«Bu juda katta jinoyat» – xorijlik va o‘zbekistonlik mutaxassislar duduqlanadigan bolani qo‘pol so‘zlar bilan davolash haqida

Jamiyat 12:02 / 14.01.2024 14076

Duduqlanib gapiradigan bolani davolashda qo‘pol so‘zlar ishlatgan pedagog ayol haqidagi video keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Bu holat nafaqat O‘zbekistonda, balki xorijda ham qattiq qoralanib, bolaga nisbatan zo‘ravonlik deya baholanmoqda.

6 yanvar kuni ijtimoiy tarmoqlarda bir ayol duduqlanib gapiradigan bolani qo‘rqitib davolayotgani aks etgan video tarqaldi. Bolalar ombudsmani bu bo‘yicha tezkor munosabat bilan chiqdi.

Aniqlanishicha, ushbu video tasvirdagi holat yakka tartibdagi tadbirkor, pedagog bo‘lib faoliyat yurituvchi ayol tomonidan 2023 yilning dekabr oyida Jizzax shahrida o‘tkazilgan seminarda olingan.

Bu holatda aks etgan usulda bolani davolash mumkinmi yo‘qligi, bundan treninglar qanday qonun-qoidalar asosida o‘tkazilishi mumkinligi yuzasidan boshqa biror tashkilotlar munosabat bildirmadi.

Ammo bu xorijlik mutaxassislar tomonidan keskin e’tirozlarga sabab bo‘ldi. Xususan, Rossiyadagi nutq markazlari tarmog‘i rahbari, 40 yillik tajribaga ega defektolog Natalya Shutova bu jinoyat ekanligini aytdi.

“Bola yig‘layapti, dodlayapti, unga yomon ta’sir qilyapti. U shundoq ham duduqlanib yashashdan azoblanyapti. Uni mehr bilan qo‘llab-quvvatlash kerak. Bu yerda bola battar kamsitilyapti, tahqirlanyapti.

Bugun bunaqa “shamanlar” gullab-yashnamoqda va odamlar ularga o‘zlarining bebaho boyliklar — farzandlarini olib kelishlari aql bovar qilmaydi. Men bilaman Rossiyada ham bor bunaqalar.

Duduqlanish — bu markaziy asab tizimining buzilishi. Bu miyaning ildiz va subkortikal tuzilmalari darajasida nutq funksiyasining jiddiy buzilishi bo‘lib, bu mutaxassislarning tizimli va chuqur ishlashini talab qiladi.

Bu videoda amal qilinayotgan narsa jinoyat! Bu bolaning shaxsiyatiga nisbatan zo‘ravonlik va muammoni yanada kuchaytiradi!

Bu kasallikni tuzatishda anatomiya, fiziologiya va psixologiya bilimlarga tayanish kerak. Bu bolalarning ruhiyatiga ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lamiz, chunki tabiatan u juda nozik va himoyasiz. Xuddi shu usullardan foydalangan holda, bolalarda patologik nuqsonli shaxs shakllanadi va duduqlanish faqat yomonlashadi!», — degan xorijlik mutaxassis o‘z videomurojaatida.

O‘zbekistonda defektologiya sohasining yetakchilaridan biri bo‘lgan Ubayda Fayziyeva ham bolalarni bunday yo‘l bilan davolash usuli fanda mavjud emasligini aytdi.

“Bunaqalar bu ishni biznesga aylantirgan. Bu juda katta jinoyat. Bolasining kamchiligi tufayli ota-ona qancha iztirob chekadi. Uni oldiga kelguncha bola qancha iztirob chekkan. Undan keyin bunaqa muomala bolaning ishonchini, qadriyatini yo‘qotadi.

Biz qaysi asrda yashayapmizki, bolaning nuqsoni tirik narsa ekan va uning ichidan shuni chiqarish kerak ekan. Bu mutlaqo noto‘g‘ri narsa.

Biz Rossiyadan qolishmaydigan darajada tajribaga egamiz, logopedlarimiz juda katta yutuqlarga erishyapti. Bu ayol shu ishi bilan bizni yer bilan yakson qildi. Men bunga mutlaqo qarshiman. 56 yillik tajribamda bunaqa narsani birinchi marta ko‘rib turibman. Bu usul bolani battar nogiron qilib qo‘yadi”, — dedi Ubayda Fayziyeva.

Mutaxassisga ko‘ra, bu xastalik bosh miya faoliyati bilan bog‘liq bo‘lganligi sababli uni bosim, zug‘um bilan emas, yumshoqlik bilan ishontirib bolaga ta’sir qilish yo‘li orqali tuzatish mumkin.

Gap bolalar va kelajak haqida borar ekan, mutaxassislarning so‘zlarini inobatga olgan holda tegishli tashkilotlardan ham bu borada mas’uliyat bilan yondashishlarini kutib qolamiz.

Ko‘proq yangiliklar: