Maishiy texnikalar importida ishlab chiqaruvchining rasmiy dileri bo‘lishi talab etiladi

Iqtisodiyot 13:26 / 13.01.2024 25980

“Elektrotexnika sanoatining ishlab chiqarish va eksport salohiyatini yanada oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi prezident qarori qabul qilindi.

Qarorga asosan, 2024 yil 1 fevraldan O‘zbekistonga olib kirishda sifati, xavfsizligi va servis kafolatini ta’minlaydigan ishlab chiqaruvchining vakolatli vakili yoki rasmiy dilerlari mavjud bo‘lishi talab qilinadigan mahsulotlar ro‘yxati tasdiqlandi. Ro‘yxatga quyidagilarga kiritilgan:

– alyumin radiator;
– suv isitish qozoni;
– suv isitkich;
– bug‘ qozoni;
– changyutkich;
– kir yuvish mashinasi;
– sovutkich, muzlatkich;
– televizor, monitor;
– maishiy gaz pechi;
– duxovka, pechka;
– mikroto‘lqinli pech,
– dazmol;
– suv qaynatkich;
– konditsioner;
– suv nasosi.

Elektrotexnika sanoatida amalga oshiriladigan investitsiya loyihalarini moliyalashtirish uchun 2024-2026 yillarda tijorat banklariga, ularning buyurtmasiga asosan 3 yillik imtiyozli davr bilan 10 yil muddatga, yillik 5 foiz stavkada 100 mln AQSh dollari miqdorida kredit liniyasi ochiladi. 

Bunda, banklar tomonidan tadbirkorlarga 3 yillik imtiyozli davr bilan 10 yil muddatga yillik 7 foiz stavkada (shundan 2 foiz bank marjasi) kreditlar ajratiladi. 

2027 yil 1 yanvargacha elektrotexnika mahsulotlarini sotishdan tushgan tushumi miqdori umumiy tushumining 80 foizidan kam bo‘lmagan elektrotexnika tarmog‘i korxonalariga foyda solig‘i va mol-mulk solig‘i bo‘yicha stavkalar 50 foizga kamaytiriladi. 

2024 yil 1 apreldan davlat xaridlari doirasida chet ellik yetkazib beruvchilar bilan bir qatorda mahalliy ishlab chiqaruvchilar ishtirok etganda ularga nisbatan import tovarlarining DDP (O‘zbekiston) narxidan quyidagi miqdorlarda narx preferensiyasi beriladi:

  • 3 ta va undan ortiq mahalliy ishlab chiqaruvchi ishtirok etgan taqdirda 15 foiz;
  • 2 ta mahalliy ishlab chiqaruvchi ishtirok etgan taqdirda 12 foiz; 
  • 1 ta mahalliy ishlab chiqaruvchi ishtirok etgan taqdirda 8 foiz.

2024 yil 1 fevraldan boshlab, elektrotexnika sanoati korxonalari tomonidan ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun xomashyo va butlovchi qismlarni import qilishda, shu jumladan 120 kun kechiktirib to‘lashda, QQSni hisobga olish imkoniyatini beruvchi tizimda bir vaqtning o‘zida istalgan miqdorda bojxona yuk deklaratsiyasini yuborish, import bo‘yicha QQSni birinchi navbatda soliq organlaridagi hisobga olinadigan QQS summasi hisobidan undirish, so‘ngra yetmagan qismi bo‘yicha undiruvni bojxona depozitidagi mablag‘larga qaratish tartibi joriy etiladi.

Shuningdek, bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev raisligidagi Investitsiyalarni jalb qilish, sanoatni rivojlantirish va savdoni tartibga solish masalalari bo‘yicha hukumat komissiyasiga 2027 yil 1 yanvarga qadar elektrotexnika sohasi korxonalarini qo‘shimcha qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha choralar ko‘rish vakolati berildi.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi hukumat komissiyasi qarorlariga asosan elektrotexnika sohasi korxonalarini qo‘shimcha qo‘llab-quvvatlash choralari uchun zarur mablag‘lar ajratib borishi kerak.

Qarorga asosan, 2024-2025 yillar uchun elektrotexnika tarmog‘ini rivojlantirish bo‘yicha quyidagi asosiy maqsadli ko‘rsatkichlar belgilandi:

  • misni qayta ishlash quvvatini 2024 yilda 140 ming va 2025 yilda 160 ming tonnaga yetkazish;
  • mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini 2024 yilda 30,8 trillion so‘mgacha va 2025 yilda 38 trillion so‘mgacha oshirish;
  • mahsulotlar eksport hajmini 2024 yilda 1,5 milliard AQSh dollari va 2025 yilda 2 milliard AQSh dollari miqdorida ta’minlash. 
Ko‘proq yangiliklar: