O‘zbekistonga maishiy texnika olib kirishda antidemping bojlari joriy etilishi mumkin

Iqtisodiyot 15:05 / 13.01.2024 20174

O‘zbekistonga maishiy texnika importi uchun antidemping bojlari qo‘llanishi mumkin. Gazeta.uz'ning yozishicha, bu – bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev boshchiligidagi hukumat komissiyasining 25 dekabrdagi 118-sonli komissiya bayonnomasida ko‘zda tutilgan.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Soliq qo‘mitasi va “O‘zeltexsanoat” uyushmasiga 2 oy muddatda xorijiy tajribadan kelib chiqqan holda, maishiy texnika vositalarini O‘zbekistonga import qilishda maxsus bojxona bojlarini (antidemping bojlari – o‘rtacha 10 foizlik) joriy etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish va Vazirlar Mahkamasiga kiritish topshirildi.

Antidemping boji – ishlab chiqaruvchi mamlakatning ichki narxlaridan past narxlarda, ya’ni dempingdan foydalangan holda import qilinadigan tovarlar uchun qo‘shimcha boj.

Bayonnoma bilan, shuningdek, Bojxona qo‘mitasiga respublikada ishlab chiqarishi o‘zlashtirilgan elektrotexnika va elektromaishiy mahsulotlar importi uchun bojxona to‘lovlarini hisoblashda xos stavka metodi qo‘llanishi (foizdagi asosiy stavkadan tashqari, miqdor uchun ham stavka qo‘llanadi, masalan, oynali konditsionerlar/split-tizimlarni import qilish uchun narxning 30 foizi miqdorida stavka qo‘llanadi, lekin bu mahsulotning har bir donasi uchun 50 dollardan kam bo‘lmasligi kerak) ustidan nazoratni zimmasiga olish buyurilgan.

Bojxona organlari, shuningdek, Texnik jihatdan tartibga solish agentligi tomonidan reglament talablari va standartlarga nomuvofiq deb topilgan elektrotexnika mahsulotlarini erkin muomalaga chiqarishni qat’iy taqiqlash choralari ko‘rilishi lozim.

“O‘zeltexsanoat” uyushmasi taklifi bilan elektrotexnika sohasida faoliyat yurituvchi yirik korxonalar va eksportyorlarni “vakolatli iqtisodiy operatorlar” ro‘yxatiga kiritish amaliyotini joriy etish ko‘zda tutilmoqda.

Mahalliy ishlab chiqaruvchilari uchun yanada ko‘proq imtiyozlar

Antidemping bojini joriy qilish harakatlari fonida O‘zbekistonda elektrotexnika mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida yanada ko‘proq imtiyozlar berish rejalashtirilmoqda.

  • elektrotexnika mahsulotlari ishlab chiqaruvchi mahalliy korxonalarning marketing tadqiqotlari va reklamaga doir xarajatlarni foyda solig‘i bo‘yicha soliq solinadigan bazadan 2 koeffitsiyent qo‘llangan holda chegirish;
  • yirik auditor va reyting agentliklarining sohada marketing va auditorlik o‘rganishlar olib borish bilan bog‘liq harajatlarini qoplash;
  • elektrotexnika tarmog‘i korxonalari, jumladan, servis xizmati ko‘rsatish korxonalari o‘z xizmatlarini bozor narxlaridan past qiymatda amalga oshirgan taqdirda, istisno tariqasida soliq oqibatlariga olib kelmaslik;
  • elektrotexnika mahsulotlari ishlab chiqaruvchilariga soliq va bojxona QQSlarini kechiktirib to‘lashda ularga hisoblanadigan Markaziy bankning qayta moliyalashtirish stavkasidagi foizlarni qo‘llamagan holda to‘lash muddatlarini 180 kungacha kechiktirib to‘lash mexanizmini joriy etish.

Bundan tashqari, elektrotexnika sohasida muddati tugayotgan amaldagi soliq va bojxona imtiyozlari muddatlarini o‘tish davrini hisobga olgan holda 2027 yil 1 yanvarga qadar uzaytirish bo‘yicha tegishli takliflar tayyorlash topshirildi.

Yirik xorijiy savdo tarmoqlariga kechiktirib to‘lash sharti asosida mahsulot eksport qilishda elektrotexnika sanoati korxonalari tomonidan xorijiy davlatlarda “faktoring” va “valuta kursini hedj qilish” xizmatlaridan foydalanish bilan bog‘liq xarajatlarni qoplab berish mexanizmini joriy etish bo‘yicha takliflar kiritiladi.

Shuningdek, respublikada ishlab chiqarilmaydigan elektrotexnika sanoati korxonalari uchun eksportga yo‘naltirilgan mahsulotlar ishlab chiqarish uchun import qilinadigan butlovchi qismlar va xomashyolarni import qilishdagi transport xarajatlarining 50 foizgacha bo‘lgan qismini ishlab chiqaruvchi eksportyorlarga yoki xalqaro transport yuk tashuvchi korxonalarga kompensatsiya qilish tizimini joriy etish so‘ralgan.

Shu bilan birga, Iqtisodiyot va moliya vazirligiga Soliq qo‘mitasi bilan birgalikda 2017−2022 yillar mobaynida tadbirkorlarga taqdim etilgan soliq imtiyozlarini qo‘llash (maqsadli yoki maqsadsizligi) bo‘yicha o‘rganish o‘tkazib, Vazirlar Mahkamasiga tegishli xulosa kiritish topshirildi. Gap investitsiyalar hajmidan kelib chiqqan holda 3 yildan 7 yilgacha muddatga elektrotexnika sanoatida yangi tashkil etilayotgan korxonalarga beriladigan imtiyozlar (korporativ daromad solig‘i, mol-mulk solig‘i, chegirmalar va boshqalar) haqida ketmoqda.

Bundan tashqari, eksportchi korxonalar ko‘rgazma-yarmarka tadbirlarida o‘z tashabbusi va mablag‘lari hisobidan qatnashgan hollarda ularning xarajatlari Eksportni rag‘batlantirish agentligi mablag‘lari hisobidan to‘liq qoplab berilishi, eksportchi korxonalar tomonidan elektrotexnika mahsulotlariga barcha turdagi hududiy va xorijiy mamlakatlarning mahalliy sertifikatlarini olish uchun qilingan xarajatlarini qoplash rejalashtirilmoqda.

Mas’ul vazirlik va idoralarga mahalliy sanoat tarmoqlarining import va eksport qilishdagi transport xarajatlarini optimallashtirish maqsadida har moliya yili avvalida yirik xalqaro logistika kompaniyalarining arzonlashtirilgan logistika kvotalari bron qilinishi bo‘yicha topshiriq berilishi kutilmoqda. Eksportni rag‘batlantirish agentligini kvotalarni sotib olish va taqsimlash uchun vakolatli davlat organi etib belgilash va kvotalarni sotib olish, taqsimlash va ulardan foydalanishni tashkillashtirish ishlarini mukofot puli eksportchi korxonalarga taqsimlanadigan kvotaning 1 foizidan ortiq bo‘lmagan miqdorda belgilash ko‘zda tutilmoqda.

Avvalroq, O‘zbekiston hukumati 2021-2022 yillarda import qilingan “shubhali” elektr jihozlarining kelib chiqish sertifikatlarini (ST-1) qayta tekshirishi xabar qilingandi.

Ma’lumot uchun, 2021 yilda ham elektrotexnika mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarga bir qancha imtiyozlar taqdim qilingandi. Xususan, 2021 yil 1 martdan elektrotexnika tarmog‘i korxonalariga MB asosiy stavkasining 1,5 baravaridan oshmagan miqdorda milliy valutada beriladigan kreditlarning 20 milliard so‘mgacha bo‘lgan qismining oshirilgan foizi MB tomonidan uch yilgacha kompensatsiya qilinishi (5 foizli punktdan ko‘p bo‘lmagan miqdorda) belgilangandi.

Shuningdek, Eksportni rivojlantirish agentligi tomonidan elektrotexnika sanoatidagi korxonalarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha quyidagi tadbirlarni amalga oshirish nazarda tutilgandi:

  • 2024 yil 1 yanvargacha elektrotexnika va elektromaishiy mahsulotlarni barcha mamlakatlarga eksport qilishda avtomobil, temiryo‘l va havo transportida tashish xarajatlarining 50 foizini, biroq mahsulotlar eksport qiymatining (transport xarajatlarisiz) avtomobil transportida 15 foizidan, temiryo‘l transportida 20 foizidan ko‘p bo‘lmagan miqdorda qoplashga subsidiyalar taqdim etilishi;
  • xorijiy valutadagi shartnoma shartlarini bajarish va yetkazib berilgan tovarlar (ishlar, xizmatlar) bo‘yicha kafolat muddatlarini ta’minlash yuzasidan mahalliy tijorat banklaridan kafolatlar olishda garov ta’minoti sifatida kafolat summasining 50 foizigacha, biroq 3 million AQSh dollaridan oshmagan miqdorda kafilliklar berish;
  • 2021 yil 1 apreldan 2024 yil 1 yanvargacha elektrotexnika mahsulotlarini sotishdan tushgan tushumi miqdori umumiy tushumning 80 foizidan kam bo‘lmagan elektrotexnika tarmog‘i korxonalariga foyda solig‘i va mol-mulk solig‘i bo‘yicha stavkalar 50 foizga kamaytirilgandi.
Ko‘proq yangiliklar: