Toshkentni viloyat markazlari bilan bog‘lovchi har kuni kamida 2 tadan aviareys qo‘yiladi

Iqtisodiyot 18:35 / 18.12.2023 21994

Prezident Shavkat Mirziyoyev 18 dekabr kuni o‘tkazgan yig‘ilishda xizmatlar sohasini rivojlantirish bo‘yicha topshiriqlar berdi.

Ta’kidlanishicha, O‘zbekistonda transport xizmatlarining yarmi avtotransportga to‘g‘ri keladi. Bu yil 1,5 mingga yaqin avtobus olib kelingan bo‘lsa-da, o‘sish 5,5 foizdan oshmagan. Transport vazirligiga yana kamida 1 ming 200 ta avtobus sotib olib, yo‘nalishlarga chiqarish topshirildi. Shuningdek, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikistonga avtobus qatnovlari 2 barobar oshiriladi.

Aviaxizmatlar bozorida 6 ta xususiy kompaniya ish boshlab, raqobat paydo bo‘lgani aytildi. Yil boshidan 25 ta yangi samolyot olib kelinib, 17 ta yo‘nalish ochilgan.

Shunga qaramasdan, sohadagi xizmatlar hajmi 7,7 foiz o‘sgan, xolos. Transport vazirligi oldiga kelgusi yilda aviatashuvlar hajmini 20 foizga oshirish vazifasi qo‘yildi.

Buning uchun Toshkent shahrini viloyat markazlari bilan bog‘lovchi har kuni kamida 2 tadan reys qo‘yiladi, viloyat markazlarini o‘zaro bog‘lovchi haftasiga kamida 1 tadan reys amalga oshiriladi, kamida 7 ta samolyot olib kelinib, yana 3 ta xalqaro yo‘nalish ochiladi, deyiladi rasmiy xabarda.

Yig‘ilishda, shuningdek, temiryo‘l tariflari qayta ko‘rib chiqilgani, keraksiz imtiyozlar bekor qilingani aytildi. Shuningdek, 6 ta tezyurar hamda shaharlararo qatnaydigan 30 ta elektr poyezd olib kelinmoqda.

Bu sohada kelgusi yilda kamida 20 foiz o‘sishni ta’minlash zarurligi ta’kidlandi.

Prezident xalqaro tashuvlarda mahalliy transport-ekspeditor korxonalar ulushi kamligini qayd etdi.

Mahalliy ekspeditorlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida ularning xizmatidan foydalanilganda, import tovarlariga bojxona boji hisoblashda transport xarajatini chegirish, xalqaro tashishlarda mahalliy ekspeditorlar xizmatiga qo‘shilgan qiymat solig‘idan imtiyoz berish imkoniyatini ko‘rib chiqish taklif qilindi.

Ko‘proq yangiliklar: