Toshkentdagi bog‘chada 2 yoshli bolaga tan jarohati yetkazgan tarbiyachiga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Jamiyat 14:43 / 27.12.2023 17133

Toshkent shahridagi xususiy bog‘chalardan birida 2 yoshli bolaga qo‘pol harakat qilib, unga tan jarohati yetkazgan tarbiyachiga jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Bu haqda Bolalar ombudsmani matbuot kotibi xabar bermoqda.

Hodisa 2023 yil 17 noyabr kuni sodir bo‘lgan. Fuqarolardan biri Bolalar ombudsmaniga murojaat qilib, Yakkasaroy tumanidagi xususiy bog‘chada enaga yordamchisi 2 yoshli o‘g‘liga nisbatan qo‘pol harakati qilgani, oqibatda bolaning qo‘li bilagidan chiqib, unga jiddiy shikast yetganini ma’lum qilgan.

O‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvi davomida tayinlangan tibbiy ekspertiza yuzasidan 2023 yil 18 dekabr kuni berilgan xulosaga ko‘ra, bolaga og‘irlik darajasi bo‘yicha o‘rtacha og‘irlikdagi tan jarohatlari yetkazilgan.

Qayd etilishicha, enaga yordamchisiga nisbatan Jinoyat kodeksining 116-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va u ayblanuvchi tariqasida jalb qilingan. Hozirda dastlabki tergov harakatlari davom etmoqda.

«O‘z o‘rnida Bolalar ombudsmani ta’lim va tarbiya vazifalari yuklatilgan mas’ullar tomonidan bola manfaatlariga zid harakatlar uchun qonunan javobgarlik choralari ko‘rilishi yuzasidan parlament nazoratini qat’iy ravishda davom ettiradi», deyiladi Bolalar ombudsmani xabarida.

Ko‘proq yangiliklar: