«Barselona»dagi vunderkind, o‘zbekistonlik sehrgar va top-bombardirlar. Futbolda 2023 yil kashfiyotlari

Sport 20:41 / 02.01.2024 28677

Futbol — millionlar o‘yini. Sayyoradagi eng asosiy sport turida har yili yangi yulduzlar javlon uradi. «SE» o‘tgan yilda muxlislar e’tiboriga tushgan futbolchilarni sanadi.

Lamin Yamal

«Barselona» boshqaruviga kelganidan buyon Xavi futbolchilarning jarohatlaridan aziyat chekmoqda. Jamoadagi har bir muhim futbolchi kamida bir marta ma’lum vaqtga safdan chiqdi — Gavi, Pedri, Ter Shtegen, Arauxo, De Yong, Levandovski. Ammo, qanchalik g‘alati ko‘rinmasin, buning yaxshi tomoni ham bo‘lmoqda — murabbiy yangi nomlarni kashf etmoqda.

Asosiy misol — hali 15 yoshligida asosiy tarkibga kiritilgan Lamin Yamal. Ispaniyalik hujumkor yarimhimoyachi aprel oyida «Barselona»da debyut qilgandi. «Betis» bilan o‘yin u uchun la liganing 2022/23 yillar mavsumidagi yagona o‘yin bo‘lib qoldi, lekin yangi mavsumda ushbu o‘smir asosiy tarkibga kirdi va kuzda to‘laqonli shartnomaga ega bo‘ldi, tovon puli milliard yevro etib belgilandi. 2026 yilgacha tuzilgan shartnoma tugayotganida ham Yamal hali 20 yoshga chiqmagan bo‘ladi.

O‘z o‘zidan Lamin milliy jamoaga ham chaqirildi va to‘rt o‘yinda maydonga tushib, ikki gol urishga ulgurdi. Yamal chindan ham kattalardek o‘ynamoqda va uning 60 million yevrolik transfer narxi ham buni tasdiqlaydi. Bir necha oy ichida ushbu ispaniyalik qator rekordlar o‘rnatdi, quyida ularning eng asosiylari: milliy jamoadagi eng yosh debyutant va eng yosh gol muallifi, la liga va klasiko o‘yinlarida gol urgan eng yosh futbolchi. Muhimi, uning yosh organizmi yuklamaga bardosh bermoqda.

Gulelmo Vikario

Yamal hali birinchi sinfga chiqqanida italiyalik posbon «Udineze» akademiyasini bitirish arafasida edi. 26 yoshigacha Vikario mamlakatini tark etmadi va faoliyatining ko‘p qismini V va S seriyalarida o‘tkazdi. Ilk sezilarli apgreyd 2021 yilda ro‘y berdi — darvozabon «Kalyari» zaxira o‘rindig‘ini «Empoli»ning asosiy tarkibiga almashtirdi.

Ikki mavsum ichida Gulelmo o‘zini a’lo darajadagi shotstopper va oyoq bilan yaxshi o‘ynovchi darvozabon sifatida namoyish etdi. Posteko‘g‘liga kombinatsion futbol qurish uchun «Tottenhem»da aynan shunday kadr kerak edi. Lioris bu rolga umuman to‘g‘ri kelmasdi, shuning uchun londonliklar 18 million yevroning bahridan o‘tishdi.

Albatta, bu risk edi, ammo tanlov o‘zini oqladi. O‘tgan yil oxiriga kelib Vikario olqishlarga sazovor bo‘ldi va «Tottenhem» uchun qator o‘yinlarni yutib berdi. Ushbu italiyalik boshqa futbolchilar ancha oldinga chiqib ketganida so‘nggi himoyachi vazifasini bajarishi ham mumkin. U zarbalarni qaytarishda ham yuqori saviya namoyish etadi va himoyadan chiqishda qatnashadi. U milliy jamoaga ham chaqiruv olmoqda — hozircha Donnarummani zaxira o‘rindig‘iga o‘tqazib qo‘ya olgani yo‘q, ammo uning chaqirilishi faktining o‘zi ko‘p narsadan dalolat.

Seru Girassi

Ro‘yxatdagi yoshi eng katta futbolchi. «Shtutgart» hujumchisi Vikariodan yetti oyga kattaroq. Girassidagi kutilmagan o‘sish chindan hayratlanarli — bundesliganing dastlabki yetti turida ushbu forvard 13 gol urdi, holbuki u bir mavsumda 11 tadan ortiq gol urmagandi. Ya’ni oktyabr oyi boshidayoq ushbu gvineyalik samaradorlik bo‘yicha o‘z rekordini yangiladi.

Seru mavsum yarmiga kelib chempionatda urgan gollari sonini 17 taga yetkazdi va Yevropa «Oltin butsa»si uchun poygada beshinchi o‘rinda bormoqda, top-ligalarda undan ko‘proq golni faqat Keyn va Mbappe urishgan. Girassining transfer narxi bir yil ichida to‘rt barobar o‘sdi — 10 million yevrodan 40 million yevrogacha, ammo «Shtutgart» ushbu futbolchi bilan shartnoma imzolaganda xatoga yo‘l qo‘ygandi. Gap shundaki, kelishuv bo‘yicha uning transfer qiymati atigi 17,5 million yevroni tashkil etadi. Ya’ni istalgan xaridor ushbu kamtargina summani to‘lashi va futbolchini olib ketishi mumkin.

Uni safida ko‘rishni istaydiganlar soni esa ko‘p: «Borussiya», «Milan», «MYu», «Chelsi» va yana bir qancha grandlar. Hujumchining o‘zi esa APLga o‘tishni istamoqda. Aftidan, bu istakni ro‘yobga chiqarishda muammo bo‘lmaydi. Katta ehtimol bilan, qishdayoq kelishuvga erishilishi mumkin.

Viktor Bonifase

Bundesligadagi yana bir kashfiyot. Qayd etish kerakki, ushbu nigeriyalik ro‘yxatdagi boshqa futbolchilardan farqli o‘laroq, 2023 yilning birinchi yarmidayoq tilga tushib ulgurgandi. Avvaliga Bonifase yarim yil Belgiyaning «Yunion» klubi uchun o‘ynadi va jamoa bilan Yevropa Ligasiga yetib borib, «Bayyer»ga yutqazdi. Viktor turnirning eng yaxshi to‘purariga aylandi, yozda esa aynan Leverkuzen klubiga o‘tdi.

Ushbu hujumchi Germaniya chempionatiga yorib kirdi va darhol oyning eng yaxshi futbolchisi sifatida taqdirlandi. 2024 yilga Bonifase ligada to‘rtinchi to‘purar, ikkinchi assistent va «gol+pas» tizimida uchinchi sifatida o‘tdi. Uning jamoasi top-5 chempionatlarda mavsum boshidan buyon mag‘lubiyatga uchramagan yagona jamoa bo‘lib turibdi va «Bavariya»ning abadiy davom etadigandek ko‘ringan gegemonligiga barham berishga bel bog‘lagan.

Viktor ham, xuddi Girassi kabi 40 million yevroga baholangan, ammo undagi ko‘tarilish yanada kuchliroq — 365 kun muqaddam nigeriyalik zamonaviy futbol uchun kulgili darajada bo‘lgan to‘rt millionga baholangandi. Bu ro‘yxatdagilar orasida aynan mazkur forvardda «Oltin to‘p»ga da’vogarlar ro‘yxatiga kirish uchun imkoniyat yuqoriroq. Buning uchun Yevropa Ligasida uzoqroqqa borish, bundesligadagi grafikni saqlab qolish kerak — shaxsiy gollar bo‘yicha ham, jamoa bilan ochko jamg‘arishda ham. Agar Afrika Kubogidagi debyut ishtirokida ham yorqin o‘yin namoyish eta olsa, imkoniyatlar yanada oshadi — Osimhen bilan ikki Viktorlar juftligi juda xavfli ko‘rinmoqda.

Butun «Jirona»

Bu jamoa futbolchilarining har biri haqida alohida matn qilish mumkin, jamoada porlagan futbolchilar ikki-uch kishi bilan cheklanib qolmaydi. Ularning bari birgalikda bir butun to‘laqonli kashfiyotni ifoda etishadi — «Jirona». 18 turdan keyin kataloniyaliklar birinchi o‘rinni «Real» bilan bo‘lishib turibdi, «Atletiko» va «Barselona» yetti ochkoga ortda qoldirilgan.

Artyom Dovbik — 11 gol bilan chempionatning uchinchi to‘purari, uni «Barselona» transfer qilmoqchi. Aleysh Garsiya — jamoa sardori, Xavi uni ham jamoasida ko‘rishni istamoqda. Savio — ligadagi eng yaxshi driblerlardan biri, Ispaniyada undan ko‘proq golli uzatma faqat Kroosda. Koutu — aldab o‘tishda mohir, Savioga parallel qanotda raqiblarni dahshatga soladi. Michel — bosh murabbiy, hissiyotli va ishtiyoqmand mutaxassis.

Ro‘yxatni yana davom ettirish mumkin, ammo yuqoridagilarning o‘zi ham ko‘p narsani anglatadi. Agar mavsum yakunida «Lester» ertagi takrorlanmasa ham, «Jirona» juda ko‘pchilikni hayratga solib bo‘ldi. Hozirda ishonch bilan aytish mumkinki, o‘tgan mavsumni to‘qqizinchi o‘rinda yakunlagan bu klub bir necha oydan keyin o‘z tarixida ilk bor Chempionlar ligasi yo‘llanmasiga ega chiqadi. Faqat chempion maqomida yoki sovrindor sifatida, buni vaqt ko‘rsatadi.

Rasmus Hoylund

«Manchester»dagi klublarning har biri baland bo‘yli va sariqsoch vikingga ega bo‘lishi kerak. «Yunayted» Hoylund uchun «Siti» Holand uchun to‘laganidan ko‘proq mablag‘ sarfladi — 73,9 million yevroga qarshi 60. Keragidan ortiq to‘lab yuborilgan bo‘lishi mumkin, ammo daniyalik futbolchi uchun raqobat kuchli edi.

2023 yilga Rasmus o‘rtamiyona ko‘rsatkichlar bilan o‘tgandi. Forvard 2022 yil yozida «Atalanta»ga kelganidan buyon ochilmayotgandi va milliy jamoada ham gollar hisobini ocha olmayotgandi. Yangi yildan keyin esa barchasi o‘zgargandi — Hoylund yanvardagi ilk to‘rt o‘yinda gol urdi va mavsum oxirigacha yaxshi formasini saqlab qoldi, milliy jamoa safida esa yetti gol urgan holda Yevro saralashi to‘purarlari ro‘yxatida beshinchi bo‘ldi.

Angliyada moslashuv oson kechmadi, ammo yangi klubida ham natija qayd etdi — YeChL guruh bosqichida Rasmus jamoasining eng ko‘p gol urgan futbolchisi bo‘ldi (4). Lekin «MYu»ning o‘zi yaxshi o‘ynay olmadi va guruhda oxirgi o‘rinda qoldi. Yil oxirida esa hujumchi nihoyat APLdagi ilk golini urib, «Aston Villa»ga qarshi o‘yinda g‘alaba keltirdi (3:2). Mavsumning ikkinchi qismi ham, katta ehtimol bilan yangi muhitga moslashishga ketadi va keyin to‘langan pullar oqlanishi boshlanadi.

Evan Fergyuson

Girassi va Bonifasening narxlaridagi o‘sish u qadar hayratlantirmagan bo‘lsa, chinakamiga hayratlanadigan o‘sish bor. 2023 yilda irlandiyalik yosh hujumchi 65 barobar qimmatladi! Bir yil muqaddam uni bir million yevroga baholashgan. Oktyabrda esa narx 65 million yevroga chiqdi.

