Samarqand tumanida qotillik jinoyatini sodir etgan 34 yoshli yigitga sud hukmi o‘qilgan. Bu haqda Oliy sud matbuot kotibi xabar bermoqda.
Jinoyat ishi tafsilotlariga ko‘ra, 2023 yil iyul oyida Samarqand tumanida joylashgan qurilish obektida qorovul bo‘lib ishlab kelgan erkakning oldiga bir yigit kelgan va ular birga spirtli ichimlik iste’mol qilgan.
Shundan so‘ng qorovul va “mehmon” o‘rtasida janjal yuzaga kelgan. Oqibatda, mast holatda bo‘lgan yigit qorovulni kaltaklab, o‘ldirib qo‘ygan va voqea joyidan ketib qolgan.
Qorovulning jasadi voqea joyida uch kun qolib ketgan. Uni 2023 yil 15 iyul kuni qurilish obekti atrofida o‘ynab yurgan bolalar ko‘rib qolgan va bu haqda ichki ishlarga xabar bergan.
Tezkor surishtiruvlar davomida marhum qashqadaryolik ekani va qurilish obektida ishlab yurgani aniqlangan. Shuningdek, uni o‘ldirgan 1989 yilda tug‘ilgan yigit kuzatuv kameralariga tushib qolgan va 16 iyul kuni ushlangan.
Qayd etilishicha, holat yuzasidan bo‘lib o‘tgan sudda gumondor Jinoyat kodeksining 97-moddasi (qasddan odam o‘ldirish) 2-qismi “v” va “j” bandlari bilan aybdor deb topilgan.
Unga 15 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.