APLda yana mojaro, «Atletiko» «Barsa»ni quvib o‘tdi. Yevropada kun o‘yinlari

Sport 14:44 / 24.12.2023 36478

Angliya: «Liverpul» 100 foizlik imkoniyatdan foydalana olmadi, «MYu»ning qora kunlari davom etmoqda

«Liverpul» — «Arsenal» 1:1
Gollar: Saloh (29) — Gabriel (4).
«Liverpul» – Alisson, Aleksander-Arnold, van Deyk, Konate, Tsimikas (Gomes, 35), Endo, Soboslai, Jons (Gravenberh, 68), Saloh, Dias (Elliott, 68), Gakpo (Nunes, 68).
«Arsenal» – Rayya, Uayt, Gabriel, Saliba, Zinchenko, Edegor, Rays, Haverts, Martinelli (Trossard, 68), Saka, Jyezus (Nketia, 78).
Ogohlantirishlar: Saka (38), Endo (45), Haverts (45), Rays (49), Saloh (84), Nketia (86), Uayt (90).

APLning o‘tgan turida «Arsenal» grand jamoalarga muammo tug‘diruvchi «Brayton»ni tom ma’noda yakson etgandi. «Chaykalar»ning pressingi va hujumkor kombinatsiyalari ish bermagan, londonliklar esa deyarli har daqiqada yashin tezligida qarshi hujumlar uyushtirayozgandi. «Liverpul» esa katta ustunlikka erishganiga qaramay «Manchester Yunayted»ni mag‘lub etolmagandi: mersisaydliklar xG bo‘yicha kamida ikki golga haqli o‘yin ko‘rsatgandi, ammo Klopp jamoasida baribir pozitsion hujumlarda muammo kuzatilgandi — zarbalarning aksar qismi jarima maydoni tashqarisidan yo‘llangandi. Onana bunday zarbalarni qaytargan va «Enfild»dan ochko olib qaytishga yordam bergandi.

O‘yin arafasida Arteta o‘z ambitsiyalarini ko‘rsatdi: «Biz «Old Trafford»da, «Stemford Brij»da va avvalgi yillarda o‘yinimiz o‘xshamagan boshqa ko‘p joylarda g‘alaba qozonishni uddaladik. «Liverpul» — keyingi chaqiruv. U yerga borish va g‘alaba qozonish kerak. Agar yuqorida bo‘lishni istasangiz, «Enfild»da dominantlik qilishingiz kerak. Biz aynan shunga harakat qilamiz».

«Arsenal» mega-aktivlik bilan boshladi: avvaliga Saka Alisson jarima maydoni hududiga xavfli uzatma berdi, keyin Raysning hujumning ikkinchi tempida yo‘llagan zarbasi xavfli chiqdi. Ikki daqiqa o‘tib Gabriel Edegorning jarima nuqtasidan uzatmasini golga aylantirdi. Braziliyalik himoyachi Maykl Jordan uslubida barcha raqiblardan baland sakradi va to‘pni bosh bilan darvoza to‘riga joyladi. Arbitrlar avvaliga himoyachi to‘g‘ri holatda bo‘lganiga shubha bildirishdi, ammo videotakrordan keyin gol inobatga olindi.

Ammo tezkor gol hali hech narsani anglatmasdi: «Liverpul» birinchi bo‘lib gol o‘tkazib yuborgan o‘yinlarida yetti marta javob qaytargan — to‘rttasida g‘alaba va uchtasida durangga erishilgan. 9-daqiqada Havers mehmonlarning ustunligini oshirishi ham mumkin edi: u himoyachilarning uzatmasini oldindan o‘qidi va oyog‘i bilan pasni to‘sdi. Agar to‘p kerakli darajada sapchiganida bu golli vaziyatga aylanishi ham mumkin edi.

14-daqiqada Salohda yaxshi vaziyat bo‘ldi, ammo uning zarbasi Rayi qo‘riqlayotgan darvoza to‘riga tashqaridan tegdi. Ko‘p o‘tmay «Liverpul» penalti tepishga yaqin edi: Edegor jarima maydoni ichida to‘pni qo‘l bilan to‘xtatdi, ammo hakamlar bu epizodni e’tiborsiz qoldirishdi.

29-daqiqada Saloh baribir o‘z maqsadiga erishdi: o‘z uslubida chap qanotda Zinchenkodan qochib ketib, markazga ko‘chdi va darvozaning yuqori burchagini aniq nishonga oldi. Bu o‘rinda Trentning assistini ham e’tirof etish kerak — angliyalik himoyachi o‘z jamoasi jarima maydoni atrofidan turib to‘pni oldinga yetkazib berdi. Trent golli uzatmalarining (jami 57 ta) eng ko‘p qismini — yetti assistni aynan londonliklarga qarshi o‘yinlarda amalga oshirgan.

Bo‘lim oxirida «Arsenal» javob zarbasini berishi mumkin edi: Saka Alisson bilan yakkama-yakka vaziyatga chiqib ketdi, ammo darvozabonni aldab o‘ta olmadi ham, u bilan kontaktdan keyin yiqilmadi ham. To‘p jarima maydoniga kirib kelgan Martinelliga borib tushdi, ammo braziliyalik forvard aniq zarba yo‘llay olmadi.

Ikkinchi bo‘limda mezbonlar faolroq bo‘lishdi: avvaliga Salohning zarbasi xavfli chiqdi, keyin Jo Gomes raqib jarima maydoniga yorib kirib, uzoq burchak tomon xavfli zarba yo‘lladi. Gomes maydonga birinchi bo‘lim o‘rtalarida tushgandi — u Klopp bilan to‘qnashuvda jarohatlangan Tsimikasni almashtirgandi.

67-daqiqada esa Luis Dias ham maydonni tark etishga majbur bo‘ldi.

72-daqiqada «Arsenal» futbolchilari hujumda to‘p yo‘qotdi va o‘ta xavfli qarshi hujumni o‘tkazib yubordi. Saloh va  jamoadoshlari raqibning bir vakili qarshisida qolishdi.

Misrlik hujumchida pas uchun to‘rt variant bor edi, ammo u to‘pni Trentga uzatdi, himoyachining zarbasi esa to‘sindan qaytdi.

81-daqiqada hakam Havers jarima maydoni ichida Trent bilan kontaktdan keyin yiqilishini e’tiborsiz qoldirdi. Keyin nemis futbolchisi butsasining tashqi qismi bilan to‘pga aylanma zarba berdi, ammo to‘p biroz noaniq ketdi.

Umuman olganda, oxirgi 15 daqiqalik «Arsenal» ustunligida kechdi. Londonliklar ko‘plab pozitsion hujumlar uyushtirdi, standart vaziyatlar ishladi va mezbonlarga qarshi hujumlar uyushtirishga qo‘yishmadi.

«Arsenal» birinchi o‘rinni saqlab qoldi, «Liverpul» bir ochkolik farq bilan ta’qib qilmoqda. Bu turda «Sheffild»ga qarshi o‘yinda so‘nggi daqiqalarda mag‘lubiyatdan qutulib qolgan «Aston Villa» uchinchi o‘rinda.

«Vest Hem» — «Manchester Yunayted» 2:0
Gollar
: Bouen (72), Quddus (78).
«Vest Hem» – Areolya, Tsoufal, Zuma, Mavropanos, Emerson, Uord-Prouz, Souchek, Paketa, Alvares, Quddus (Jonson, 90+3), Bouen (Fornals, 88).
«Manchester Yunayted» – Onana, Uan-Bissaka, Evans, Kambvala (Regilon, 84), Shou, Fernandesh, Maktominey, Maynu, Antoni (Pellistri, 73), Garnacho (Eriksen, 85), Hoylund (Reshford, 57).
Ogohlantirishlar: Quddus (43), Evans (45), Fernandesh (51), Paketa (74), Shou (90+6).

Yevrokuboklar yo‘llanmasi uchun raqobatchiga qarshi o‘yin arafasida jarohatlangan futbolchilari butun bir tarkibni tashkil etadigan Erik ten Hag 19 yoshli Garnachodan tashqari uning tengdoshi Kambvala (bu uning asosiy jamoadagi debyuti bo‘ldi) va 18 yoshli Maynuni tushirishiga to‘g‘ri keldi. Tarkibdagi muammolar «MYu»ning mavsumdagi antirekordini ham izohlaydi: mehmonlar dastlabki 29 daqiqalikda biror marta darvoza tomon zarba yo‘llay olmadi. Bunday holatda kamdan kam yuzaga keladigan vaziyatlarga ehtiyotkorlik bilan yondashish zarur edi, Garnacho esa darvozabon bilan yakkama-yakka vaziyatdan foydalana olmadi. Ko‘p o‘tmay argentinalik vingerda qarshi hujumda yana shunday vaziyat yuzaga keldi va yana bu vaziyat ko‘kka sovurildi.

Mankunianliklar ma’lum oraliqlarda to‘pni nazorat qilishdi va hujumlar uyushtirishdi, ammo «Vest Hem»dagi jamoaviy mahorat va tajriba o‘z so‘zini aytdi. 72-daqiqada Lukas Paketa to‘pni himoyachilar ortiga tashlab berdi va Bouen darvozabon bilan yakkama-yakka vaziyatga chiqib borib, ikkinchi urinishda darvozani ishg‘ol etdi. Ko‘p o‘tmay Maynu tajribasizlik qildi va markaziy hududda berilgan oddiy pasni egallay olmadi va Paketa bu safar Muhammad Quddusni qulay vaziyatga chiqarib yubordi.

Devid Moyyes sobiq jamoasining bayramini buzdi va statistikachilarga ish topib berdi. Ma’lum bo‘lishicha, «MYu» Rojdestvoga qadar 13 o‘yinda yutqazishi oxirgi marta uzoq 1930 yilda kuzatilgan. To‘rt o‘yindan iborat golsiz seriya esa 1992 yildan beri ro‘y bermagandi — bu Aleks Fergyusonning oltinchi mavsumida edi. «Vest Hem» turnir jadvalida «qizil iblislar», «Brayton» va «Nyukasl»ni ortda qoldirgan holda oltinchi o‘ringa ko‘tarilib oldi.

«Luton Taun» — «Nyukasl» 1:0
Gol: Taunsend (25). 
«Luton» – Kaminski, Kabore (Jaylz, 46), Bell (Andersen, 76), Osho, Menji, Dauti, Taunsend (Ogbene, 81), Barkli, Lokonga (Raddok-Mpanzu, 80), Braun, Adebayo (Morris, 81). 
«Nyukasl» – Dubravka, Trippiyer, Sher, Lassels (Botman, 37), Bern (Holl, 85), Gimaraes, Longstaff, Mayli (Isak, 38), Almiron (Livramento, 81), Gordon, Uilson.
Ogohlantirishlar Barkli (56), Menji (89), Holl (90+4). 

O‘z maydonida favorit jamoalarga muammolar tug‘dira olayotgan «Luton» «Nyukasl»ga qarshi o‘yinda ham o‘z o‘yinini o‘zgartirmadi. «Qarg‘alar» Uilson darvoza hududidan turib bosh bilan zarba berganida ham Kaminskini dog‘da qoldira olishmadi. Mezbonlar safida esa ikki tajribali futbolchi gol uyushtirdi - Barkli uzatma berdi, Taunsend to‘pni darvoza to‘riga yo‘naltirdi.

Lekin APLda ikki yarim yillik tanaffusdan keyin ilk bor darvozani ishg‘ol etgan vingerning goli hali hech narsani kafolatlamasdi. «Shlyapado‘zlar»ning oxirgi mehmonlari — «Arsenal» va «Man Siti» — irodali g‘alabalarga erishgandi. Ammo ulardan farqli ravishda Eddi Hau jamoasida vaziyatlardan foydalanishda muammolar yuzaga keldi. Isak baribir to‘pni darvozaga joylay olganida esa VAR shved hujumchisida kichik ofsayd qayd etdi. Natijada mehmonlar yettinchi o‘ringa tushib ketishdi.

«Tottenhem» — «Everton» 2:1
Gollar: Risharlison (9), Son (18) — Gomesh (82). 
«Tottenhem» – Vikario, Porro, Devis, Romero (Dayyer, 46), Emerson, Kulusevski, Skipp, Sarr (Lo Chelso, 73), Son, Jonson, Risharlison (Hyoyberg, 63).
«Everton» – Pikford, Patterson, Tarkovski, Brentueyt, Mikolenko, Guyye (Gomesh, 24), Harrison (Danjuma, 66), Garner, Onana (Betu, 79), Maknil, Kelvert-Lyuin.
Ogohlantirishlar: Guyye (23), Onana (26), Gomesh (75), Patterson (84), Kulusevski (86). 

Hujumdagi samaradorlik «Tottenhem»ga birinchi bo‘limdayoq hisobni ishonchli ko‘rinishga keltirib qo‘yishni ta’minladi. Risharlison qanotdan uzatilgan pasga ideal zarba berib sobiq jamoadoshlarini ranjitdi, Son Xin Min esa Pikforddan qaytgan to‘pni darvozaga joylab qo‘ydi. Faqat londonliklar hisobni ushlash uchun o‘ynamasdan, yana gol urishda davom etishi ma’qulroq edi, chunki «Everton» ikkinchi bo‘limni juda kuchli o‘tkazdi.

Dastlab hujum boshlanishidagi fol tufayli Kalvert-Lyuinning goli bekor qilindi. Keyinroq Vikarioga raqib zarbalarini qaytarishda himoyachilar va ustun yordam berdi. Faqat bir necha oydan buyon jarohat tufayli o‘ynay olmagan Andre Gomeshning zarbasi aniq chiqdi, u birinchi bo‘limda jarohatlangan Geyyening o‘rniga tushirilgandi. Ikkinchi bo‘limda tushirilgan Danjuma esa Risharlisondan farqli o‘laroq sobiq jamoasi darvozasiga gol ura olmadi, «Tottenhem»ning asosiy tarkibidan joy ololmagan ushbu hujumchi ikki bor qulay vaziyatni yo‘qqa chiqardi, qo‘shimcha daqiqalarda esa uning zarbasi to‘sindan darvoza ichiga kirayotganida darvozabonning tizzasidan qaytdi, to‘p darvoza chizig‘ini kesib o‘tishiga bir necha santimetr yetmadi. Natijada, «shporlar» «Manchester Siti»ni kuchli to‘rtlikdan siqib chiqardi.

Italiya: «Roma» «Napoli»ni taslim etdi

«Frozinone» — «Yuventus» 1:2
Gollar: Bayes (51) — Yildiz (12), Vlahovich (81).
«Frozinone» – Turati, Lirola (Baes, 30; Kvernadze, 79), Romanoli, Monterizi, Luzuardi, Garritano (Harrui, 69), Jyelli, Breshianini, Barrenechea, Soule, Kayo Jorjye (Sheddira, 69).
«Yuventus» – Shchensni, Kambiyazo (Vea, 69), Sandro (Gatti, 27), Danilo, Bremer, Kostich (Ayling, 54), Rabio, Lokatelli (Nikolussi-Kavilya, 54), Makkenni, Yildiz (Vlahovich, 55), Milik.
Ogohlantirishlar: Kambiyazo (20), Makkenni (43).

«Frozinone» hafta o‘rtasida Italiya Kubogida «Napoli»ni safarda yirik hisobda mag‘lub etib (4:0) shov-shuv ko‘targandi. Ammo o‘sha o‘yin nafaqat katta kuch va hissiyotlarni olib qo‘ygan, balki raqib «Yuventus» ham o‘yinga jiddiy yondashishiga sabab bo‘lgandi. Byankonerilar maydonga diqqatni jamlagan va ishtiyoqmand holatda chiqib kelishdi, kuchli pressing mezbonlar darvozabonini dovdiratib qo‘ydi va Kenan Yildiz «Keksa sinioralar»ning A seriyada gol urgan eng yosh futbolchisiga aylandi (18 yoshu 233 kunligida).

Odatda Massimiliano Allegri uchun minimal ustunlik yetarli bo‘ladi, ammo shanba kungi o‘yinda turinliklar birinchi  bo‘limdayoq jarohat tufayli Aleksa Sandroni yo‘qotishdi, ikkinchi bo‘lim boshida esa aynan braziliyalik futbolchi mas’ul bo‘lgan hududdan uyushtirilgan hujumda gol o‘tkazib yubordi. Natijada murabbiy uchtalik almashtirish qilib, jamoani to‘liq kuch bilan hujumga yubordi, dastlab Makkennining zarbasi darvoza ustuniga tegdi, ko‘p o‘tmay amerikalik futbolchining uzatmasi Vlahovichning «ikkinchi qavat» g‘alaba golini urishiga olib keldi. «Yuve» «Inter»ni oldinga qo‘yib yubormoqchi emas.

«Inter» — «Lechche» 2:0
Gollar:
 Bissek (43), Barella (78). 
«Inter» – Zommer, Darmian, Acherbi, Bastoni, Bissek, Karlos Augusto (Pavar, 84), Klassen, Frattezi, Mxitaryan, Chalxono‘g‘li (Aslani, 75), Barella, Arnautovich, Tyuram (Sanches, 84).
«Lechche» – Falkone, Jandre (Venuti, 86), Baskirotto, Pongrachich, Gallo, Uden (Sansone, 86), Ramadani, Gonsales (Kaba, 46), Banda, Strefetssa (Rafya, 64), Pikkoli (Krstovich, 73).
Ogohlantirishlar: Gonsales (15), Chalxono‘g‘li (30), Pikkoli (64), Pongrachich (74).
Chetlatish: Banda (83).

«Inter» bu o‘yin oldidan noodatiy holatga tushib qoldi, Italiya chempionatining eng yaxshi to‘purari bo‘lib turgan Lautaro Martines jarohat tufayli zayavkadan o‘rin olmadi. Bunday holat 2022 yil aprelidan buyon kuzatilmagandi va o‘tgan vaqt ichida argentinalik hujumchi uzluksiz 89 o‘yinda maydonga tushdi. Tabiiyki, bunday vaziyatda Tyuramning ochilmagan qirralari yoki Arnautovichning mahoratidan umid qilinardi, ammo forvardlarning ishi yurishmay turganida himoyachi Bissek tashabbusni o‘ziga oldi. Daniyada uch mavsum o‘ynagan 194 santimetrlik gigant avvaliga to‘sinni ko‘zladi, keyin esa Xoqon Chalxono‘g‘lining burchakdan uzatgan to‘pini darvozaga joyladi.

Faqat Simone Indzagi jamoasi muvaffaqiyatni tezda rivojlantira olmadi va jamoa muxlislari ikkinchi bo‘limni xavotir bilan kuzatishiga to‘g‘ri keldi. «Lechche» ikkinchi bo‘limda faolroq o‘ynadi va arbitr mezbonlar darvozasiga penalti qo‘ydi. Hakam Karlos Augusto to‘pni qo‘li bilan to‘xtatgan deb topgandi, ammo VAR xatoni to‘g‘riladi va penalti bekor qilindi. O‘yin oxirlariga borib Arnautovichning tovonda yo‘llagan dohiyona pasidan keyin Barella intrigaga barham berdi. «Yuventus» bilan oradagi farq hamon to‘rt ochkoni tashkil etmoqda.

«Roma» — «Napoli» 2:0
Gollar: Pellegrini (76), Lukaku (90+6). 
«Roma» – Patrisiu, Kristensen (Chelik, 75), Lorente, Manchini, Ndika, Zalevski (Al Sha’roviy , 71), Paredes (Ozmun, 71), Kristante, Bove, Lukaku, Belotti (Pellegrini, 71).
«Napoli» – Meret, Di Lorenso, Jyezus (Natan, 90+4), Rrahmani, Ruy (Zerbin, 81), Lobotka (Kayuste, 56), Zelinski, Zambo-Angissa, Politano, Kvaratsxeliya (Raspadori, 90), Osimhen.
Ogohlantirishlar: Ruy (28), Paredes (28), Kristensen (32), Kristante (38), Belotti (60), Jyezus (62), Zalevski (65), Osimhen (73), Al Sha’roviy (82), Ozmun (90+5). 
Chetlatishlar: Politano (66), Osimhen (86).

Turning markaziy o‘yini birinchi bo‘limi «Roma» ssenariysi bo‘yicha kechdi. Lekin gol ro‘y bermadi. Hujumlardan birida Bove darvozabon hududidan zarba berish imkoniyatiga ega bo‘ldi, ammo Meret qahramonlik ko‘rsatdi. «Napoli» o‘yini esa ko‘pincha rimliklarning follari hisobiga rivojlandi va asosan Kvaratsxeliyaga nisbatn qo‘polliklar ishlatildi. Bu esa ikki bosh murabbiy o‘rtasida tortishuv yuzaga keltirdi va ularga sariq kartochka ko‘rsatildi.

Tanaffusdan keyin esa «Napoli» parokanda bo‘la boshladi. Avvaliga Lobotka uzatma berish vaqtida yo‘q joydan jarohat oldi. Keyin esa Politanoning asabi dosh berolmadi, u Zalevskining folidan keyin jafokorini tepishdan o‘zini to‘xtata olmadi. Hakam esa mezbonlar vakiliga ogohlantirish berish bilan cheklanib, janubliklar yetakchilaridan birini maydondan haydadi.

Portugaliyalik mutaxassisning metodlari ish berdi va son jihatdan ustunlik barchasini hal qildi. Amaldagi chempionlar ochiqchasiga ojiz qoldi va bu mavsumni oldingilariga qaraganda kamtarroq o‘tkazayotgan Pellegrini g‘alaba golini urdi. Uning joyida o‘girilib yiqilayotgan holda yo‘llagan noodatiy zarbasi turning eng chiroyli goliga aylandi. «Napoli» esa hech narsa bilan javob qaytara olmadi, shu kunlarda shartnomasini yangilagan Osimhen esa ikkinchi sariq kartochkasini olib, muddatidan oldin kiyim almashtirish xonasiga yo‘l oldi. U gol urmagan o‘yinda janubliklar yevrokuboklarga yo‘llanma beruvchi oltinchi o‘rindan ham tushib ketdi va o‘rnini «Roma»ga bo‘shatib berdi.

Ispaniya: «Atletiko»da chetlatishlar bo‘yicha norma bajarildi

«Atletiko» — «Sevilya» 1:0
Gol
: Liorente (47).
«Atletiko» – Oblak, Molina (Liorente, 46), Aspilikueta, Ximenes, Vitsel, Rikelme (Korrea, 46), Koke (Suyunchi, 66), De Paul, Lino, Grizmann (Reynildu, 73), Morata (Saul, 55).
«Sevilya» – Dmitrovich, Ramos, Salas, Gudel, Pedrosa (Yanuzay, 82), Xuanlu Sanches, Rakitich (Sou, 53), Oliver Torres (Mir, 78), Sumare, Okampos, Suso (An-Nosiri, 53).
Ogohlantirishlar: Molina (27), Ximenes (38), Suso (43), Salas (68), Korrea (77), Vitsel (77), Ramos (83), De Paul (85), Aspilikueta (90), Liorente (90+4). 
Chetlatish: Suyunchi (70).

Boshqa jamoalar hafta o‘rtasidagi o‘yinlardan keyin («Real» «Alaves» 1:0, «Barselona» «Almeriya»ni 2:1 hisoblarida mag‘lub etdi, «Jirona» «Betis» bilan 1:1 hisobida durang o‘ynadi), rojdestvo ta’tillariga yo‘l olgan bo‘lsa, «Atletiko» va «Sevilya» noqulay ob-havo tufayli o‘z vaqtida o‘tkazilmagan o‘yinni o‘tkazib qo‘yishiga to‘g‘ri keldi. Endilikda turnir jadvalidagi barcha jamoalarda o‘yinlar soni tenglashdi, madridliklar esa qo‘shimcha ko‘rsatkichlar evaziga «Barselona»ni ortda qoldirib, uchinchi o‘ringa ko‘tarildi. Lekin Diyego Simeone jamoasi so‘nggi turlarda depsinib qolgandi. Avvaliga Bilbaoda mag‘lubiyatga uchraldi (0:2), keyin esa «Xetafe» bilan o‘yinda ikki gol ustunligi boy berildi (3:3).

Shanba kuni ham «matraschilar» o‘yinni ozchilik bo‘lib yakunlashiga to‘g‘ri keldi, ikkinchi bo‘limda mudofaani kuchaytirish uchun tushirilgan Chag‘lar Suyunchi to‘rt daqiqa o‘tib VAR orqali maydondan chetlatildi. Bu qizil kartochka — madridliklar uchun joriy yil boshidan buyon sakkizinchisi bo‘ldi va bu borada 2022 yildagi kabi «barqarorlik» qayd etildi. O‘tgan turda sentabrdan buyon ilk g‘alabasiga erishgan «Sevilya» esa hali o‘ziga kela olmayotgani ayon bo‘ldi. Yigirma daqiqadan ortiqroq vaqt davomida bir kishi ko‘p bo‘lib o‘ynaganiga qaramay andalusiyaliklar hech narsa qila olmadi va gol urishdan ko‘ra gol o‘tkazib yuborishga yaqinroq bo‘ldi.

Kun statistikasi

  • «Vest Hem» yarimhimoyachisi Bouen Angliya chempionatida o‘yindan 11 gol urdi va bu borada mavsum yetakchisi Holand bilan tenglashib oldi.
  • «Arsenal» himoyachisi Gabriel Magalyans Angliya chempionatida urgan gollari sonini 11 taga yetkazdi. U o‘z debyutini boshlaganidan buyon markaziy himoyachilardan hech biri bu qadar samaradorlik ko‘rsata olmagan.
  • A seriyada 25 o‘yinda kamida bittadan gol urilishi — «Inter» uchun bir bosh murabbiy boshqaruvida qayd etgan rekordi.
  • Joriy yil boshidan buyon «Roma» o‘yinlarning so‘nggi o‘n besh daqiqaligida 26 marta raqiblar darvozasini ishg‘ol etdi. Rimliklar yetti yil oldingi rekordini takrorladi.
  • «Liverpul» himoyachisi Aleksandr-Arnold APLdagi golli uzatmalari sonini 57 taga yetkazdi va jamoadoshi Roberson bilan birgalikda ligadagi eng yuqori ko‘rsatkichni qayd etib turibdi.
Ko‘proq yangiliklar: