Million dollar uchun kurash. Shaxmat yulduzlari Samarqandda jahon chempionligi uchun bellashadi

Sport 08:59 / 26.12.2023 21361

 Bugun, 26 dekabrdan boshlab Samarqandda shaxmatning blits va rapid yo‘nalishi bo‘yicha FIDe jahon chempionati start oladi. Kecha ko‘hna shahar mezbonligidagi turnirning ochilishi marosimi «Silk Road Samarkand» turizm markazida yuqori saviyada o‘tkazildi. Ayniqsa, qur’a tashlash jarayonida ko‘hna shahardagi bozor muhiti sahnalashtirilgani jahonning birinchi raqamli shaxmatchisi Magnus Karlsen va shaxmat yulduzlarining olqishiga sabab bo‘ldi.

Sayyohlik markazining besh yulduzli «Minyoun» mehmonxonasida o‘tkazilgan turnirning ochilish marosimida FIDE prezidenti Arkadiy Dvorkovich, Yoshlar siyosati va sport vaziri Adham Ikromov, Yoshlar Ishlari agentligi direktori, O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi raisi Alisher Sa’dullayev, Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov ishtirok etib, ko‘hna shahar mezbonligidagi jahon chempionati yuqori saviyada o‘tishi uchun katta tayyorgarlik ko‘rilgani ta’kidlandi va FIDE prezidenti turnirni rasman ochiq deb e’lon qildi. Shundan so‘ng, O‘zbekiston davlat madhiyasi va FIDe madhiyasi yangradi.

Ochilish marosimida Magnus Karlsen, Nodirbek Abdusattorov, Gukesh Dommaraju, Fabiano Karauna, Levon Aronyan singari shaxmat yulduzlari, Vishvanatan Anand singari jahon chempionlari, mutaxassislar ishtirok etishdi.

Ochilish marosimining kulminatsion voqeasi sahnaga turnirning umumiy mukofot jamg‘armasi – 1 million dollar mablag‘ sandiqchada olib chiqilgani va qur’a jarayonining ko‘hna shahardagi bozor ko‘rinishida sahnalashtirilgani bo‘ldi. Qur’adan avval esa shaxmatdagi Ronaldu deya ta’riflanadigan Magnus Karlsenga zarbof chopon va salla kiydirildi.

 Qur’ada turnir favoriti Magnusga ikki marta ham oq donalar chiqdi. Shu tariqa, toq raqamli o‘yinchilar blits va rapid bo‘yicha chempionatning birinchi bosqichini oq rangda boshlashadi. Ayollar o‘rtasidagi bahslarda esa Tszyuy Ven Tszyun rapid bo‘yicha oq rangni tanladi, Ley Tinszega esa blits uchun qora rang nasib etdi.

Samarqanddagi xalqaro musobaqaning umumiy mukofot jamg‘armasi 1 million AQSh dollarini tashkil etadi. Shundan 700 ming dollar erkaklar o‘rtasidagi bahslar natijalariga binoan, 300 ming dollar ayollar o‘rtasidagi o‘yinlar yakuniga ko‘ra, o‘rinlarga qarab taqsimlanadi.

Jahonning 200ga yaqin eng kuchli shaxmatchilari ishtirok etadigan turnirda erkaklar o‘rtasidagi bahslarda Nodirbek Abdusattorov, Javohir Sindorov yetakchiligidagi o‘zbekistonlik 20 nafar, ayollar o‘rtasidagi o‘yinlarda esa Umida Omonova yetakchiligidagi 13 nafar sportchilar o‘z mahoratini sinovdan o‘tkazadi.

Bahslar 26-30 dekabr kunlari soat 15:00dan 20:00gacha davom etadi. Uchrashuvlarni «Yoshlar» telekanali jonli efirda translatsiya qilishi rejalashtirilgan.

Usmon Ibodov

Ko‘proq yangiliklar: