“O‘zbekneftgaz” AJ: Gaz bosimi pasaygan hududlarda kichik kompressor stansiyalari qurish eng to‘g‘ri yechim bo‘ladi

Jamiyat 12:16 / 29.12.2023 1516

Xuddi shunday ikkita stansiya Muborak neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasiga qarashli «Cho‘lquvar» va «Girsan» konlarida Xitoydan uskunalar olib kelingach, ikki oy muddatda qurib ishga tushirildi. Ommaviy axborot vositalari vakillari uchun tashkil etilgan press-turda stansiyalarning mavjud tabiiy gaz zaxiralarini maksimal darajada o‘zlashtirishdagi xizmati haqida ma’lumot berildi.

Ushbu kichik kompressor stansiyalari «Cho‘lquvar» va «Girsan» konlaridan qazib olinayotgan kunlik 500 ming kub metr tabiiy gazni qazib chiqarishda barqaror ishlashni ta’minlaydi.

Ma’lumot o‘rnida aytish mumkin, «Girsan» koni 1989 yilda, «Cho‘lquvar» koni esa 2007 yilda o‘zlashtirilgan bo‘lib, konlar tuzilishi jihatdan murakkab zaxiralarga ega. Uzoq yillar davomida ularning ishlatilishi qazib chiqarish hajmining pasayishi, zaxiralar va qatlam bosimining tabiiy tushishiga olib kelmoqda. Bunday vaziyatda gazni barqaror yetkazib berishda konlarda kichik kompressor stansiyalarning o‘rnatilishi texnologik yechim hisoblanadi.

Yangi ish boshlagan kompressor stansiyalari quduqlardan kelayotgan 1 atmosfera bosim ostidagi tabiiy gazni 10 atmosfera bosimda «Pomuq» konidagi bazaviy kompressor stansiyalariga, keyin esa oltingugurt birikmalaridan tozalash maqsadida Muborak gazni qayta ishlash zavodiga 50 km quvurlar tizimi orqali yetkazib berishni ta’minlaydi.

Kichik kompressor stansiyalarining asosiy uskunalari Xitoyning «JEREH» kompaniyasi tomonidan yetkazib berilmoqda. Kompressorlar esa Yaponiyaning «MYCOM» kompaniyasiga tegishli.

Stansiyalarni elektr energiyasini bilan ta’minlash maqsadida yuqori kuchlanishli havo elektr tarmog‘i va nimstansiyalar ishga tushirildi. Shunisi ahamiyatliki, elektr havo tarmog‘ining qurilishida zarur moddiy-texnik resurslar «O‘zbekneftgaz» AJ ichki imkoniyatidan keng foydalangan holda «Maxsusenergogaz» AJ kompaniyasi bilan hamkorlikda qisqa muddatda qurib ishga tushirildi.

«Cho‘lquvar» stansiyasi agregatlari 2023 yil dekabr oyining so‘ngi o‘n kunligida sinov muddatiga ishga tushirildi. Hozirda kompressor stansiyalarining ishga tushishidan kelib chiqib kondagi quduqlarda ishchi parametrlarni tanlash ishlari amalga oshirilmoqda.

Shuningdek, «O‘zbekneftgaz» AJ tomonidan ushbu hududda faoliyat olib borayotgan korxonalar bilan o‘zaro hamkorlik natijasida «Yangi Olot» konidan qazib olinayotgan kunlik 1,5 mln kub metr tabiiy gazni «Quvachi-Olot» gazni dastlabki tayyorlash qurilmasida tayyorlash va quvurlar orqali birgalikda uzatish loyihasi amalga oshirilmoqda. Bunda maxsus qurilma orqali «Yangi Olot» konidan qazib olinadigan kunlik 1,5 mln kub metr tabiiy gazni uzatish yo‘lga qo‘yiladi.

Yangi gaz quvurini ishga tushirish bilan «Yangi Olot» va «Tegirmon» guruhi konlari gaz uzatish tizimidagi mavjud quvurlarda gidravlik qarshiliklarni kamaytirish hisobiga quduqlardan gaz qazib olishni kunlik qo‘shimcha 500 ming kub metrga oshirishga erishiladi.

«O‘zbekneftgaz» AJ axborot xizmati

Reklama

Ko‘proq yangiliklar: