«Madam Klod» Turkiyadan O‘zbekistonga deportatsiya qilindi

Jamiyat 20:22 / 10.01.2024 37531

«Fahsh baronessasi» va «Madam Klod» laqablari bilan tanilgan, O‘zbekiston va Turkiya huquq-tartibot idoralari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir doirasida qo‘lga olingan o‘zbekistonlik Nilufar Mirxonova deportatsiya qilindi. Bu haqda O‘zbekistonning Istanbuldagi bosh konsulxonasi xabar berdi.

«Ushbu shaxsning xatti-harakatlaridan jabr ko‘rgan fuqarolardan O‘zbekiston Respublikasining Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasiga yoki O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligiga murojaat qilish so‘raladi», deyiladi xabarda.

O‘zbekiston IIV ma’lumotiga ko‘ra, 1989 yilda tug‘ilgan Nilufar Mirxonova Jinoyat kodeksining 135-moddasi 2-qismi «a», «v», «g», «z», «i» bandlarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etishda ayblanib, qidiruvga berilgan edi.

Bundan oldinroq O‘zbekistonning xalqaro qidiruvga berilgan 8 nafar fuqarosi Turkiyada qo‘lga olingani, ular orasida qo‘shmachilikda va odam savdosida ayblangan Nilufar Mirxonova ham borligi xabar qilingandi.

 

Ko‘proq yangiliklar: