2024 yilning ikkinchi savdo haftasi yetarlicha jo‘shqin o‘tdi. Hafta nafaqat fond bozori, balki jahon moliyaviy bozorlariga ta’sir etadigan turli xabarlarga boy bo‘ldi. Eng muhimlaridan biri, AQSh inflatsiya ma’lumotlari bozorni tebratib yubordi, chunki ushbu ko‘rsatkich bozor ishtirokchilarining optimistik prognozlaridan ham baland bo‘ldi – 3,4 foiz. Qimmatli qog‘ozlar va birja komissiyasi tomonidan Bitcoin ETF tasdiqlanishi ham bozorning tebranishiga olib keldi. Buning naijasida Bitcoin o‘sdi, ammo bir qator yirik invest fondlar va brokerlik xizmatlar (Vanguard, Merril Lynch (Bank of America), Citi, UBS va Edward Jones) bu ETF’ni xarid qilishda mijozlariga taqiq qo‘yishi natijasida Bitcoin juma kuni quladi. Hafta so‘ngida AQSh havo kuchlarining Yamanga uyushtirgan hujumlari himoya aktivlari sifatida ko‘riladigan oltinning o‘sishiga sabab bo‘ldi.
Jahon Insighs kanali ekspertlari 8 yanvardan 12 yanvargacha bo‘lgan davrda xalqaro moliya bozorida sodir bo‘lgan eng muhim voqealarni tahlil qilib chiqdi.
AQSh top fond bozorlari indeksi:
- S&P500: +1,84 foiz (yil boshidan +0,29 foiz);
- NASDAQ: +3,23 foiz (yil boshidan +0,04 foiz);
- DJI: +0,34 foiz (yil boshidan -0,26 foiz).
AQSh fond bozori indekslari o‘sish jarayonini qayta davom ettirdi. So‘nggi haftani TSh NASDAQ va S&P500 indekslari 527 va 87 punkt, Dow Jones indeksi esa 127 punkt o‘sish bilan yakunladi.
Asosiy qimmatbaho metallar:
- Oltin: +0,17 foiz (yil boshidan -0,67 foiz);
- Kumush: +0 foiz (yil boshidan -2,51 foiz);
- Alyuminiy: -2,44 foiz (yil boshidan -7,21 foiz);
- Mis: -1,63 foiz (yil boshidan -3,79 foiz).
Aksariyat qimmatbaho metallar (oltindan tashqari) pastlashuv tendensiyasini oldingi haftadan beri tugatgani yo‘q. Alyuminiy bir hafta ichida 55 dollarga, mis 6 sentga arzonlashib, kumush o‘zgarishsiz qoldi. Ammo, oltin beqaror va tinimsiz urushlar sababli o‘sish sur’atini taqdim etdi va 3,6 dollarga qimmatladi.
Neft
- WTI: -1,56 foiz (yil boshidan +2,03 foiz);
- BRENT: -0,58 foiz (yil boshidan +1,70 foiz).
Neft joriy hafta fletda harakatlanishini davom ettirdi, ammo oldingi hafta bilan solishtirganda qizil shamchiroq bilan yakunlandi. Xususan, neftning WTI markasi bir hafta ichida 1,15 dollarga, BRENT esa 46 sentga arzonlashdi.
Valutalar
- EUR/USD: +0,07 foiz (yil boshidan -0,81 foiz);
- USD/CNY: +0,38 foiz (yil boshidan +0,97 foiz);
- USD/TRY: +0,79 foiz (yil boshidan +1,74 foiz);
- USD/UZS: +0,36 foiz (yil boshidan +0,73 foiz);
- USD/RUB: -2,80 foiz (yil boshidan -1,10 foiz).
AQSh valuta indeksi haftani o‘zgarishsiz yopgani sababli valutalar turli mintaqada turli natija bilan yakun topdi. Masalan, USD/RUB va EUR/USD hafta mobaynida 2,8 va 0,07 foizga ko‘tarildi, lekin Osiyo mintaqasining USD/TRY, USD/CNY va USD/UZS'lar esa mos ravishda 0,79, 0,38 va 0,36 foizga arzonlashdi.
Kriptovaluta
- Bitcoin: -2,64 foiz (yil boshidan +2,1 foiz);
- Ethereum: +13,91 foiz (yil boshidan +11,86 foiz).
Kriptovaluta olami so‘nggi haftalarda katta sinov ostida hayot kechirmoqda. Bir necha bor urinishlar natijasida Bitcoin ETF rasman SES tomonidan tasdiqlanishi va birja savdolariga qo‘yib yuborilishi bozorda turli hissiyotlar hukm surishiga sabab bo‘ldi, ammo bir necha yirik institutsional investorlarning e’tirozi o‘sib ketayotgan Bitcoinʼni qulatdi. Shu tufayli, kriptovaluta hafta mobaynida 49 ming dollarga chiqqanidan so‘ng, juma juni 41 ming 500 dollargacha tushib ketdi. Lekin, Ethereum 13 foizdan ortiq o‘sib, haftani 2500 dollardan yuqorida yakunladi.
Bozorlar haqida qisqacha
AQShning so‘nggi inflatsiya ma’lumotlari yuqoriroq chiqishi, bozor ishtirokchilarining Federal zaxira tizimi (FZT) tomonidan foiz stavkalarini yaqin orada tushirish bo‘yicha umidiga shubha solib qo‘ydi. Bunga ko‘ra, FZT inflatsiyaga qarshi kurashda qattiq monetar siyosatini ko‘rsatkich 2 foizga yetmagunicha olib borishni va’da bergan va agarda shu jarayonda narx bosimi kuchayib, inflatsiya ko‘tarila boshlasa, aksincha, foiz stavkalarini ko‘tarishda davom etishini aytgan edi. So‘nggi hodisalar asosida shuni aytsa bo‘ladiki, inflatsiyaga qarshi kurash 2024 yilda ham davom etib, stavkalarni pasaytirish to‘g‘risida o‘ylashga juda ham erta hisoblanadi.
Eslatma! Taqdim qilingan ma’lumotlar muallifga tegishli bo‘lib, 8 yanvardan 12 yanvargacha bo‘lgan vaqt oralig‘idagi moliya bozorida yuz bergan o‘zgarishlar asosida tayyorlangan. Ushbu maqola investitsion maslahat emas.