O‘shanda endigina 17 yoshda bo‘lgan Fergyuson APLda 2021/22 yillar mavsumida debyut qilgan. Avvaliga «Byornli» bilan o‘yinda 22 daqiqa o‘ynagan futbolchi keyingi imkoniyatini ancha vaqt kutib qolgan. O‘n oy o‘tib yana shunday imkon tug‘ildi va Evan bundan foydalandi. 2023 yildagi ilk uch o‘yinida hujumchi 2 gol urib, 2 assist amalga oshirdi, may oyida esa chempionatdagi ilk dublini rasmiylashtirdi.

Qishga kelib irlandiyalikning o‘yinida biroz pasayish yuz berdi. Shunga qaramay, u ayni vaqtda «Brayton»ning ikkinchi eng yaxshi to‘purari va klubining asosiy aktivi bo‘lib qolmoqda. Futbolchi bilan shartnoma 2028 yilga qadar uzaytirilgan, rahbariyat uning sotuvidan kamida 100 million yevro ishlab olishni ko‘zlagan. Klubdagilar futbolchi sotishning hadisini olishganidan kelib chiqib, qachondir Angliyaning qaysidir klubi liga transfer rekordini yangilashini taxmin qilish mumkin.

Kobbi Maynu

2023 yilga qadar ushbu futbolchi haqida faqat «MYu»ning eng ashaddiy fanatlari bilishi mumkin edi. Kobbi faqat noyabr oyiga kelib asosiy jamoa futbolchisiga aylandi, ammo ten Hag unga yozgi yig‘in vaqtida e’tibor qaratgandi. Ammo angliyalik yosh futbolchi to‘piq sohasidan jarohat oldi, shuning uchun debyut kuzga qoldi. Lekin u baribir maydonga chiqqanida ko‘pchilikni o‘ziga qaratdi. Gari Nevillning ushbu tayanch yarimhimoyachisi «Yunayted»ning emas, ko‘proq «Siti» futbolchisiga o‘xshayotganini aytganini eslash kifoya.

Shundan buyon Maynu APLda yana besh o‘yinda maydonga tushdi va har safar kamida bir  bo‘lim maydonda bo‘ldi. Qolaversa, Chempionlar ligasidagi oxirgi ikki o‘yinda jami 33 daqiqa ishtirok etdi. Kobbi jamoasida kelgusida ideal tayanch yarimhimoyachisiga aylanishi mumkin — u raqiblar o‘yinini buzadi, to‘pni o‘zi bilan yaxshi olib yuradi va bosim ostida o‘zini yaxshi his qiladi. Katta ehtimol bilan, yangi yilda 18 yoshli ushbu futbolchining familiyasi ko‘proq quloqqa chalina boshlaydi.

Abbosbek Fayzullayev

TsSKAning yozgi transfer kampaniyasidagi sustkashligini ko‘pchilik tanqid qilgandi. Jamoa bosh murabbiyi Vladimir Fedotov ochiqchasiga tarkibni kuchaytirishga ehtiyoj borligini aytgandi. Klub avvaliga xaridlarni ortga surdi, keyin esa Lotin Amerikasidan ikki futbolchi va Yevropa futboli uchun notanish bo‘lgan bir o‘zbekistonlikni oldi. «Paxtakor»ga 19 yoshli yarimhimoyachi uchun 500 ming yevro to‘landi.

Yarim yil o‘tgach esa Rossiya futbolidagi barcha shu o‘zbek haqida gapira boshladi: Fayzullayev — hozirgi TsSKAda eng asosiy element, ayrim o‘yinlarda Abbos chinakamiga boshqa darajada ekanini namoyish etib, bir o‘zi jamoaga ochko olib kelmoqda. U bir necha bor jamoasida oyning eng yaxshi futbolchisi deb topildi. 

Allaqachon u kuchliroq chempionatga ketishi haqida gapirilmoqda. Moskvaliklar sarflangan yarim million yevro evaziga mo‘maygina pul ishlab olishi mumkin. Fayzullayev — Rossiya chempionatidagi asosiy kashfiyot bo‘ldi va 2024 yilda undan yanada o‘sish kutilmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: