Oyga birinchi marta xususiy qo‘nish moduli uchirildi 

Fan-texnika 20:20 / 08.01.2024 16417

8 yanvar kuni AQSh Florida shtatidagi Kanaveral burni kosmodromidan Peregrine qo‘nuvchisini o‘z ichiga olgan Vulcan Centaur raketasi koinotga uchirildi. 

Ushb ekspeditsiyani Ilon Mask va uning Space X kompaniyasi bilan fazoni xususiy tadqiq qilish bo‘yicha raqobatchilari tashkil qilgan. 

United Launch Alliance kompaniyasining ulkan Vulcan Centaur raketasi Astrobotic Technology tomonidan ishlab chiqarilgan Peregrine 1 zondini Oyga olib ketdi. 

Peregrine — Oyga qo‘nuvchi qurilma bo‘lib, xususiy kompaniya tomonidan Yer tabiiy yo‘ldoshi yuzasiga qo‘ndirilgan birinchi qurilma bo‘lishi kutilmoqda. 

Peregrine 23 fevral kuni Gruytuyzen krateriga qo‘nishi rejalashtirilgan. Bo‘yi taxminan 2 metr, eni 2,5 metr kattalikdagi modul Oyga turli yuklarni, jumladan NASA uchun ilmiy asboblarni, Everest tog‘idan olingan toshni, shuningdek, «Yulduzli yo‘l» seriali yaratuvchisi Jin Roddenberri va fantast yozuvchi Artur Klark hokini olib boradi. 

Ilmiy yuklardan tashqari, Peregrine ramziy va madaniy ahamiyatga ega bo‘lgan ko‘plab obektlarni Oy orbitasiga olib chiqadi. Ular orasida echki va qutb qushi DNK, 33 nafar san’at namoyondasi qoni namunalari, yuzlab tasvirlar, she’rlar va musiqalar, xaritalar, daryo va okean suvi bor. 1 bitkoinni ifodalovchi dumaloq plastinka ham Oyga yo‘l olgan. 

Vulcan Centaur raketasi ishlab chiqaruvchi Astrobotic Technology o‘rtasida Peregrine Mission One (loyihaning rasmiy nomi) bo‘yicha kelishuvga 2017 yilda erishilgan, ammo uchish sanasi bir necha bor o‘zgargan. 2023 yil dekabrda Astrobotic rahbariyati modul «uchirish va qo‘nishga tayyor» ekanini e’lon qildi. Rejaga ko‘ra, modul Oyda kamida 192 soat ishlaydi. 

May oyida, agar hammasi rejadagidek bo‘lsa, Xitoyning «Chan-6» oyyurari Oyga uchadi. 

Bu yil yozda insonning Oyga birinchi marta qo‘nganiga 55 yil to‘ladi. 

Noyabr oyida NASA Oyga o‘zining VIPER zondini yuborishni rejalashtirmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: