O‘zbekiston | 20:40 / 23.12.2023
80266
6 daqiqa o‘qiladi

UzAuto Motors shartnomani qachon ochadi?

1 yilu 10 kun davomida Cobalt, Lacetti, Damas va Labo uchun atigi 32 soatu 27 daqiqagina shartnoma berildi. Bu davrning ham 12 soatdan ko‘prog‘i kunnning ish vaqtidan tashqari qismiga to‘g‘ri keladi.

UzAuto Motors kompaniyasi 22 dekabr kuni  Cobalt, Damas va Labo avtomobillari uchun 12:00 dan boshlab onlayn kontraksiyalar ochilishini e’lon qilgandi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Kompaniya avtomobil xarid qilish uchun shartnomani faqat onlayn tarzda rasmiylashtirish mumkinligini, barcha Chevrolet dilerlik markazlari savdo tizimidan o‘chirilishi va avtosalonlarning barchasi yopiq bo‘lishini yana bir bor yozg‘irib-yozg‘irib takrorladi.

Minglab odamlar kutgan soat 12:00 ham keldi. Ammo onlayn shartnoma olish mumkin bo‘lgan UzAutoSavdo ilovasi va savdo.uzavtosanoat.uz sayti ishlamadi. Bu vaqtda esa tarmoqlarda shartnoma olish ilinjidagi xaridorlar nimaki bo‘lsa, hammasini qilib ko‘rdi. Ammo UzAutoSavdo platformasi faoliyatidagi texnik nosozliklar hamon tuzatilgani yo‘q.

Kun.uz holatga izoh olish uchun “O‘zavtosanoat" matbuot xizmati bilan bog‘landi. Ma’lum bo‘lishicha, hozirgacha birorta ham shartnoma rasmiylashtirilmagan va yaqin vaqt ichida shartnoma berish qayta ochiladi.

Qiziq jihati, dekabr oyi boshida kompaniya Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan hamkorlikda UzAutoSavdo tizimi modernizatsiya qilinayotgani, tizimning texnik jihozlanishini kuchaytirish bo‘yicha samarali ishlar olib borilayotgani, bu esa uning yuqori tezlikda to‘g‘ri ishlashini ta’minlashini bot-bot takrorlab e’lon bergandi. Shunda, shuncha qilingan “ishlar” tizimning 10 daqiqa ishlashi uchun ham samara bermagan bo‘ladimi?

32 soat 27 daqiqa

Keling, hisob-kitob qilib ko‘ramiz. UzAuto Motors yil boshidan beri qancha payt xaridorlarga shartnoma berdi? 

Cobalt va Lacetti sotuvi 2022 yil 8 dekabrdan, Damas va Labo sotuvi esa 13 dekabrdan boshlab to‘xtatilgan edi. Kompaniya ommabop modellari sotuvini 8 oylik tanaffusdan keyin, shu yilning 4 avgust kuni qayta tikladi, o‘shanda avtosalonlarda kuzatilgan ajiotaj fonida 50 mingdan ortiq avtomobil uchun shartnomalar 21 soat ichida tarqatib bo‘lingani aytilgandi

Keyinroq, 18 sentabr kuni qo‘shimcha shartnoma berish boshlangani xabar qilindi, biroq oradan 3 soat o‘tar-o‘tmas 28 mingta shartnoma tugagani, jarayon esa to‘xtatilgani ma’lum bo‘ldi

3 noyabr kuni yana Cobalt, Damas va Labo avtomobillarining qo‘shimcha hajmi uchun kontraktatsiya ochilgani ma’lum qilindi. Bu gal onlayn platformalar orqali ham shartnoma olish mumkinligi e’lon qilingan bo‘lsa ham, bu platformalardan hech biri tayinli ishlagani yo‘q. Bu safar ham bozordagi narxlardan kamida 2-3 ming dollar arzoniga avtomobil olishga umid qilgan xaridorlarning katta qismi chuchvarani xom sanagani ma’lum bo‘ldi. Monopol kompaniya kontraktatsiyani ochganidan 7 soat o‘tar-o‘tmas, yana uni noma’lum muddatga yopdi. UzAuto Motors qancha shartnoma tuzilgani va kontraktatsiya qachon rasman yopilgani haqida ma’lumot berib ham o‘tirmadi. 

E’tibor bering, 1 yilu 10 kun davomida UzAuto Motors tanlovsizlik ortidan ommabop modellar rutbasiga chiqib qolgan Cobalt,Lacetti, Damas va Labo uchun atigi 32 soatu 27 daqiqagina shartnoma bergan. Bu muddat ham aynan kompaniya rasmiy e’lon bergan vaqtdan kelib chiqib hisoblangan, amalda aksariyat avtosalonlarda kontraktatsiya tuzish ancha oldin tugaganiga guvoh bo‘ldik. Shuningdek, shartnoma olish ochiq bo‘lgan 32 soatu 27 daqiqaning 12 soatdan ko‘prog‘i kunning ish vaqtidan tashqari qismiga to‘g‘ri keladi.

Mashina yo‘q, navbat ham yo‘q

Chorak asrki “milliy g‘ururimiz”, “milliy brendimiz” degan nom ostida xalqning “qonini ichib” kelgan avtosanoatni iste’molchilar eshiklarini taqillatib, “arzon va sifatli mashinalar bor, iltimos, olinglar”, deydigan darajaga olib chiqa olmadik. Yillar davomida “milliy brendimiz”ni saqlab turish uchun adog‘i yo‘q subsidiyalar, sanoqsiz imtiyozlar bugungi kunga kelib o‘z “mevasi”ni berayotganiga guvoh bo‘lib turibmiz.

Prezident “O‘zavtosanoat” oldiga 2022 yilning 1 mayiga qadar avtosalonlardagi navbatlarni tugatish vazifasini qo‘ygan edi. Oradan bir yarim yil o‘tib, avtosanoatchilar o‘zlariga xos bo‘lgan “innovatsion” yo‘l bilan navbatni yo‘q qilib yuborishdi: hech kim to‘lov ham qilolmaydi, yangi mashina ham sotib ololmaydi. Shartnoma bo‘lmaganidan keyin, navbatlar ham bo‘lmaydi.

O‘zbekistondagi avtomobilsozlik sanoatining monopolistik holati yuqori darajada ekanligi hech kimga sir emas. Umuman olganda, monopoliya sohani qutqarmaydi, aksincha, sekin va ohista shaklda o‘ldirib boradi. Chunki butun bir jamiyatni tanlashdan mahrum qilib, monopol hukmronlik qilayotgan soha rivojlanishi, global miqyosda raqobatbardosh bo‘lishi mumkin emas. Bozor iqtisodiyotining eng asosiy qonuniyati bu – raqobatning rivojlanishidir. Raqobat bo‘lmagan tizimdan, birinchi navbatda, quyi va o‘rta qatlam jabr ko‘raveradi. Tanlovsizlik ko‘lami esa yildan yilga ortib bormoqda.

Mavzuga oid