30 aprelning asosiy yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan voqealar va hodisalar

O‘zbekiston 21:26 / 30.04.2024 5498

Prezident futbolchilarini g‘alaba bilan tabrikladi

Shavkat Mirziyoyev futbol bo‘yicha O‘zbekiston yoshlar milliy jamoasini olimpiada yo‘llanmasini qo‘lga kiritgani munosabati bilan tabrikladi.

Qatarda o‘tayotgan 23-yoshgacha bo‘lgan yoshlar o‘rtasidagi Osiyo kubogining yarimfinalida Temur Kapadze shogirdlari indoneziyalik tengqurlari ustidan 2:0 hisobida g‘alaba qozondi va tarixda ilk bor yozgi olimpiada yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.

“Jonajon O‘zbekistonimizning futbol tarixida birinchi marta erishilgan bunday yorqin g‘alabani, hech shubhasiz, mamlakatimizdagi barcha sport muxlislari, ko‘pmillatli butun xalqimiz cheksiz quvonch va g‘urur bilan kutib oldi. Zero, bu el-yurtimizning necha yillik buyuk orzusi edi”, — degan prezident o‘z tabrigida.

3 may kuni bo‘lib o‘tadigan final uchrashuvida O‘zbekiston yoshlar milliy jamoasi Yaponiya yoshlariga qarshi maydonga chiqishadi.

“Ishonchim komilki, sizlar bu yutuqdan yanada ruhlanib, final bellashuvida “Osiyo chempioni” degan sharafli nom uchun munosib kurash olib borasiz”, — degan Mirziyoyev futbolchilarga tabrigida. 

Farg‘onadan Kuvaytga to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnov

Farg‘ona viloyati hokimi Xayrulla Bozorov Kuvaytga qilgan tashrifi chog‘ida Kuwait Airways aviakompaniyasi bosh ofisida bo‘lib, aviakompaniya boshqaruv kengashi raisi Abdulmuhsin Salim Al-Fag‘on bilan uchrashdi.

Kuwait Airways Farg‘onaga to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish istagida ekanini bildirgan.

Farg‘onadan Kuvaytga parvoz vaqti 3–3,5 soatni tashkil qilishi hisobga olinsa, Kuvayt xalqaro aeroporti O‘zbekiston fuqarolari uchun qulay tranzit nuqtasiga aylanishi mumkin. 

Kun raqami

O‘zbekistonda kambag‘allik chegarasi yangilandi. 2024 yil may oyidan minimal iste’mol xarajatlari miqdori 4,4 foizga oshirilib, kishi boshiga 1 oyga 648 ming so‘m etib belgilandi.

Bunga sabab qilib 1 maydan e’tiboran energetika sohasida bozor mexanizmlari joriy etilayotganligi ko‘rsatilgan va minimal iste’mol xarajatlari qiymati bir oyda kishi boshiga 621 ming so‘mdan 648 ming so‘mgacha oshirilgan. 

Tabiatga 80 mlrd so‘mlik zarar yetkazildi

Ekologik nazorat inspeksiyasi tomonidan Toshkent shahar Sergeli tumani hududidan oqib o‘tuvchi Chirchiq daryosi muhofaza zonasida bitta ekskavator va 2 ta yuk mashinasi yordamida ruxsatnomasiz qum-shag‘al qazib olinib, o‘rniga qurilish beton qoldiqlari joylashtirilayotgani aniqlangan.

Tabiatga qum-shag‘al qazib olinishi natijasida 21,4 milliard, chiqindilar noqonuniy joylashtirilishi natijasida esa 112,5 million so‘mga yaqin zarar yetkazilgan.

Chirchiq daryosining boshqa bir qismida muhofaza zonasi va qirg‘oq bo‘yida taxminan 4 gektarga yaqin maydonda qazish ishlari amalga oshirilgani ma’lum bo‘ldi. Tabiatga yetkazilgan zarar miqdori esa qariyb 62,3 mlrd so‘mni tashkil qiladi.

Har ikki holatga huquqiy baho berish, aybdor shaxslarga nisbatan qonuniy chora ko‘rish va tabiatga yetkazilgan zararni undirish maqsadida barcha hujjatlar Bosh prokuraturaga yuborilgan. 

Kun fotosi

Toshkent markazidagi Istiqlol ko‘chasi ko‘chasida asfalt o‘pirilib tushdi. O‘pirilish diametri 2 metrni chuqurligi 1,5 metrni tashkil etadi. Hodisaga sabab issiqlik quvurida yuz bergan avariyaviy holat ekani aytilmoqda. 

1,5 mingta daraxt yoqib yuborildi

Toshkent viloyati Ohangaron tumanida noma’lum shaxs 1500 ga yaqin mevali va manzarali daraxtlarni yoqib yuborgani xabar qilinmoqda.

Ekolog.uz Telegram-kanali xabariga ko‘ra, Ohangaron daryosining muhofaza zonasida ro‘y bergan holat bo‘yicha jinoiy yoki ma’muriy ish ochilmayapti.

Hududdagi mavjud mevali va manzarali daraxtlar yonib ketishi oqibatida tabiatga zarar yetkazilgan. Bu bilan «Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar to‘g‘risida»gi qonunning tegishli moddalari talablari buzilgan.

Holatga oydinlik kiritish maqsadida ekologiya inspektorlari tomonidan to‘plangan hujjatlar huquqni muhofaza qilish organlariga taqdim etilgan. 

Maktab o‘quvchisi avtohalokat sodir etdi

Namangan shahrida 17 yoshli maktab o‘quvchisi boshqaruvidagi Lacetti yo‘l chetida turgan talabalarni urib yuborgan. YTH oqibatida ulardan biri — xorazmlik talaba shifoxonada vafot etgan.

Ma’lum bo‘lishicha, 20 aprel kuni soat 18:40 atrofida 11-sinf o‘quvchisi o‘z tog‘asining nomida bo‘lgan Lacetti avtomashinasini Yangi Namangan tumanning Yettinchi mingchinor ko‘chasida boshqarib ketayotgan bo‘lgan.

Boshqaruv asnosida tezlikni oshirib, tajribasizligi oqibatida yo‘lning qarama-qarshi qismiga o‘tib ketgan va yo‘l chetida turgan Namangan muhandislik-qurilish institutining 2 nafar xorazmlik talabasini urib yuborgan. Hodisa oqibatida yigitlardan biri yengil jarohat olgan. Biri esa ko‘rsatilgan tibbiy yordamlarga qaramay shifoxonada vafot etgan.

Ko‘proq yangiliklar: