Farg‘ona viloyatida Nexia-3 va Tracker mashinalari ishtirokida odamlar o‘limi bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan.
Farg‘ona viloyati IIB axborot xizmatining xabar berishicha, hodisa bugun, 3 yanvar kuni soat 19:40 larda sodir bo‘lgan.
Farg‘ona-Chimyon 4P-146 avtomobil yo‘lining Farg‘ona tumani “Yangiobod” MFY hududidan o‘tgan qismida Nexia-3 ikkinchi darajali yo‘ldan asosiy yo‘lga shoshilib chiqqan va asosiy yo‘ldan kelayotgan Tracker mashinasiga urilgan.
Oqibatda, Nexia-3 mashinasida bo‘lgan 2 nafar yo‘lovchi tan jarohati olib, voqea joyida vafot etgan. Yana 3 nafar yo‘lovchi shifoxonaga yotqizilgan.
Qayd etilishicha, mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.