«Real» qiynaldi, «Jirona» yana iroda ko‘rsatdi. Kun o‘yinlari yakunlari

Sport 14:03 / 04.01.2024 18949

Ispaniya chempionatida birinchi davraning so‘nggi tur o‘yinlari o‘tkazilmoqda. Madrid va Kataloniya klublari o‘rtasida quvlashmachoq davom etadi.

Xarakter va standartlar

«Real» – «Mallorka» 1:0 (0:0, 1:0)
Gol:
1:0 – 78 Ryudiger.
«Real» – Lunin, Karvaxal, Ryudiger, Tchuameni, Fran Garsiya, Modrich (Sebalos, 86), Kroos (Xoselu, 67), Valverde, Bellinghem, Vinisius Junior (Braim Dias, 60), Rodrigo (Vaskes, 86).
«Mallorka» – Raykovich, Maffeo, Nastasich, Railo, Gonsales, van der Heyden (Toni Lato, 46), Sanches (Ndiayye, 83), Dani Rodriges (Darder, 73), Morlanes (Maskarel, 73), Samu Koshta, Larin (Prats, 73).
Ogohlantirishlar: van der Heyden (1), Rodrigo (35), Lunin (45), Nastasich (61), Maffeo (70).

Angliyada «Liverpul» «Arsenal»ni ortda qoldirib ketdi, ammo mavsumning ikkinchi qismida yanada kuchayadigan «Manchester Siti»ning nafasini his qilmoqda. Italiyada «Yuventus» «Inter»ni oldinga qo‘yib yubormayapti. Fransiyada «Nitssa» va «Monako» kurashib ko‘rdi, ammo «PSJ» baribir yana chempion bo‘ladigan. Bir so‘z bilan aytganda, barcha chempionatlarda odatiy holat kuzatilmoqda va hatto Germaniyada ham — «Bayyer»ga hurmat saqlagan holda aytish mumkinki — «Bavariya»ning ortdan quvuvchi roli hech kimni ajablantirmayapti.

Bunday holatlar myunxenliklarning shonli davrlarida ham kuzatilgan, Tomas Tuxel jamoasi o‘tgan mavsumda ham uzoq vaqt davomida turnir peshqadami bo‘lib turgan «Borussiya»ni so‘nggi turlarda quvib o‘tgandi. Bu mavsumdagi «Bavariya» bilan ham kurashish mumkin va kerak, shunday ekan, top-5 ligalardagi oltin uchun eng qiziqarli poyga Ispaniyada kuzatilmoqda. La ligada ikki jamoa chempionlik uchun kurashishi odatiy holat, ammo gap bu kurashda kimlar ekanida.

Aniqroq aytganda — kim «Real»ni xotirjam bo‘lishga qo‘ymayotganida. Bu raqib beqaror o‘ynay olmayotgan va safar o‘yinlarida qoqilayotgan «Atletiko» emas, Diyego Simeone jamoasi qatorasiga uch safar o‘yinida yutqazdi. Va jarohatlardan aziyat chekayotgan va Xaviga ishonishda davom etayotgan «Barselona» ham emas, balki hozirdan mavsumning eng katta sensatsiya jamoasiga aylangan va klub rekordlarini yangilab, hamon yuqori sur’atda o‘ynashda davom etayotgan «Jirona»dir.

Yangi yildagi ilk o‘yin oldidan jarohatlanganlar qaytgani Karlo Anchelottini xursand qildi. Karvaxal bir oylik tanaffusdan keyin maydonga qaytdi, Vinisius Junior esa undan ham ko‘proq vaqt mobaynida jamoaga yordam bera olmagandi. Ularning ikkisi ham «Mallorka»ga qarshi o‘yinda boshlang‘ich tarkibdan o‘rin oldi, holbuki «Real» bosh murabbiyi braziliyalik futbolchining tayyorligiga shubha bilan qarayotgandi. Karvaxal uchun o‘yin noxush epizod bilan boshlandi. Hakam hushtagini chalishi bilan ispaniyalik o‘ng qanot himoyachisining yuziga van der Heyden tirsak bilan zarba berib yubordi. Belgiyalik futbolchi katta ehtimol bilan la ligadagi eng tezkor sariq kartochkani ishladi – o‘yin startidan bir necha soniya o‘tganida.

«Real» o‘yinning 70 foiz vaqtida to‘pga egalik qildi, «Mallorka» esa 5-4-1 sxemasi bo‘yicha o‘rta yoki quyi blokda himoyalandi. Futbolchilar zich, uyushgan holda joylashib, qattiq kurash taklif etishdi. Qaymoqranglilar oldinda bo‘sh  zonalar topishda qiynaldi. «Real» faqat 13-daqiqaga kelibgina raqib jarima maydoni ichida to‘p bilan muomila qilishga erishdi va birinchi zarba berildi – buni Bellinghem uddaladi. Ammo Modrichning uzatmasidan keyin Judning bosh bilan bergan zarbasi xato ketdi. Ilk xavfli hujum esa bo‘lim o‘rtalarida amalga oshirildi, bu safar ham Modrich assistentlik rolini a’lo darajada bajardi, Vinisiusning 10 metr masofadan yo‘llagan zarbasi ustun yonidan o‘tib ketdi. Qolgan vaziyatlarda hali yaxshi formasiga qayta olmagan Vinisius yetarlicha keskin harakat qilmadi va asosan hakam bilan tortishuvlari orqali yodda qoldi.

«Mallorka» esa markaziy himoyachilar ortiga to‘p tashlab berish orqali vaziyatlar yaratdi. Bo‘lim oxirida esa mehmonlar hisobni ochishga juda yaqin kelishdi, Morlanes havoda to‘p uchun kurashda Fran Garsiyadan ustun keldi, ammo uning zarbasi avvaliga to‘singa tegdi, yerga cho‘pchib yana darvoza to‘riga yo‘l olgan to‘pni Lunin ushlab oldi.

Shunday tasavvur uyg‘ondiki, qisqa yangi yil ta’tili «Real»ning foydasiga bo‘lmagan. Maydonda ishlar shu kunlarda shartnomasini yangilagan Anchelottini qoniqtirmayotgani ko‘rinib turardi. Madridliklar tezligi pasaygan va yo‘qotilgan to‘pni qaytarib olishga ham ishtiyoq sezilmasdi. Tanaffusga qadar «Real» xG bo‘yicha atigi 0,46 gol ko‘rsatkichini qayd etishdi. Ikkinchi bo‘lim debyutida esa mezbonlar yanada sust harakat qilishdi. Epizodlardan birida madridliklarning omadi keldi – shu kuni majburan markaziy himoyachiga aylantirilgan Tchuamenidan o‘tgan Koshta kuchli zarba yo‘lladi, ammo to‘p ustunga tegdi. Shundan keyin Anchelotti Vinisiusni maydondan olishga qaror qildi.

«Real» mruabbiyi Dias va Xoselu hisobiga hujum chizig‘ini kuchaytirishga harakat qildi. Ikkinchi bo‘lim o‘rtalarida ular o‘yindagi eng yodda qolarli vaziyatda ishtirok etishdi. Rodrigo Dias va Xoselu boshlagan kombinatsiyani yakunladi, ammo darvozabon Raykovich zarbani qaytardi, qaytgan to‘pga esa birinchi bo‘lib Braim yetib keldi. Yosh yarimhimoyachi ikki metr masofadan turib bosh bilan bo‘sh darvozani ishg‘ol eta olmadi, holbuki bu vaziyatda gol urishdan ko‘ra ura olmaslik qiyin edi. Diasning zarbasi ham ustunga tegdi.

Lekin «Mallorka»ning toliqqan futbolchilari jarima maydoni ichiga qamalib olishdi va «Real» raqibni taslim etdi. Ikkinchi bo‘limning bu davrida «Real»da xG bo‘yicha ko‘rsatkich yanada kamtarona 0,11 ko‘rinishida edi. O‘yindan gol urilmagach – standart vaziyat yordamga keldi. Modrich burchakdan yana bir bor zarbadan oldingi pasni uzatdi, shu kuni mezbonlar safida yagona nominal markaziy himoyachi bo‘lgan Ryudiger havodagi kurashda ustun kelib, mavsumdagi ilk golini nishonladi.

«Mallorka» ham biror marta darvoza sohasiga aniq borgan zarba yo‘llay olmadi, ammo qanchalik g‘alati ko‘rinmasin, madridliklar omad tufayli g‘alabaga erishdi va birinchi davrani birinchi pog‘onada yakunlaydigan bo‘ldi.

Tur o‘yinida ko‘cha futboli

«Jirona» – «Atletiko» 4:3 (3:2, 1:1)
Gollar:
1:0 – 2 Fernandes, 1:1 – 14 Morata, 2:1 – 26 Savio, 3:1 – 39 Blind, 3:2 – 44 Morata, 3:3 – 54 Morata, 4:3 – 90 Martin.
«Jirona» – Gassaniga, Yan Kouto, Blind, Erik Garsiya, Migel Guterres, Fernandes (Solis, 59), Aleish Garsiya, Martin, Torre (Martines, 67), Savio (Portu, 89), Dovbik (Stuani, 67).
«Atletiko» – Oblak, Ximenes, Ermoso, Vitsel, Rikelme (Korrea, 77), Koke, De Paul (Depay, 86), Liorente, Grizmann (Saul, 89), Morata (Aspilikueta, 89), Lino (Molina, 46).
Ogohlantirishlar: Ermoso (90).

«Jirona» esa ortda qolmoqchi va hech kimdan cho‘chimoqchi emas. «Barselona» bilan safar derbisi (4:2) jamoaning bu mavsumdagi niyatlarini ko‘rsatib bergandi, «Atletiko» bilan o‘yin esa bu jamoa haqidagi tasavvurlarni yanada mustahkamladi. Diyego Simeone jamoasiga qarshi o‘yinda ilk hujumidayoq golli vaziyat yaratildi, ammo Dobvik qulay imkoniyatdan foydalana olmadi, ikkinchi hujumda esa — Valeri Fernandes hisobni ochdi. «Barsa» bilan o‘yinda g‘alaba goli muallifi bo‘lgan futbolchi Vitselni osonlik bilan dog‘da qoldirib, darvozaning uzoq burchagini aniq nishonga oldi.

Madridliklar 12 daqiqa o‘tib hisobni tenglashtirishdi, lekin bu vaziyatda avvaliga qanot hakami bayroqchasini ko‘tardi va gol bekor qilindi, videotakror esa Grizmann pas bergan vaqtda ispaniyalik futbolchi to‘g‘ri holatda bo‘lganini ko‘rsatdi.

«Jirona» o‘tkazib yuborilgan golga e’tibor qilmay, yana ikki bor raqibni ranjitdi. Avvaliga Koke uyaltirdi. «Atletiko»ning tajribali futbolchisi o‘z jamoasi jarima maydoni oldida to‘pni oldirib qo‘ydi, Ivan Martinning zarbasini Oblak qaytargandi, ammo to‘pga birinchi bo‘lib yetib kelgan Savio to‘pni darvozaga joyladi.

Keyin esa mezbonlar standart vaziyatni ajoyib ijro etishdi. To‘p burchakdan o‘yinga kiritilganidan keyin Dovbik to‘pni bir teginish bilan olis ustun tomon yo‘lladi, u yerda ochilgan Deyli Blind esa yaqin masofadan turib hisobdagi farqni yanada oshirdi. Bu vaqtda «Atletiko» himoyachilari tomoshabinga aylanishdi.

Simeone jamoasiga hukm o‘qilgandek edi. Ammo «Atletiko» tanaffusga qadar vaziyatni o‘zgartira oldi. Va yana Morata yordamga keldi. De Paulning maydon markazi bo‘ylab yurishidan keyin to‘pni qabul qilib olgan hujumchi bir harakat bilan himoyachini yo‘ldan oldi va to‘pni uzoq burchak sari aniq yo‘lladi. Ko‘p o‘tmay Alvaro yana bir bor darvozani ishg‘ol etgandi, ammo bu safar hakamlar videotakrordan keyin golni bekor qilishdi.

Mehmonlar tanaffusdan qaytiboq hujumga tashlanishdi. Ular to‘pni to‘liq nazorat qilishdi va birin-ketin vaziyatlar yaratishdi hamda raqibni o‘z tomoniga deyarli o‘tkazishmadi. Bunday bosim uchinchi golga olib borishi tabiiy edi. Va yana Rodrigo De Paul birinchi bo‘limdagi harakatlarini takrorladi, yana Alvaroning texnik jihatdan mukammal zarbasidan keyin hisob tenglashdi.

Morata bu mavsumda la liga doirasida urgan gollari sonini 12 taga yetkazib oldi, undan yaxshiroq ko‘rsatkich faqat «Real» yarimhimoyachisi Jud Bellinghemda (13 gol). 60-daqiqalardan boshlab tashabbus yana «Jirona»ga o‘tdi. Agar Oblak bo‘lmaganida, Dovbikning murakkab zarbasidan keyin mehmonlar yana hisobda quvishga majbur bo‘lardi. Shu bilan birga, «Atletiko»ning o‘zida ham to‘rtinchi golni urish uchun vaziyatlar yuzaga keldi.

O‘yin taqdiri esa qo‘shimcha daqiqalarda hal bo‘ldi. Ivan Martin hayratlanarli zarba yo‘lladi — u murakkab holatda to‘pni butsasining tashqi qismi bilan tepib uzoq to‘qqizlikka joylashtirdi. E’tiborli jihati, Martinning qarshisida «Atletiko»ning uch futbolchisi turgandi, ammo unga g‘alaba golini urishga hech kim to‘sqinlik qila olmadi. «Jirona» bu g‘alaba evaziga ochkolar bo‘yicha «Real»ga yetib oldi — endi jamoalar turnir jadvalida birinchi o‘rinni bo‘lishib turibdi. Yana safarda yutqazgan (barcha turnirlar doirasida qatorasiga beshinchi mag‘lubiyat) «Atletiko» esa peshqadamlardan 10 ochko ortda qolmoqda.

11 fevral – «Real» va «Jirona»ning «Bernabeu»dagi o‘zaro uchrashuvida ko‘p narsa hal bo‘ladi.

Ko‘proq yangiliklar: