Ekvadorni ostin-ustun qilgan isyon. Asosiy ma’lumotlar

Jahon 21:32 / 10.01.2024 27226

Qurollangan shaxslar 9 yanvar kuni Ekvadorning yirik port shahri bo‘lmish Guayakilda TC Television telekanali studiyasini egallab oldi. Bo‘layotgan ishlar butun mamlakat bo‘ylab namoyish etiladigan telekanal jonli efirida ketgan, deya xabar beradi Associated Press. Kunduzgi yangiliklar efirga ketishni boshlaganda niqob taqqan, to‘pponcha va uzun stvolli qurol ko‘targan shaxslar studiyaga bostirib kirgan. Telekanal xodimlaridan biri Leonardo Flores Moreno Reuters agentligi bilan suhbatda aytishicha, jinoyatchilar telekanal ofisiga portlovchi qurilma o‘rnatishgan. Bir necha xodimlar garovga olingan va turli joylarda ushlab turilgan, deya xabar bergan Ekvadordagi El Universo gazetasi politsiyaga tayanib.

TC efirida ko‘rsatilgan kadrlarga qaraganda, jinoyatchilar telekanal xodimlariga qurol o‘qtalgan holda tahdid qilib, polga yotishni buyurgan, jurnalistlardan birining kiyimi cho‘ntagiga portlovchi modda solib qo‘yilgan. Hujum qilganlar bir necha bor shunday deb takrorlashgan: «Hech qanday politsiya yo‘q!» Telekanal efirida chinqirish va o‘q ovozlari eshitilib turgan. «Biz efirdamiz, shuning uchun bilib qo‘yinglar, mafiya bilan o‘ynashish kerak emas», — deya hujum qilganlardan birining so‘zlarini keltirgan AP. Jinoyatchilar efirda paydo bo‘lganidan taxminan 15-20 daqiqa o‘tib telekanal translatsiyasi uzilgan.

Garovdagilarning barchasi ozod etilgan, telekanalga hujum vaqtida qurbon bo‘lganlar yo‘q. Jinoyatchilar bino atrofiga politsiyachilar yetib kelganida studiyani tark etishga kirishgan, deb xabar bergan AP muxbiriga telekanalning yangiliklar bo‘limi rahbari Aline Manrike. Politsiyachilar hujumda ishtirok etganlardan 13 nafarini qo‘lga olgan. Ularning yonidan portlovchi moddalar, ikkita to‘pponcha va boshqa qurollar topilgan. Telekanal qatorida boshqa nashrlarning ofislari ham joylashgan binodan 40 nafarga yaqin kishi evakuatsiya qilingan.

Televizion studiyani egallab olishda gumonlanib tutilganlar. 2024 yil 9 yanvar
Ecuadorean Police / Reuters / Scanpix / LETA
Ecuadorean Police / Reuters / Scanpix / LETA

9 yanvar kuni kechqurun TC telekanali efirga qaytgan. Kechki yangiliklar boshlovchisi jinoyat joyida tergovchilar ish olib borayotgani va dalillarni yig‘ayotgani haqida ma’lum qilgan. Hujum oqibatida telekanal operatorini oyog‘iga o‘q uzib yaralashgan, boshqa bir xodimning qo‘li sindirilgan.

Qo‘lga olinganlarning barchasi — 16 dan 25 yoshgacha bo‘lib, ular avval jinoiy javobgarlikka tortilmagan. Qo‘lga olinganlar orasida — voyaga yetmagan ikki shaxs hamda Venesuelaning bir fuqarosi bor. Qo‘lga olinganlarning barchasiga terrorizm bo‘yicha ayblov e’lon qilingan, ularga 13 yilgacha ozodlikdan mahrum etish jazosi tahdid solmoqda.

TC Television studiyasi joylashgan binodan evakuatsiya jarayoni
AFP / Scanpix / LETA

8 yanvar kuni kechqurundan buyon butun Ekvador bo‘ylab hujumlar seriyasi ro‘y bergan. Mamlakat poytaxti Kitoda, Machala shahrida va Los-Rios provinsiyasidagi uchta alohida holatda jinoyatchilar jami yetti nafar politsiyachini o‘g‘irlashgan. Machalada 9 yanvar kuni kechqurunga kelib uch nafar politsiyachi ozod etilgan.

Rasmiylarga ko‘ra, bir qancha joylarda — Esmeraldas va Los-Rios provinsiyalarida, Kito, Kuenka va Guayakil shaharlarida portlashlar ro‘y bergan. Bundan tashqari, OAV ma’lumotiga ko‘ra, Loxa va Machala shaharlarida portlash ovozlari eshitilgan. Hukumat portlashlarga nima sabab bo‘lganiga aniqlik kiritmagan, bu holatlar uchun javobgarlikni hech kim zimmasiga olmagan. Guayakil ma’muriyati shahardagi beshta shifoxona «egallab olingani» haqida xabar bergandi, ammo ko‘p o‘tmay, politsiya va harbiylar shaharda tartibni tikladi; u yerda aynan nimalar bo‘lgani aniq emas. Shuningdek, jinoyatchilar Guayakil universitetiga bostirib kirgani to‘g‘risida ma’lumot bor, ammo oliy ta’lim muassasasi buni inkor etgan.

9 yanvarning ikkinchi yarmida politsiyachilar TC telekanali qo‘lga olinishiga o‘xshash 29 ta jinoiy holatlarni qayd etgan. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, kun davomida hujumlar oqibatida sakkiz kishi halok bo‘lib, ikki kishi yaralangan, shuningdek ikki jinoyatchi o‘ldirilib, 14 nafari qo‘lga olingan.

Tartibsizliklar vaqtida Kitodagi do‘konlar kichik tirqish orqali savdo qilishdi. 2024 yil 9 yanvar
Galo Paguay / AFP / Scanpix / LETA

Ekvador prezidenti Daniel Noboa telekanal egallab olinganidan keyin mamlakatda «ichki qurolli mojaro» rejimini e’lon qilgandi. 2023 yil noyabrida hokimiyatga kelgan Noboa mamlakatdagi 22 ta uyushgan jinoiy guruhlar terrorchilik tashkilotlari deb e’lon qilingan farmonini imzolagan. 9 yanvar kuni kechqurun Noboa huquq-tartibot organlari va qurolli kuchlar rahbarlari bilan uchrashuv o‘tkazdi. «Biz terrorchi guruhlarga mamlakatdagi tinchlikni buzishga yo‘l qo‘ymaymiz», — deya yozgan ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida prezident yig‘ilishdan keyin. O‘zi esa omma qarshisida chiqish qilmagan.

Hukumat bu hujumlarni prezidentning Ekvadordagi jinoiy to‘dalar yetakchilari uchun qattiq qo‘riqlanadigan alohida qamoqxona qurish rejasiga javob sifatida ko‘rmoqda. Ekvador qurolli kuchlari birlashgan qo‘mondonligi rahbari, admiral Xayme Velaning hisoblashicha, hukumatning qaroridan keyin jinoiy guruhlar «aholini qo‘rqitish maqsadida zo‘ravonliklar to‘lqinini ko‘targan». Xayme Vela terrorchi deb e’lon qilingan barcha jinoiy guruhlar harbiylar nishonida ekanini qo‘shimcha qilgan.

Prezident 8 yanvar kuni Ekvadorda 60 kun muddatga favqulodda holat rejimini e’lon qilgandi. Bu qamoqxonalardagi tartibsizliklar va «Los Choneros» guruhi rahbari Adolfo Masiasning qochib ketishidan keyin bo‘lgandi. Mamlakatdagi bir qancha qamoqxonalardagi tartibsizliklardan keyin mahbuslar o‘z nazoratchilarini garovga olishgan. Ekvador qamoqxonalari boshqarmasi xizmati (SNAI) so‘nggi kunlarda garovga olingan qo‘riqchilardan 11 nafarini ozod etishga muvaffaq bo‘lingani, ammo qo‘riqchilar va ma’muriyat xodimlaridan iborat yana 139 kishi hamon garovda qolayotganini ma’lum qilgan.

Kuenkedagi Turi qamoqxonasida ko‘tarilgan isyon vaqtida tomga chiqib olgan mahbuslar. 2024 yil 9 yanvar
Xavier Caivinagua / AP / Scanpix / LETA
Guayakildagi qamoqxonalardan biriga yetib kelgan harbiylar. 2024 yil 9 yanvar
Vicente Gaibor del Pino / Reuters / Scanpix / LETA

Fito laqabi bilan tanilgan Adolfo Masias — mamlakatdagi eng xavfli guruhlardan biri bo‘lmish «Los Choneros»ning yetakchisi bo‘lib, Guayakildagi Litoral qamoqxonasidan qochib ketgan. U uyushgan jinoyatchilik, giyohvand moddalar savdosi va qotillikda ayblanib, 2011 yildan buyon uzoq muddatli qamoq jazosini (turli ma’lumotlarga ko‘ra, 34 yoki 36 yil) o‘tayotgandi. 44 yoshda bo‘lgan Adolfo Masias 7 yanvar kuni o‘z kamerasidan g‘oyib bo‘lgan, o‘shanda harbiylar uni qat’iy tartibli qamoqxonaga olib ketish uchun borgandi. Uch mingdan oshiq xodimlar Masiasni qidirib, qamoqxona hududini tekshirib chiqishadi, ammo uni topa olishmaydi. «Los Choneros» yetakchisi hozirda qayerdaligi noma’lum bo‘lib qolmoqda. Masias Litoral qamoqxonasidan qochib ketgani yoki hamon o‘sha yerda yashirinib yotgani oxirigacha aniq emas. Qo‘riqchilardan ikki nafari «Los Choneros» rahbarining qochib ketishiga aloqadorlikda gumonlanmoqda.

Favqulodda holat rejimi e’lon qilinganidan ko‘p vaqt o‘tmay Ekvadordagi yana bir yirik jinoiy to‘dalardan birining rahbari ham qamoqxonadan qochib ketgani ma’lum bo‘ldi. Riobambedagi qamoqxonadan qochgan mahbuslar guruhi orasida «Los-Lobos»ning Kapitan Piko laqabli yetakchisi Fabrisio Kolon Piko ham bo‘lgan. SNAI Kolon Piko haqidagi ma’lumotni tasdiqlagan — u qamoqxonadagi isyon chog‘ida qochib qolgan. Prokuratura ma’lumotiga ko‘ra, jami 39 mahbus qochib ketgan, hozirda ularning 17 nafari qo‘lga olingan.

Ekvadordagi tartibsizliklar tufayli Peru hukumati chegara hududida favqulodda holat e’lon qildi va chegaraga qo‘shimcha kuchlar yubordi. Braziliya, Kolumbiya va Chili Ekvador hukumatini qo‘llab-quvvatlashini bildirgan. Qo‘shnilar ekvadorliklar tartibsizlik va qonunsizlikdan qochib, chegarani buzib o‘tishidan xavotirlanmoqda.

Ekvador xavfsizlik kuchlari Kito markazidagi prezidentlik saroyi atrofida navbatchilik qilmoqda. 2024 yil 9 yanvar
Rodrigo Buendia / AFP / Scanpix / LETA

Ekvadordagi hujumlar — zo‘ravonlik jinoyatlarining navbatdagi cho‘qqisi bo‘ldi, deydi Associated Press bilan suhbatda Amerika xalqaro munosabatlar kengashi siyosatshunosi Uill Friman. «Bu burilish nuqtasi», — deb hisoblaydi u. Ekvadordagi jinoiy guruhlar giyohvand moddalar savdosi bilan shug‘ullanadi, bu esa ularni Kolumbiya va Meksikadagi kartellar bilan bog‘laydi. AP agentligi qayd etishicha, zo‘ravonliklar avj olishi 2021 yil fevralida qamoqxonalardagi tartibsizliklar bilan boshlangan (o‘shanda 460 dan ortiq kishi halok bo‘lgan) va 2023 yil avgustida, Kitoda mamlakat prezidentligiga nomzod Fernando Vilyavisensio otib ketilganida yangi darajaga chiqqan. Ekvador rasmiylari zo‘ravonlik avj olishini guruhlar o‘rtasida qamoqxonalar nazorati uchun kurash ketayotgani bilan bog‘laydi. Rasmiylarga ko‘ra, Ekvadorda 2018–2022 yillarda qotilliklar soni to‘rt barobar oshib ketgan. 2023 yilda esa 8008 kishi zo‘ravonliklar qurboni bo‘lgan.

Britaniyaning Financial Times gazetasi yozishicha, Ekvadorda so‘llar vakili Rafaele Korrea prezidentlik qilgan 2007–2017 yillarda mafiya gullab-yashnagan. Uning boshqaruvi vaqtida hukumat Ekvador portlari orqali Tinch okeaniga giyohvandlik moddalari olib o‘tilishiga ko‘z yumdi va asosiy e’tiborini mamlakat ichkarisida zo‘ravonlik jinoyatlarini kamaytirishga qaratdi. Ammo narkotrafik banditizmga yo‘l ochdi va Korreaning vorislari yuzga kelgan vaziyatni o‘nglay olishmayapti. 

Ko‘proq yangiliklar: