O‘zbekiston | 09:48
4275
6 daqiqa o‘qiladi

Foydali qazilmalar va mudofaa sohasida hamkorlik, axborot almashinuvini kuchaytirish – O‘zbekiston-Fransiya strategik sheriklik shartnomasida nimalar ko‘zda tutilgan?

12 mart kuni Parijda bo‘lib o‘tgan muzokaralar yakunida Shavkat Mirziyoyev va Emmanuel Makron O‘zbekiston–Fransiya o‘rtasida Strategik sheriklik o‘rnatish to‘g‘risidagi qo‘shma deklaratsiyani imzoladi. Yelisey saroyi rasmiy saytida qo‘shma deklaratsiyaning to‘liq matni e’lon qilindi. Kun.uz ushbu hujjatda ko‘zda tutilgan kelishuvlar haqida ma’lumot berib o‘tadi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Strategik sheriklik o‘rnatish to‘g‘risidagi qo‘shma deklaratsiya 5 bob 36 banddan iborat. Boblar – siyosiy hamkorlikni chuqurlashtirish, mudofaa va xavfsizlik masalalarida hamkorlikni mustahkamlash, iqtisodiy hamkorlik va savdoni rivojlantirish, inklyuziv va barqaror rivojlanish sohasida hamkorlikni faollashtirish hamda inson almashinuvini rivojlantirishni o‘z ichiga oladi.

Hujjatga ko‘ra, tomonlar o‘z munosabatlarini xalqaro huquq normalariga hurmat, har ikki tomonning o‘zaro tengligi, suverenitet, mustaqillik, hududiy yaxlitlik, chegaralarning bo‘linmasligi va o‘zaro ishonch asosida rivojlantiradi. Tinchlik, xavfsizlik va barqarorlikni qo‘llab-quvvatlab, xalqaro huquq normalariga zid ravishda kuch ishlatishga qarshi ekanini qayd etgan. Xususan, Fransiya tomoni O‘zbekistonning Markaziy Osiyodagi yaxshi qo‘shnichilik, tinchlik va xavfsizlikni ta’minlash yo‘lidagi harakatlarini qo‘llab-quvvatlaydi.

Fransiya va O‘zbekiston BMTning o‘rni, tashkilot oldida inson huquqlarini himoya qilish borasida olgan majburiyatlarini tan oladi. BMT va uning tizimidagi tashkilotlar YeXHT doirasida hamkorlikni rivojlantirib boradi. YuNESKO doirasida madaniy yodgorliklarni asrab-avaylash yuzasidan olingan majburiyatlarni bajarishga sodiq qoladi.

Ikki tomon eng yuqori darajada va hukumatlar doirasida barcha kanallarda doimiy aloqalarni saqlab turishga kelishgan. Fransiya O‘zbekiston-2030 strategiyasi doirasida demokratiyani mustahkamlash va qonun ustuvorligini ta’minlash yo‘lidagi islohotlarni amalga oshirishda o‘z hissasini qo‘shishga tayyorligini bildiradi.

Tomonlar davlat boshqaruvi, parlamentlararo hamkorlik, davlat xizmatchilarini tayyorlash yo‘lida hamkorlikni davom ettiradi.

Fransiya va O‘zbekiston mudofaa hamda xavfsizlik yo‘nalishlaridagi munosabatlarini rivojlantirishni maqsad qilgan. Shu maqsadda mudofaa sanoati sohasida hamkorlik yangi bosqichga olib chiqiladi. O‘zaro manfaatli bo‘lgan barcha siyosiy, harbiy va mudofaa-sanoat sohalarida muntazam ravishda ikki tomonlama strategik muloqotlar rag‘batlantiriladi.

Fransiya va O‘zbekiston mutaxassislar, malakali ishchilarning qonuniy harakatlanishiga imkoniyat yaratib, noqonuniy immigratsiyaga qarshi kurashda hamkorlikni kuchaytirishni maqsad qilgan. Shu maqsadda talabalar va mutaxassislarning harakatlanishi, shuningdek, noqonuniy migrantlarni topshirishga doir hujjat — readmissiya imzolandi.

Ikki davlat jinoyatchilikka qarshi kurashda axborot almashinuvini kuchaytiradi va xavfsizlik kuchlari o‘rtasidagi aloqalarni faollashtiradi. Sohaviy delegatsiyalar almashinuvi hamda ta’lim faoliyatidagi hamkorlik chuqurlashtiriladi.

2020-2030 yillarga mo‘ljallangan iqtisodiy yo‘l xaritasiga ko‘ra, quyidagi sohalarda strategik hamkorlik rivojlantiriladi:

  • aeronavtika va kosmik, energetika va sanoat;
  • geologik qidiruv va foydali qazilmalar;
  • kommunal xizmatlar;
  • suv resurslarini boshqarish;
  • transport infratuzilmasi va uskunalari;
  • turizm, madaniy merosni saqlash;
  • moliyaviy xizmatlar.

Tomonlar, shuningdek, sog‘liqni saqlash, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sanoati; ishlab chiqarish sanoati, shaharsozlik va qurilish, shu jumladan, Yangi Toshkent doirasidagi qurilishlar, madaniy va ijodiy sohalarda hamkorlikni chuqurlashtirish va rivojlantirish niyatida ekanini bildirgan.

Ikki davlat strategik foydali qazilmalar sohasida hamkorlik qilishga tayyor ekanliklarini tasdiqlagan, 2024 yil aprel oyida Yevropa Ittifoqi va O‘zbekiston o‘rtasida muhim xomashyo bo‘yicha tuzilgan strategik sheriklik muhimligi qayd etilgan. Fransiya O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga (JST) a’zo bo‘lish istiqbolini qo‘llab-quvvatlaydi.

Iqlim o‘zgarishi sharoitida har ikki tomon 2015 yil 12 dekabrdagi Parij kelishuvida belgilangan maqsadlarga erishish uchun qat’iyligini yana bir bor tasdiqlaydi. Imzolovchilar suv resurslarini boshqarish sayyora va iqlim uchun asosiy muammo ekanini, shuningdek, global oziq-ovqat xavfsizligi muhimligini tan olib, bu borada hamkorlik va almashinuvni chuqurlashtirish niyatida ekanini bildirgan.

Tomonlar madaniy sohadagi hamkorlik muhimligini qayd etib, Toshkentda fransuz-o‘zbek madaniyat markazi barpo etilishini bildirgan. Tomonlar hujjatli filmlar suratga olish, o‘zbekistonlik mutaxassislar va ularning fransuz hamkasblari o‘rtasidagi uchrashuvlarni qo‘llab-quvvatlaydi.

Ikkala tomon ham ikki davlat o‘rtasida talabalar mobilligini rivojlantirish, Parijda imzolangan hukumatlararo bitimga muvofiq Fransiya–O‘zbekiston universitetining ochilishini bildirgan.

Tomonlar ikki davlat xalqlari o‘rtasidagi o‘zaro tushunish va hamjihatlikka ko‘maklashish maqsadida O‘zbekistonda maktabgacha va maktab ta’limi sohasida, shuningdek, pedagogik kadrlar tayyorlashda fransuz tilini o‘qitish amaliyotini rivojlantirishni rag‘batlantirishini ma’lum qilgan.

Shuningdek, axborotni manipulyatsiya qilishga qarshi kurashish maqsadida har ikki tomon axborotning yaxlitligi va so‘z erkinligiga sodiqligini ta’kidlagan. «Fransiya va O‘zbekiston mediata’lim sohasida qo‘shma loyihalar ishlab chiqadi, jurnalistlar va mustaqil ommaviy axborot vositalari salohiyatini oshirishni qo‘llab-quvvatlaydi», — deyiladi hujjatda.

Ikki davlat tashqi ishlar vazirliklari, tegishli ma’muriyatlar bilan birgalikda ushbu qo‘shma deklaratsiya va undagi loyihalarning amalga oshirilishini nazorat qilishga mas’ul etib belgilangan.

O‘zbekiston–Fransiya o‘rtasida Strategik sheriklik o‘rnatish to‘g‘risidagi qo‘shma deklaratsiyaning to‘liq matni bilan Fransiya prezidentining rasmiy saytida (fransuz tilida) tanishib chiqishingiz mumkin.

Mavzuga oid