Meta Platforms o‘smirlarning Instagram va Facebook akkauntlarini zararli kontentdan, jumladan, o‘z a’zolariga zarar yetkazish, zo‘ravonlik tasvirlari va ovqatlanishning buzilishi haqidagi video va postlardan avtomatik ravishda cheklashni rejalashtirmoqda. The Wall Street Journal nashrining yozishicha, o‘zgarishlar yaqin haftalarda kuchga kiradi.
Bu texnologiya gigantining ijtimoiy media saytlarida yosh foydalanuvchilarni zararli kontentdan himoya qilish bo‘yicha joriy qilgan eng katta o‘zgarishlardir. Avvalroq, Qo‘shma Shtatlarning 40 dan ortiq shtati Meta kompaniyasini yoshlar uchun xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan kontent haqida jamoatchilikni chalg‘itgani bo‘yicha sudga bergan edi. O‘zgarishlar aynan shundan keyin joriy qilinmoqda.
18 yoshgacha bo‘lgan foydalanuvchi akkaunti, ro‘yxatdan o‘tish paytida kiritilgan tug‘ilgan sana asosida avtomatik ravishda eng cheklovchi kontent sozlamalariga joylashtiriladi. 16 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlarga shahvoniy mazmundagi kontent ko‘rsatilmaydi. Ilgari o‘smirlar kamroq cheklovli sozlamalarni tanlashi mumkin edi. Ammo endi yosh foydalanuvchilar ushbu yangi sozlamalardan voz kecha olmaydi.
Meta o‘smirlar uchun qaysi turdagi kontent mos kelmasligini aniqlash uchun o‘smirlar rivojlanishi bo‘yicha mutaxassislar bilan maslahatlashganini ta’kidlamoqda.
Meta bayonotiga ko‘ra, uning algoritmlari allaqachon o‘zining Video Reels and Explore sahifasida o‘smirlarga zararli kontentni tavsiya qilishdan qochmoqda. Yangi o‘zgarishlar tufayli bunday kontent endi o‘smirlarga o‘z tasmalarida va hikoyalarida ko‘rsatilmaydi.
O‘zgarishlar shu haftadan boshlab avtomatik ravishda o‘smirlar akkauntida qo‘llanishi kutilmoqda. Yangi yaratilgan o‘smir akkauntlari ham yoshiga mos kontent bilan cheklanadi.
O‘smirlar o‘z joniga qasd qilish, o‘z a’zolariga zarar yetkazish va ovqatlanish buzilishi bilan bog‘liq so‘zlarni qidirganda, Instagram va Facebook bunga taalluqli natijalarni yashiradi va o‘smirlarga yordam beruvchi mutaxassislar manbalariga yo‘naltiradi.