Toshkentda Acibadem klinikasi ochiladi

Jamiyat 11:35 / 28.12.2023 18919

Joriy yilning 25-26 dekabr kunlari sog‘liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov boshchiligidagi soha mas’ullari hukumat delegatsiyasi tarkibida xizmat safari bilan Turkiyada bo‘ldi. 

Tashrif davomida O‘zbekiston vakillari ACIBADEM Healthcare Group prezidenti Mehmet Ali Aydinlar bilan uchrashdi.

«Ushbu nufuzli tibbiyot muassasasi dunyo bo‘ylab ko‘plab klinika va markazlar tarmog‘iga ega xalqaro brend hisoblanadi.

Xususan, kardiologiya, onkologiya, organ va to‘qimalar transplantatsiyasi, neyroxirurgiya, robot jarrohligi va sport tibbiyoti kabi sog‘liqni saqlash sohasining ko‘plab yo‘nalishlari integratsiyalashgan ushbu muassasa tarkibida jami 24 ta klinika, 16 ta tibbiyot markazlari va boshqa qator kompaniyalar faoliyat ko‘rsatmoqda.

Jahon standartlariga to‘liq javob beradigan mazkur klinikalar o‘zining ilg‘or tajriba markazlari bilan alohida ajralib turadi. Ularning barchasi milliy va xalqaro akkreditatsiyadan o‘tgan bo‘lib, zamonaviy texnologiya va tibbiyotning ko‘plab sohalarida boy tajribaga ega mutaxassislar bilan ta’minlangan. 

Har yili dunyoning turli nuqtalaridan minglab bemorlar sifatli va malakali tibbiy xizmatlarni olish uchun ushbu klinikalarga tashrif buyuradi.

ACIBADEM Healthcare Group tibbiy ta’lim va ilmiy tadqiqotlar sohasida ham mamlakatda yetakchilardan biridir. Jumladan, uning negizidagi Acibadem tibbiyot universitetida tahsil olayotgan talabalar zamonaviy o‘quv dasturlari asosida malakali pedagoglar tomonidan o‘qitiladi. Muassasada talabalarning amaliy ko‘nikmalarini rivojlantirishga mo‘ljallangan ilg‘or simulyatsion markazlar ham mavjud», deyiladi SSV matbuot xizmati xabarida.

Muloqot davomida Toshkent shahrida Acibadem klinikasini ochish bo‘yicha kelishuvga erishilgan. 

Shuningdek, uchrashuvda birgalikda kadrlarni tayyorlash, mutaxassislarni o‘qitish va malakasini oshirish, tibbiy ta’lim kabi yo‘nalishlarda hamkorlik aloqalarini o‘rnatish masalalari ham ko‘rib chiqilgan.

Ko‘proq yangiliklar: