16 ishlatilganida bu haqda yoki ukrainlar yoki ruslar xabar qilgan bo‘lardi.

Rossiya Telegram-kanallarida Il-22M jiddiy zarar ko‘rgani tasvirlangan surat tarqaldi. Unda samolyotda kattagina teshiklar paydo bo‘lganini ko‘rish mumkin. Ular katta ehtimol bilan yerdan turib otiladigan zenit-raketa komplekslari o‘q-dorilaridan paydo bo‘lgan. Chunki aviaraketa bunday zarar yetkazishi qiyin.

Taktika

Ukraina Rossiya uchun juda muhim bo‘lgan samolyotni yo‘q qilishda qanday taktika ishlatgani aniq emas, ammo bu borada samarali bo‘lgan mavjud taktikalarni taxmin qilish mumkin.

Ukraina NATO razvedkachi-samolyotlarining ma’lumotlaridan foydalanadi. Ular Qrim va Rossiya janubidagi havo kengliklarini doimiy razvedka qilib boradi.

Yuriy Ignatning aytishicha, Il-22M ikkinchi darajali nishon bo‘lgan (suratda — Il-22, yoki Il-18 modifikatsiyalaridan biri)

Birinchidan, A-50 va Il-22 kabi samolyotlar havoga ko‘tarilganini sezish qiyin emas: ular juda katta va radar ekranlarida yaxshi ko‘rinadi. Ikkinchidan, A-50 tepasida katta aylana «likopcha» – «Shmel» radiotexnik radari bor bor. Bu radar radiosignal manbasi bo‘lib, uzoq masofadan ham yaxshi ko‘rinadi.

Odatda bunday samolyotlar raqib uchun jiddiy nishon bo‘lgani sabab front chizig‘iga yaqin uchmaydi. Urush uchun juda muhim bo‘lgan ikki samolyot hujumga uchraganiga qaraganda ular uzoq vaqtdan buyon bir xil yo‘nalish bo‘ylab harakatlangan. Yoki bir xil manzillarda patrullik qilgan.

Ular ma’lum voqealar sabab havoga ko‘tarilgan bo‘lishi ham ehtimoldan xoli emas. Masalan, Ukraina bo‘ylab dronlar va qanotli raketalar hujumi vaqtida. Masalan, ular bunday vaqtda Ukraina havo hujumidan mudofaa tizimlari faolligini kuzatishi mumkin.

Harakatlar shablonli ko‘rinish olgani esa ularga qarshi tuzoq tayyorlash imkonini yaratgan bo‘lishi mumkin. Masalan, ma’lum joyga zenit-raketa komplekslari o‘rnatish yoki qiruvchi samolyotni yuborish kabi.

A-50 qanchalik muhim samolyot?

Ko‘rgan zarariga qaraganda Il-22M hali-beri jangga qaytishi qiyin. Balki uni butunlay safdan chiqarishar ham. A-50 samolyotining taqdiri esa noma’lum. Ammo u ham safdan chiqqan, katta ehtimol urib tushirilgan ko‘rinadi. Aks holda, uning suratlari ham ijtimoiy tarmoqqa sizdirilgan bo‘lardi.

Bu samolyot Rossiya Havo-kosmik kuchlari uchun juda jiddiy yo‘qotish hisoblanadi. Chunki ruslarda bunday samolyotlar ko‘p emas. Bundan tashqari, hamma A-50 samolyotlari ham jangovar vazifalarni bajarada olmaydi. Razvedka maqsadida faqat maxsus ishlab chiqarilgan A-50U samolyotlaridan foydalanish mumkin. Oddiy A-50 samolyotlari harbiy vazifaga yaramaydi.

Rossiyada umumiy hisobda 10 ta A-50 samolyotlari bor ekani aytiladi. Military Balance'ga ko‘ra, ruslarda uchta A-50 va 6 ta A-50U bor.

A-50U uchib yuruvchi radar bo‘lib, raqibning yerdagi va havoda faolligini kuzatib boradi. Ular yerdagi lokatorlardan farqli o‘laroq, havoda ko‘proq hududni kuzatish imkoniga ega bo‘ladi. Bundan tashqari, zamonaviy radarlar yerdagi nishonlarni tuzoqlar bilan adashtirmay aniq ko‘ra oladi. A-50U samolyotiga o‘rnatilgan «Shmel» kompleksi aynan shu xususiyati bilan ajralib turadi.

Aynan mana shunday radarlar ruslarga Ukraina havo hujumidan mudofaa tizimlari, radarlar va otish tizimlari qayerda joylashganini bilish imkonini beradi. Ular Ukraina aviatsiyasi faolligini ham doimiy kuzatib boradi. Masalan, A-50 Azov dengizi ustida parvoz qilayotgan vaqtda Su-24 qiruvchi samolyotlari Storm Shaddow raketalari bilan parvoz qilishi juda qiyin, imkonsiz desa ham bo‘ladi.

A-50 amalda havo janglarini boshqarib, harbiy samolyot va vertolyotlar harakatlarini nazorat qiladi. Qo‘mondonlik punkti vazifasini bajaradigan bunday samolyotlar havo kengliklari haqida aniq ma’lumotni real vaqtda havo operatsiyalari qo‘mondonligiga uzatib turadi. Bunday ma’lumotlarsiz havo jangiga kirish qiyin.

2022 yil noyabr oyida rossiyalik harbiy ekspert Ilya Kramnik Rossiya havo--kosmik kuchlari yetarli muhofazaga ega bo‘lishi uchun kamida 20 ta A-50U samolyoti kerakligini aytgandi. Bu esa hozirgidan uch baravar ko‘p degani.

Urush boshlanganidan buyon ruslar A-50 samolyotlaridan yana birini diversiya sabab yo‘qotishgandi. 26 fevral kuni Belarusdagi Machulishchi aerodromida shunday samolyot dronlar hujumiga uchrab, safdan chiqqandi. Uning keyingi holati haqida ma’lumot berishmagan.

Il-22M qanday vazifa bajargan?

Urushda Il-22M samolyotining vazifasi to‘liq aniq emas. Bu Rossiya havo-kosmik kuchlari harbiy aviatsiya harakatlarini boshqargan qo‘mondonlik punkti bo‘lgani haqiqatga yaqin. Bu uchoq retranslyator vazifasini ham bajarib, havodagi signallarni yerdagi shtabga uzatib turgan bo‘lishi ham mumkin.

Military Balance ma’lumotiga ko‘ra, urush boshlanganda Rossiyada 12 ta Il-22M va 10 ta eskiroq modifikatsiyadagi Il-22 bo‘lgan. Ulardan biri 2023 yil iyun oyida vagnerchilar isyoni vaqtida urib tushirilgandi. Yana bir samolyot esa Ukraina hujumi vaqtida zarar ko‘rgan. Rossiya nashrlari o‘sha samolyot hujumidan keyin bazaga qayta olgani haqida yozgandi, lekin uning keyingi taqdiri aniq emas.

2018 yilda esa Suriya havo hujumidan mudofaa tizimi xatolik sabab Rossiyaning Il-18 asosida ishlab chiqarilgan Il-20 razvedkachi-samolyotini urib tushirgandi.

Ko‘proq yangiliklar: