“Bu tadbirkorlar uchun o‘lim jazosi” - soliq maslahatchisi 227-1-modda haqida

Iqtisodiyot 11:46 / 22.12.2023 32195

— Bu yerda muammo nimada? Soliq qo‘mitasi va tadbirkorlar o‘rtasida nimaga nizoli vaziyat paydo bo‘ldi?

— Bu muammo nimadan kelib chiqdi, deydigan bo‘lsak. 2019 yildagi qarorda mazkur qonunchilik normasi bor edi, ammo javobgarlik me’yorlari belgilanmagandi. 2023 yil mart oyida Soliq kodeksiga o‘zgartirishlar kiritilib, 227-1-moddasi qo‘shildi. Unga ko‘ra, markirovka qoidalarini buzsa, maxsus hisoblash dasturlarini soliq organi bazasiga integratsiya qilmasa, bir chorakdagi (3 oy) sof tushumi miqdorida jarima belgilanadi. Asosiy muammo shundan, ya’ni jarima miqdori kattaligidan kelib chiqyapti.

Bu shu darajada katta jarimaki, moliyaviy jazo deb ko‘rib bo‘lmaydi, balki qo‘shtirnoq ichidagi “o‘lim jazosi” deyish mumkin. Biznesni shunchaki o‘ldiradi. Jarimaning o‘rniga bankrot deb e’lon qilamiz, degan bilan bir xil bo‘lib qoldi. Bu jarima qo‘llangan tadbirkorlik sub’yektlari ham bankrot bo‘lib qolganini aytyapti, bunaqa ishlagandan, ishlamagan yaxshi, deyishyapti. Bu orqali iqtisodiy siyosatga salbiy munosabat uyg‘onishni boshladi.

Prezident huzuridagi Tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash kengashi bu masalani ko‘tarib, Savdo-sanoat palatasi orqali olib chiqdik. Bu norma juda qat’iy bo‘lib qolgan, yengillashtirish kerak, degan masalani qo‘ydik. Ko‘pchilikni qiynab turgan muammo bo‘lgani uchun katta ovoza bo‘lib ketdi. Bu o‘rinda aytish kerakki, tadbirkorlarning Soliq qo‘mitasi bilan nizosi emasmi bu, balki soliq qonunchiligidagi me’yorlarga nisbatan munosabati keskinlashuvi, desa bo‘ladi. Soliq qo‘mitasi bilan munosabat joyida.

— Soliq qo‘mitasining mazkur holatga munosabati qanday? Nimalarni taklif qilyapti? Soliq qo‘mitasi so‘rayotgan narsaning texnik jihatdan imkoni bormi?

— Qisman qilsa bo‘ladi. Soliq qo‘mitasi bu qoida faqat markirovkalanishi shart bo‘lgan tovarlarga (tamaki mahsulotlari, maishiy texnika, alkogol va dori mahsulotlari) nisbatan qo‘llanishi, ya’ni shu tovarlarni sotish bo‘yicha dasturiy tizimlar soliq organi bazasiga integratsiya qilinishi kerak, degan pozitsiyada. Qonunda ham shunday. Lekin qonunchilikda markirovkalanishi zarur bo‘lgan tovarlar uchun har qanday tadbirkorlik sub’yekti o‘zi uchun hisob dasturi yaratadigan bo‘lsa, o‘sha jarayonning avtomatlashtirish tizimini soliq organiga integratsiya qilish ham belgilangan. Qonun ikki tomonni ham nazarda tutadi, ammo soliq organidagi munosabat asosan bir tomonga bo‘lyapti. Yig‘ilishdagi mavzuning ham 90 foizi markirovkalanadigan tovarlarga oid bo‘ldi. Asl maqsad jarima miqdori yuqoriligi edi, ammo masala boshqa tomonga qarab ketib qoldi.

Deylik, bir yemakxonada hisoblash dasturi yaratildi, agar uni soliq organiga integratsiya qilmasa, 3 oylik foyda miqdorida jarima to‘laydi. Lekin bu mahsulotni oddiy kassa apparatidan o‘tkazmasdan sotish darajasidagi huquqbuzarlik. Rivojlanish yo‘lidagi kichik bir xato uchun shuncha katta jarima.

— Bundan tashqari, tadbirkorlar boshqaruvga oid dasturlarning ham Soliq qo‘mitasi bilan integratsiyalanishi kerakligiga e’tiroz bildirishdi. Bu to‘g‘rimi?

— Boshqaruvga oid emas, aynan biznesni avtomatlashtirishga oid dasturlar nazarda tutilgan. Soliq organiga boshqaruv dasturlari kerak emas. Biznesni avtomatlashtirish bu biznesdagi har bir jarayon – tovarning sotib olinganidan boshlab sotilgunigacha bo‘lgan jarayonni o‘z ichiga oladi. Dasturning yakuni hisob-kitob qilgani uchun ham integratsiya qilish kerak degan norma kirgan, tadbirkorlar buni boshqaruvga oid dasturlarimizni ham integratsiya qilishimiz kerak deb tushunishyapti.

Kecha yig‘ilishda bir narsaga achindim. Soliq qo‘mitasi raisi, Savdo-sanoat palatasi raisi kelib, takliflarni, muammolarni so‘rashdi. Lekin aksariyat tadbirkorlar o‘zining o‘sha soliq tizimi bilan bo‘layotgan muammosini aytoldi xolos. Ya’ni hukumat vakillari bilan muzokara qiladigan darajada adekvatlik yo‘qligi ko‘rinib qoldi. Yechim so‘ralganda buni taklif eta olishmadi.

Aytganimdek, Soliq qo‘mitasi faqat markirovkalanadigan tovarlarga shunday bo‘lishi kerak, degan pozitsiyada, boshqalari uchun unchalik muhimmas, degandek bo‘lyapti. Ya’ni bu moddaning ta’sir doirasi bekatdagi oddiy oziq-ovqat do‘konidan kiyim-kechak magazinigacha ta’sir qiladi.

— 227-1-moddada ko‘zda tutilgan jarima miqdori kamaytirilishi mumkinmi?

— Kechagi yig‘ilishda ham jarima miqdorini qayta ko‘rib chiqish masalasi ko‘rildi. Davlat soliq qo‘mitasi 3 oylik foydaning 100 foizini emas, 20 foizini qo‘llaymiz, degan tushunchada turibdi. Lekin 20 foiz ham baribir ko‘p.

Yana bir narsa bor bu yerda. Huquqbuzarlik uchun solinaligan jarima qonuniy daromadga nisbatan olinishi juda noto‘g‘ri deb bilaman. Yig‘ilishda bu bo‘yicha ham munosabat bildirildi, ya’ni nimaga men hozir qilgan huquqbuzarligim uchun o‘tgan chorakda qonuniy ishlab topgan pulimdan kelib chiqib jarima to‘lashim kerak, degan savolni qo‘yishdi. Bu o‘rinli savol, albatta. Biznesni avtomatlashtirmagan tadbirkorlik sub’yektlari esa bu jarimaga tushmaydi ham, lekin rivojlanaman deb harakat qilib, xatoga yo‘l ko‘ygan tadbirkorga bu jazo.

Kecha bitta korxona muhokama qilindi. Markirovkasiz tovar sotgani uchun akt qilishgan. Lekin holat boshqacha bo‘lgan, ya’ni kafeda spirtli ichimlikni ma’lum miqdorda mijozga quyib bergan. Shuni markirovkasiz deb akt qilishgan, lekin quyib berilgan ichimlikda markirovka bo‘lgan. Kafe-yemakxonalarda bo‘lib-bo‘lib sotiladigan mahsulotlar uchun alohida tartib yo‘q. Kechagi yig‘ilishda ham Soliq qo‘mitasi raisi bunday holat uchun tartib joriy qilinmaguncha yangi qonun qo‘llanmaydi, degan gapni aytdi.

O‘sha 50-100 gramm quygan narsasi uchun korxonaning 3 oylik daromadi olib qo‘yilsa. Bu muhokama qilingan holatda 139 mlrd so‘m jarima qilinishi aytilgan. Yana bir qiziq tomoni shundaki, o‘sha ichimlik quyilgan bardan tashqari bo‘lgan bizneslarning ham daromadi hisoblanib, jarima ichiga kirib ketgan. Jarima 20 foizga kamaytirilganda ham, 28 mlrd so‘m bo‘ladi. Mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi bu.

O‘zi soliq bo‘yicha oddiy bir mantiq qoidasi bor: soliq tadbirkor to‘lay oladigan miqdorda bo‘lishi kerak. Biznesini o‘ldiradigan darajada bo‘lishi kerak emas. 20 foizga tushirilgan holatda ham biznesni o‘ldirishga yetarli bo‘ladi. Ikkinchidan, tadbirkor maksimal daromadini ko‘rsatmaslikka urinadi, ya’ni yashirin iqtisodiyotni kuchaytirishi mumkin. Uchinchidan esa korrupsiyaga yo‘l ochadi. To‘rtinchidan esa bir odam bizneslarini bo‘lib tashlashiga to‘g‘ri keladi, bo‘lmasa yuqorida aytilgan holatdagidek barcha bizneslariga ta’sir qiladi. Ajratib tashlash esa biznes uchun noqulay muhit, rivojlanishni to‘sadi. Biznesda bir soha rivojlanib, shu asosida boshqasi yuzaga keladi. Agar ajratib tashlansa, noqulay bo‘lib qoladi. O‘zi bu narsa korxonalarning tushumiga qaratilgani yashirishga, bo‘lib tashlashga olib kelaveradi, agar 1 foiz jarima bo‘lsa ham.

Hamma uchun bir xil javobgarlik bo‘lishi kerak. Xuddi yo‘lda oddiy “Jiguli” va “Mersedes” qoida buzganda ikki xil jarima to‘lashiday bo‘lib qoladi. Hozirgi norma bo‘yicha hamma o‘zini kam daromadli qilib ko‘rsatishga urinib qoladi. Ya’ni qaysi korxona ko‘proq daromadini yashirsa, o‘sha korxona jarimaga to‘g‘ri kelganda yutadigan holat yuzaga keladi. Soliqlar aslida rag‘batlantiruvchi xarakterga ega bo‘lishi kerak.

Shuning uchun ta’sir chorasi sifatida BHMga ko‘ra jarima belgilansin. Mayli, 100 barobar qilsin. Shunda tadbirkorlar o‘ylab ko‘radi, markirovkasiz tovar sotmaslikka harakat qiladi. Umuman, biznesga kirayotgan odam foyda olishni ko‘zlaydi.

227-modda markirovkalash qoidalarini buzish va avtomatlashtirilgan hisoblash dasturlarini soliq organiga integratsiya qilmaganlik uchun qo‘llanadi. O‘zi markirovkani kim qilish kerak, degan savol bor. Markirovkalashni ishlab chiqaruvchi yoki import qiluvchi korxona qiladi, sotuvchi emas. Qonunda aynan markirovkalash qoidasini buzish nazarda tutilyapti, bunda sotuvchi sotgani uchun javobgarlikka tortilmasligi kerak. Lekin amalda sotganlarga nisbatan qo‘llanyapti.

Ikkinchi holat bo‘yicha esa avtomatlashtirilgan hisoblash dasturlarini ulamaganlar javobgarlikka tortiladi. Ammo ular rivojlanish yo‘lidan borib xatoga yo‘l qo‘ygan. Vaholanki, umuman avtomatlashtirilgan hisoblash dasturlarini o‘rnatmay biznes yuritib yurganlar ham bor.

Bu boradagi taklifimiz shuki, markirovkalanmaydigan tovar sotadiganlar hisoblash dasturlarini soliq organiga integratsiya qilmagan bo‘lsa, kassa apparatidan o‘tkazmasdan sotish darajasidagi javobgarlik bo‘lishi kerak.

Markirovkalash bo‘yicha qo‘llanayotgan jazo 3 turga bo‘linishi kerak, degan taklif bergan bo‘lardik. Birinchisi – maxsus hisoblash dasturlarini ishlatish majburiy bo‘lmagan korxonalar integratsiyasiz ishlatganda alohida javobgarlik; ikkinchisi – markirovkalanadigan tovarlarni markirovkasiz sotganlik uchun alohida javobgarlik va uchinchisi – ishlab chiqaruvchi yoki importyor korxona markirovkasiz tovar chiqargani uchun alohida javobgarlik. Shunda o‘rinli bo‘ladi deb o‘ylayman. Bo‘lmasa, hammasini bitta qozonga solib, o‘t yoqib yuborgandek bo‘ladi. Bu narsa esa biznes uchun juda xavfli. Jarimani tushumga bog‘lab bo‘lmaydi.

Doston Ahrorov suhbatlashdi.

Ko‘proq yangiliklar: