11 daqiqada 4 ta huquqbuzarlik: namanganlik qoidabuzarga chora ko‘riladimi?

Jamiyat 21:33 / 02.01.2024 26171

2 yanvarga o‘tar kechasi, soat tungi 3:26 da Instagram'dagi “Bek makhmudov” profili egasi Mercedes-Benz rusumli avtomobilni Namangan shahri ko‘chasi bo‘ylab boshqarib, buni sahifasida jonli yoritib bordi. Jonli efir Kun.uz tomonidan yozib olindi. U avtomobilni boshqarib borarkan, qatorasiga bir nechta yo‘l harakati qoidalarini qo‘pol ravishda buzgani ko‘rinadi.

Garchi yuzini sharf bilan o‘rab olgan bo‘lsa-da, bu shaxs “Bek makhmudov” profilida avval joylangan foto va videolardagi shaxsning aynan o‘zi ekanini bilish mumkin.

1-qoidabuzarlik: Harakat davomida u avtomobil tezligini bir necha marta 100 km/soatdan oshiradi. 2023 yil 3 apreldan buyon boshqa viloyat, tuman va shaharlar markazlari kabi Namangan shahrida ham cheklangan harakat tezligi 60 km/soat etib belgilangan.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 128 prim 3-moddasi 3- qismiga ko‘ra, harakat tezligini soatiga 40 kilometrdan ortiq kattalikda oshirish 9 BHM, ya’ni 3 mln 60 ming so‘m miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

2-qoidabuzarlik: Haydovchi avtomobilni boshqarib turib, telefondan foydalangan holda ijtimoiy tarmoqda jonli efirga ulanadi (1), kuzatuvchilari tomonidan yozilayotgan izohlarni o‘qib, ularga javob berib boradi (2) va boshqa bir telefon apparatida tanishi bilan suhbatlashadi (3).

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 128 prim 1-moddasiga ko‘ra, transport vositasini boshqarish vaqtida haydovchilarning telefondan foydalanishi (bundan telefondan quloqchinlar orqali va qo‘llarni ishlatmasdan turib so‘zlashuvlar olib borish imkoniyatini beradigan boshqa uskunalar orqali foydalanish mustasno), 3 BHM, ya’ni 1 mln 20 ming so‘m miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

3-qoidabuzarlik: Yo‘l o‘rtasida xavfli burilish qilib, qizil chiroqda harakatlanadi.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 128 prim 4-moddasiga ko‘ra, svetoforning taqiqlovchi signaliga bo‘ysunmasdan o‘tish bazaviy hisoblash miqdorining 2 baravari, ya’ni 680 ming so‘m miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

4-qoidabuzarlik: Yoqilg‘i quyish shoxobchasiga kirgan yigit u yerda o‘zi boshqarib kelgan Mercedes-Benz'ning 01S651ZB davlat raqam belgisini yechib oladi va avtomobil yukxonasiga tashlab qo‘yadi, so‘ng harakatni davom ettiradi.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 125-moddasi 5- qismiga ko‘ra, davlat raqam belgisi o‘zboshimchalik bilan yechib olingan transport vositalarini boshqarish – 5 BHM, ya’ni 1 mln 700 ming so‘m miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

“Bek makhmudov” avval ham avtomobilni katta tezlikda haydab, uni ijtimoiy tarmoqlarda namoyish qilgan. Masalan, 2023 yil 12 mart kuni sahifasiga joylagan videoda Mercedes-Benz avtomobilini soatiga 200 km tezlikda boshqargan.

Shunday qilib, janob “Bek makhmudov”ning o‘tgan tundagi “ko‘ngilyozdi sayohati” unga kamida 6 mln 460 ming so‘mga tushishi kerak. Ammo bu qoidabuzarga qonuniy chora ko‘rishda bitta muammo bor...

Bek makhmudov kim?

“Bek makhmudov” profili egasi namanganlik bo‘lib, Kun.uz'ning aniqlashicha, viloyat hokimligida yuqori lavozimda ishlagan amaldorning o‘g‘li hisoblanadi (etika nuqtai nazaridan shaxslarning ismi-shariflarini ochiqlamaslikka qaror qildik).

Instagram'dagi sahifasiga joylanadigan surat va videolardan u ko‘p vaqtini xorijiy davlatlarda o‘tkazishini, sportning aralash jang san’ati (MMA) bilan havaskor tarzda shug‘ullanishini ko‘rish mumkin. U qimmatbaho mashinalar orqali hashamatli hayotini ko‘z-ko‘z qilishni xush ko‘radi.

Ko‘proq yangiliklar: