Yevropada qishning eng ko‘p kutilayotgan 10 transferi

Sport 13:02 / 07.01.2024 18175

Yanvar – transferlar vaqti. Bu vaqtda Yevropa klublari muammoli pozitsiyalarga yangi futbolchilarni taklif etib, mavsumning birinchi qismida yuzaga kelgan muammolarini hal qilib olishi mumkin. Yoki yozda e’lon qilinadigan transferlar bo‘yicha kelishuvga erishib olinadi. Quyida bu safargi qishki transferlar oynasida qanday o‘tishlar kutilayotgani haqida.

Kilian Mbappe: «PSJ» → «Real»

2024 yil kirib kelishi bilan Kilian Mbappe klublar bilan yozgi transfer uchun muzokara olib borish huquqiga ega bo‘ldi: fransuz hujumchisining «PSJ» bilan shartnomasi muddati 30 iyunda yakunlanadi, ammo unda shartnomani uzaytirish bo‘yicha band ham bor, shuning uchun forvardning kelajagi hamon mavhum bo‘lib qolmoqda. Kutilganidek, OAVda «Real» tomonidan qiziqish to‘g‘risidagi xabarlarning yangi to‘lqini boshlandi.

Kilian Mbappe. Foto: Getty Images

Bu haqdagi ilk xabarlar 29 dekabr kuniyoq chiqishni boshlagandi. Marca madridliklar klubi Kilian bilan yanvarning ilk kunlarida muzokara o‘tkazib, 2022 yil boshidagi takliflarini takrorlashi haqida yozdi. Florentino Peres Mbappega 26 million yevro miqdorida yillik maosh va shartnoma imzolashga rozi bo‘lishi uchun 130 million yevrolik bonus taklif etishi aytildi. Katta ehtimol bilan, bu yakuniy taklif bo‘ladi: «Real» kiyim almashtirish xonasidagi muhitni buzmaslik uchun, unga haddan ortiq maosh taklif qilmoqchi va raqobatchilar bilan poygada qatnashmoqchi emas. Shu bilan birga, klub masala shu oydayoq uzil-kesil hal bo‘lishini istaydi.

Agar Mbappe Peresning taklifini yana bir bor rad etsa, «Real»dagilar Kilian nomzodini butkul unutadi. Madridliklar prezidenti bu holatda Erling Holandga e’tibor qaratdi, Florentino uni fransuz hujumchisi bilan bir xilda baholaydi.

Jurnalistlar yana Karlo Anchelottidan Mbappe haqida so‘rashni boshlashgan. Italiyalik mutaxassis OAV vakillarining savollarini qo‘lidan kelguncha qaytarmoqda: «Siz [savol bergan jurnalistga qarata] men bu haqda gapirmasligimdan xabardor bo‘lmagan yangilardan bo‘lsangiz kerak. Men bu mavzuga to‘xtalmayman».

Shu bilan birga, Kilianning onasi Fayza Lamari Madrid bilan hozirgi muzokaralardan norozi ekani haqida xabarlar tarqalgan. Bu ko‘p jihatdan ispan matbuotida Mbappega ultimatum qo‘yadigan Peresning tajovuzkor muzokara uslubi haqida turli insaydlar chop etilishi bilan bog‘liq. Fayza bunday maqolalar «Real» prezidenti buyurtmasi bilan yozilayotgani va uning o‘g‘liga bosim o‘tkazayotganini aytmoqda. Keyinroq madridliklar bosh direktori Xose Anxel Sanches Fayzani tinchlantirgani va u bilan ochiq muzokaralarga kirishgani haqida xabarlar paydo bo‘ldi.

Hozircha matbuotda «Real»ning Mbappe uchun poygadagi yagona raqobatchisi haqida xabar chiqqan — bu «Liverpul». Mersisaydliklar ushbu fransuzni Muhammad Saloh uchun munosib o‘rinbosar bo‘ladi deb hisoblamoqda — misrlik hujumchining shartnomasi 2025 yilda yakuniga yetadi, ammo u jamoani shu yil yozidayoq tark etishi mumkin: 31 yoshli vingerga Saudiya Arabistonidan qiziqishlar bor.

«PSJ»dagilar esa, albatta, Mbappeni qo‘yib yuborishni istamaydi. L'Equipe xabariga ko‘ra, poytaxt klubi bu masalada optimistik kayfiyatda va Kilian jamoada o‘zini baxtli his qilayotganiga ishonchi komil. Ular fransuz klub bilan shartnomani uzaytiradi va u hech qayerga ketmaydi, deb hisoblamoqda. Parijliklar uchun Mbappe — asosiy aktiv, uni asosiy yetakchiga aylantirish uchun Neymar va Messi bilan xayrlashilgan. Qolaversa, Mbappe ketadigan bo‘lsa, «PSJ»da superyulduzlar qolmaydi, Holand kalibridagi boshqa futbolchilar esa  APL yoki «Real» va «Barselona»ga o‘tishni afzal ko‘radi.

Meyson Grinvud: «Manchester Yunayted» → «Barselona»/«Atletiko»

Meyson Grinvud. Foto: DENIS DOYLE/GETTY IMAGES

«Manchester Yunayted» tarbiyalanuvchisi sevgan qiziga jismonan kuch ishlatgani bilan bog‘liq mojaro tufayli bir yarim yil o‘ynay olmadi. Yakunda sud jinoiy ishni yopdi va Meyson futbolga qaytdi. Ammo «MYu» Grinvudni shubhali reputatsiyasi tufayli jamoada qoldirmadi va «Xetafe»ga ijaraga berib yubordi. Ispaniyada ushbu angliyalik ajoyib davra o‘tkazdi: 16 o‘yinda besh gol va to‘rt assist. Endi Grinvudga ispanlarning ikki grandi – «Barsa» va «Atletiko» qiziqish bildirmoqda, deb xabar qilgan Metro va The Sun nashrlari. Kataloniyaliklar forvard uchun 46 mln yevro to‘lashga tayyorligi aytilmoqda.

Jyeydon Sancho: «Manchester Yunayted» → «Borussiya» D

«Manchester Yunayted» vingeri Jyeydon Sancho ijara asosida «Borussiya»ga o‘tadi, deya xabar bergan jurnalist Fabritsio Romano. 2021 yilda mankunianliklar ushbu ingliz futbolchisini aynan dortmundliklar klubidan sotib olgandi. Ijara kelishuviga ko‘ra «Borussiya» mavsumning qolgan qismi uchun «MYu»ga 3 mln yevro to‘laydi va futbolchining maoshini ham o‘z zimmasiga oladi. Muzokaralar jadallik bilan olib borilmoqda, «Borussiya» vakillari futbolchi yaqin vaqtlar ichida jamoaga qo‘shilishini istamoqda. Sancho 2023 yil avgust oyi oxirida bosh murabbiy Erik ten Hag bilan janjallashib qolgach, «MYu»ning asosiy tarkibidan tushib qolgandi.

Rafael Varan: «Manchester Yunayted» → «Al-Ittihod»/«An-Nasr»

Rafael Varan. Foto: CLIVE BRUNSKILL/GETTY IMAGES

2018 yilgi jahon chempioni va «Real» safida to‘rt bor YeChL g‘olibiga aylangan futbolchi baribir «Manchester Yunayted» yetakchisiga aylana olmadi. Ushbu fransuz futbolchi ham bosh murabbiy Erik ten Hag bilan kelishmay qolgan. Varan APLni tark etishga qarshi emas. «Real» ham markaziy himoyachilari jarohat olib safdan chiqqani uchun, Rafaelni qaytarish variantini ko‘rib chiqqandi, ammo futbolchining yoshi (31) hisobga olinsa bu qaytish amalga oshishi ehtimoli kam. Jurnalist Ben Jyeykobs Varanga Saudiyaning «Al-Ittihod» va «An-Nasr» klublari qiziqayotgani haqida xabar bergan. Ikki jamoa safida ham fransuzning «Real»dagi sobiq jamoadoshlari to‘p surmoqda: Karim Benzema va Krishtianu Ronaldu. Varan kim bilan yana bir jamoada bo‘ladi, buni vaqt ko‘rsatadi.

Konor Gallaher: «Chelsi» → «Tottenhem»

Konor Gallaher. Foto: NAOMI BAKER/GETTY IMAGES

Dekabr oyi boshlarida «Chelsi» tarbiyalanuvchisi klubni tark etishi mumkinligi haqida xabarlar tarqaldi va bunday xabarlar hamon tingani yo‘q. Jurnalist Ben Jyeykobsga ko‘ra, yarimhimoyachi uchun asosiy da’vogar «Tottenhem» bo‘lib turibdi. «Chelsi» Gallaherni qishda markaziy hujumchi («Brentford»dan Ayven Touni yoki «Napoli»dan Viktor Osimhen) olishni istayotgani va shu bilan birga moliyaviy feyr-pley qoidalarini buzmaslik uchun sotmoqchi, jamoa uni so‘ralgan pul to‘lansa, ashaddiy raqiblaridan biriga sotishga ham tayyor. «Ko‘klar» 23 yoshli futbolchisini 50-55 mln yevroga baholagan, «shporlar» esa 40 mln yevro bermoqchi. Shu bilan birga, futbolchining o‘zi ham, bosh murabbiy Maurisio Pochettino ham transferga qarshi - u jamoaning mavsumning birinchi qismidagi eng yaxshi futbolchilaridan biri bo‘ldi va jamoa sardorlaridan biriga aylandi. Ammo barchasi rahbariyatga bog‘liq.

Leonardo Bonuchchi: «Union» → «Jyenoa»

Leonardo Bonuchchi. Foto: LARS BARON/GETTY IMAGES

«Yuventus» afsonasi Germaniyaga 2023 yil yozida yo‘l olgandi. Berlinning «Union» klubi Chempionlar ligasida qatnashishi tufayli tarkibini top himoyachi bilan kuchaytirgandi. Ammo Bonuchchi yakunda jamoani kuchaytira olmadi. «Union» yevrokubokda muvaffaqiyatsizlikka uchrab, guruhda so‘nggi o‘rinda qolib ketdi, Bundesligada esa 10 o‘yindan oshiq davom etgan g‘alabasiz seriya qayd etib, hozirda turnir jadvalida 15-o‘rinda bormoqda. Joriy mavsumda himoyachi barcha turnirlar doirasida 10 o‘yinda maydonga tushib, bitta gol urgan. Jurnalist Nikolo Shira xabariga ko‘ra, Bonuchchi A Seriyaga qaytishga yaqin. Unga asosiy da’vogar – «Jyenoa» bo‘lib turibdi. Leonardo Italiya milliy jamoasi bilan Yevro-2024 da ishtirok etish uchun doimiy o‘yin amaliyotiga ega bo‘lishni istamoqda.

Kalvin Fillips: «Manchester Siti» → «Nyukasl»

Kalvin Fillips. Foto: Getty Images

Angliya milliy jamoasi tayanch yarimhimoyachisi 2022 yil yozida 49 mln yevro evaziga «Lids»dan «Manchester Siti»ga o‘tgandi. Ammo Fillips «shaharliklar»ning asosiy tarkibi futbolchisiga aylana olmadi va faqat kubok o‘yinlarida tushirilmoqda. The Telegraph xabariga ko‘ra, «Nyukasl» uni ijaraga olishni rejalashtirmoqda. «Qarg‘alar» imkon qadar tezroq kelishuvga erishmoqchi, chunki futbolchiga boshqa bir necha klub ham da’vogar: «Yuventus», «PSJ», «Everton» va «Kristal Pelas». «Nyukasl» jarohatlar tufayli kadrlar muammosiga duch kelgan va bu klubda ingliz futbolchisi ko‘proq o‘yin amaliyotiga ega bo‘lishi kafolatlangan. Shunday ekan, bu barcha tomonlar uchun manfaatdor kelishuv bo‘lishi tayin.

Artyom Dovbik: «Jirona» → «Barselona»/«Atletiko»

Artyom Dovbik. Foto: Getty Images

«Barselona» va «Atletiko» Meyson Grinvuddan tashqari yana bir futbolchi uchun raqobatlashmoqda. Jamoalar mavsumning sensatsiya jamoasi – «Jirona» forvardini ko‘z ostiga olishgan. Jurnalist Akram Konurga ko‘ra, kataloniyaliklar va madridliklar Artyom Dovbikka qiziqish bildirmoqda. 26 yoshli ukrainalik APL klublarining ham nazariga tushgan. Dovbik joriy mavsumda «Jirona» safida 18 o‘yinda maydonga tushib, 11 gol urgan va to‘rt assist muallifiga aylangan. Kataloniyaliklar turnir jadvalida «Real» bilan bir xil ochko to‘plagan holda qo‘shpeshqadamlik qilmoqda. Shu bilan birga, Artyom bu qishda klubini o‘zgartira olmaydi – u allaqachon bu mavsumda ikki klub uchun maydonga tushib qo‘ygan (u avgust oyida «Dnepr»dan transfer qilingandi). Shu tufayli, qishda biror klub bilan kelishuvga erishilsa ham, u yangi klubidagi debyutini faqat yozda amalga oshirishi mumkin bo‘ladi.

Seru Girassi: «Shtutgart» → «Bavariya», «MYu»

Seru Girassi. Foto: Getty Images

«Bavariya» hujum chizig‘ida Harri Keynga sherik qidirmoqda. Jurnalist Kristian Falkning xabariga ko‘ra, myunxenliklar «Shtutgart» forvardi Seru Girassiga qiziqmoqda, «Bavariya» futbolchini sotib olishni istamoqda. Futbolchi qishda olib kelinishi ham, yozda olib kelinishi ham mumkin, mavsum yakunida uning transferi uchun 20 mln yevrolik band ishga tushadi. Joriy mavsumda 27 yoshli Seru Bundesliga doirasida 14 o‘yinda maydonga tushib, 17 gol urgan va bir golga assistentlik qilgan. «Shtutgart» hujumchisi — Germaniya chempionatida ikkinchi to‘purar bo‘lib turibdi. Undan ko‘proq golni myunxenliklarning asosiy hujumchisi Keyn urgan (21). Shu bilan birga, hujumchiga «MYu»dan ham qiziqish bor. Lekin inglizlarda hujum chizig‘i uchun boshqa variantlar ham bor – klubdagilar Girassidan tashqari Timo Verner va Tomas Myuler atrofidagi vaziyatni ham kuzatib borishmoqda.

Jan-Kler Todibo: «Nitssa» → «Chelsi»/«Tottenhem»/«Manchester Yunayted»

Jan-Kler Todibo. Foto: ERIC VERHOEVEN/GETTY IMAGES

Avvalroq «Barselona» a’zosi bo‘lgan, so‘nggi mavsumlarda «Nitssa» safida o‘ynab kelayotgan ushbu himoyachi APLning top-klublari nazariga tushdi. FootMercato xabariga ko‘ra, «Chelsi», «Tottenhem» va «Manchester Yunayted» klublari rahbarlari ushbu fransuz futbolchisini olib kelishni istamoqda. «Ko‘klar» Todibo bo‘yicha muzokaralarga kirishgan, ular himoyachini yanvardayoq qo‘lga kiritmoqchi. «Tottenhem» esa to‘laqonli taklif yuborib bo‘lgan, futbolchi ham «shporlar» loyihasiga qiziqish bildirmoqda, ammo klublar hali kelishuvdan uzoqda. «MYu» vaziyatni kuzatishda davom etmoqda. Yakunda Todibo mavsumni qaysi klubda davom ettirishi oy oxirigacha aniq bo‘ladi.

Ko‘proq yangiliklar: