O‘qiganiga emas uqqaniga amal qilishga qachon baham beriladi? Mulk huquqi sudlarda qanday poymol qilinayotgani haqida 

Jamiyat 19:05 / 21.12.2023 10202

Xususiy mulk huquqi qonun bilan himoyalanadi va kafolatlanadi.

Tirik jon borki, uyli-joyli, vatanli bo‘lishga intiladi.

Ayniqsa orzu havasli o‘zbek buning uchun nafaqat bor mehnatini, bir umr yiqqanini shunga sarflaydi, qarz-havola qilib bo‘lsa-da uy olishga, qurishga harakat qiladi.

Demokratik davlatlar fuqarolarning mulkini himoya qilish, uy-joyli bo‘lishni rag‘batlantirish va xususiy mulk huquqi daxlsizligini kafolatlashni fuqarolar osoyishtaligi va ijtimoiy himoyasining eng samarali yo‘li sifatida konstitutsiya va qonunlar orqali himoyalaydi.

Biroq qonunlarni qo‘llashdagi turli xil yondashuvlar, qonunni o‘zicha tushunishlar amaliyotda ko‘plab uchraydi, uchramoqda.

Kun.uz ushbu maqola orqali ko‘pchilik uchun qiziq va daxldor bo‘lgan mulk huquqiga oid qonunlarni qo‘llashdagi ayrim noaniqliklar hamda ularning shaxsiy mulkka daxl qilayotganiga e’tibor qaratdi.

Ma’lumki, ma’muriy sudlar ish yurituvida ma’muriy organlarning yer uchastkasi yoki turar joy ajratish, egalik huquqini berishga oid qarorlarini haqiqiy emas deb topish yuzasidan yuzlab da’vo arizalari ko‘rilmoqda.

Bunda arizalar ba’zan hokimiyat, ba’zan kadastr, ba’zan prokuratura tomonidan kiritilmoqda. Biroq da’vo kiritayotganlar ham, uni sudda ko‘rib chiqayotganlar ham amaldagi qonun normalariga jiddiy e’tibor qaratishmayapti. Natijada mulkdorlar asossiz tarzda mulkidan ayrilmoqda.

Sud qarori adolatli va qonuniy bo‘lsa xo‘p-xo‘p. Lekin keyinchalik uning asossizligi aniqlansa, o‘sha qaror asosida buzib yuborilgan uyni kim tiklab beradi?

E’tiboringizni yuqorida qayd etilgan qonunni qo‘llashdagi farqqa qaratsak.

O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy sud ishlarini yuritish tartibi to‘g‘risidagi kodeksining 3-moddasida ushbu kodeks fuqarolar va yuridik shaxslarning (!) buzilgan yoki nizolashilayotgan huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish to‘g‘risidagi ma’muriy ishlarni ko‘rib chiqish tartibiga nisbatan tatbiq etilishi belgilangan.

Ahamiyat qaratgan bo‘lsangiz moddada faqat fuqarolar va yuridik shaxslarning buzilgan yoki nizolashilayotgan huquqlari va manfaatlari haqida gap ketgan.

Davlat manfaatlari haqida esa moddada o‘qiganingizdek hech narsa yozilmagan.

Davom etamiz, shu kodeksning 184-moddasi 3-qismida ma’muriy organlarning va fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining, ular mansabdor shaxslarining qarorlari, harakatlari (harakatsizligi) ustidan shikoyat qilish to‘g‘risidagi ishlarni yuritish fuqarolar yoki yuridik shaxslarning arizalari asosida qo‘zg‘atilishi belgilab qo‘yilgan.

185-moddada esa, manfaatdor shaxs ma’muriy organning, fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organining qarorlarini haqiqiy emas deb topish to‘g‘risida ariza (shikoyat) bilan, agar bu qaror, harakatlar (harakatsizlik) tufayli:

uning huquqlari va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini buzgan;

uning huquqlari, erkinliklarini amalga oshirishga va qonuniy manfaatlarini ro‘yobga chiqarishga to‘siqlar vujudga keltirgan;

uning zimmasiga qonunga xilof ravishda biror-bir majburiyat yuklagan;

uning u yoki bu sohadagi faoliyatni amalga oshirishi uchun boshqa to‘siqlar vujudga keltirgan deb hisoblasa, sudga murojaat qilishga haqliligi belgilangan.

Anglaganingizdek, kodeksda davlat manfaatlarini ko‘zlab, mulk huquqini beruvchi hujjatni haqiqiy emas deb topish bo‘yicha ma’muriy sudga da’vo kiritish mumkinligi qayd etilmagan.

Buni tushunish uchun hatto huquqshunos bo‘lish ham shart emas, agar tushunmovchilik yoki shubha bo‘lsa, unda fikrimizni asoslashda davom etamiz.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2019 yil

24 dekabrdagi №24-sonli "Ma’muriy organlar va ular mansabdor shaxslarining qarorlari, harakatlari (harakatsizligi) ustidan shikoyat qilish to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish bo‘yicha sud amaliyoti" haqida qarorining 4-bandida mazkur vakolatga huquqlari va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlari buzilgan, huquqlari, erkinliklarini amalga oshirish va qonuniy manfaatlarini amalga oshirishda to‘sqinlik yaratilgan, zimmasiga qonunga xilof ravishda biron bir majburiyat yuklatilgan manfaatdor shaxs murojaat qilishi mumkinligi,  manfaatdor shaxs deganda, ma’muriy organning qarori yoki uning mansabdor shaxsi harakati (harakatsizligi) qaratilgan fuqaro yoki yuridik shaxs yoxud bunday qaror, harakat (harakatsizlik) huquq va qonuniy manfaatlariga daxl etgan boshqa shaxs tushunilishi belgilangan.

Bu o‘rinda ham ma’muriy organning tegishli qarorini bekor qilish uchun, ushbu qaror, albatta, fuqaroning yoki biron bir yuridik shaxsning huquq va manfatlarini buzgan bo‘lishi lozimligi nazarda tutilgan.

Faqat fuqaro yoki yuridik shaxsning, davlatning emas.

Davlat alohida yuridik shaxs emas. Sababi uning “fuqaro” va “yuridik shaxs”dan farqi qonunlarimizda aniq qilib yozib qo‘yilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 2-moddasida fuqarolik qonunchiligi bilan tartibga solinadigan munosabatlarning ishtirokchilari quyidagilarga bo‘lingan:

- fuqarolar;

- yuridik shaxslar;

- davlat.

Yana bir asos, Oliy sud Plenumining 20.11.2023 yilda qabul qilingan “Sudlarda yerga oid nizolarni ko‘rishda qonunchilik hujjatlari normalarini qo‘llashning ayrim masalalari to‘g‘risida”gi 28-sonli qarorining 7-bandi.

Unda ham aynan shu qoida belgilab qo‘yilgan.

“Bu qaror ommaga 18 dekabrdan e’lon qilingan, hali sudyalar ham o‘qishga ulgurmagan” desangiz, bunga qadar amalda bo‘lgan Oliy sud Plenumining 03.02.2006 yildagi 3-sonli qarorining 3-bandiga e’tiboringizni qaratmoqchimiz:

“Sudlarning e’tibori, davlat boshqaruvi organlari, ma’muriy organlar va ularning mansabdor shaxslarining fuqarolarning yer huquqiy munosabatlari sohasidagi huquqlarini buzuvchi qarorlari va harakatlari (harakatsizligi) ustidan berilgan shikoyatlar ma’muriy sudlarga taalluqli ekaniga qaratilsin.”

Sodda qilib aytganda,  ma’muriy organ, masalan hokimning mulk huquqini e’tirof etish haqidagi qarorini haqiqiy emas deb topish uchun avval qaysidir fuqaro yoki yuridik shaxsning huquqi buzilishi kerak.

Ikkinchidan, da’voni boshqa fuqaro yoki yuridik shaxs kiritishi kerak: hokimiyat yoki prokuratura emas.

Chunki hokimiyat yuridik shaxs emas, davlatning mahalliy ijro organi.

Prokuratura esa “Prokuratura to‘g‘risida”gi qonunning 41-moddasiga asosan da’vo kiritishi mumkin, faqat unga biron bir fuqaro yoki yuridik shaxs huquqi yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlari buzilgani yuzasidan ariza bilan murojaat etganda, ularning manfaatlarini ko‘zlab.

Davlat manfaatlarini vaj qilib, ma’muriy organning bu boradagi hujjatini bekor qilish uchun da’vo kiritishga, sud esa ishni ko‘rib chiqishga haqli emas. Harholda mamlakatimizda xususiy mulk huquqining himoyasi sifatida qonun shunday belgilab qo‘ygan.

Bir misolga e’tiboringizni qaratamiz: Fuqaroning mulkka egalik huquqi prezidentning 2018 yil 21 apreldagi “Fuqarolarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar hamda o‘zboshimchalik bilan qurilgan turar joylarga nisbatan mulk huquqini e’tirof etish bo‘yicha bir martalik umumdavlat aksiyasini o‘tkazish to‘g‘risida”gi PF-5421-son qarori asosida e’tirof etish to‘g‘risida tuman hokimining qarori chiqqan.

Hokim qaroriga asosan mulkka egalik e’tirof etilib, tegishli kadastr hujjatlari rasmiylashtirilgan.

Oradan yillar o‘tib, o‘sha qarorni chiqargan hokimlik “mening qarorimni bekor qilishga sudga ariza kiritib bering”, deb prokuraturaga murojaat bilan chiqmoqda.

O‘z navbatida prokuratura shu murojaatga asosan ma’muriy sudga hokimning qarorini haqiqiy emas deb topishni so‘rab ariza kiritmoqda.

Achinarlisi, bunday mantiqsiz va qonunlarga zid “sxema” faol ishlamoqda. Afsuski, sudlar hozirgacha bu turkumdagi ishlarning ko‘pini ko‘rgan va ko‘rishda davom etmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 20-moddasiga ko‘ra, inson bilan davlat organlarining o‘zaro munosabatlarida yuzaga keladigan qonunchilikdagi barcha ziddiyatlar va noaniqliklar inson foydasiga talqin etiladi.

"Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida"gi qonunning 7-moddasiga ko‘ra mulkdorning davlat organlari bilan o‘zaro munosabatlarida mulkdor huquqlari ustuvorligi prinsipi amal qiladi, unga muvofiq qonunchilikdagi xususiy mulk huquqini amalga oshirish bilan bog‘liq holda yuzaga keladigan barcha bartaraf etib bo‘lmaydigan ziddiyatlar va noaniqliklar mulkdorning foydasiga talqin etiladi.

Prezidentning 24.08.2022 yilgi “Mulk huquqi daxlsizligini ishonchli himoya qilish, mulkiy munosabatlarga asossiz aralashuvga yo‘l qo‘ymaslik, xususiy mulkning kapitallashuv darajasini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-198-son farmoniga ko‘ra mansabdor shaxslar va xizmatchilarning qonunda to‘g‘ridan to‘g‘ri ko‘rsatilgan holatlardan tashqari mulkka erkin egalik qilish, undan foydalanish va tasarruf etishni cheklash, taqiq qo‘yish, mulkiy huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni asossiz rad etish yoki boshqacha har qanday ko‘rinishda mulkdor yoki uning mulkiy huquqlariga ta’sir o‘tkazish va boshqa harakatlari xususiy mulk huquqini erkin amalga oshirishga aralashish va daxlsizligini buzish deb hisoblanadi hamda ularga nisbatan jinoiy javobgarlikka tortishgacha bo‘lgan choralar qo‘llanishiga asos bo‘ladi.

Maqoladan xulosani unda ko‘tarilgan masalalar bilan bevosita kesishganlargina chiqara oladi.

Huquqshunos

Ko‘proq yangiliklar: