Samarqand davlat tibbiyot universitetida “Samarqand-2020” tibbiyot oliygohlari talabalarining IV-Xalqaro olimpiadasi bo‘lib o‘tdi

Jamiyat 17:54 / 18.12.2023 10715

Olimpiadada jahonning o‘nga yaqin davlatlaridan jumladan, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Rossiya, Turkiya, Ozarboyjon, Belorussiya va Ukraina davlatlarining 84 ta tibbiyot oliygohlaridan oflayn tarzda 670 nafar va onlayn tarzda 4141 nafar talabalar, xorijiy tibbiyot muassasalari rektorlari hamda 80 nafarga yaqin professor-o‘qituvchilar ishtirok etdi.

Olimpiadaning tantanali ochilish marosimida so‘zga chiqqan Samarqand davlat tibbiyot universiteti rektori Jasur Rizayev 4-marta tashkil etilayotgan mazkur nufuzli musobaqa nafaqat talabalar va yosh tadqiqotchilarning bilim va malakalarini sinovdan o‘tkazish va ularni munosib taqdirlashga balki, xalqaro do‘stona munosabatlarning yanada mustahkamlanishi hamda tibbiyot sohasida jahonning bir qator mamlakatlari bilan yangidan yangi hamkorlik aloqalarining o‘rnatilishiga zamin yaratishini ta’kidlab, barcha olimpiada ishtirokchilariga omad tiladi.

Ochilishning keyingi qismi bayramona ruhda davom etib, qiziqarli chiqishlar va kuy-qo‘shiqlar barcha ishtirokchilarga yuqori kayfiyat ulashdi.

Olimpiada doirasida bir guruh xorijiy davlat OTM professor o‘qituvchilariga SamDTU rektori Jasur Rizayev tomonidan universitetning “Faxriy professori” unvoni hamda Sog‘liqni saqlash Vazirligi tashakkurnomalari topshirildi.

Jumladan, Belarus davlat Xalqlar do‘stligi ordenli Vitebsk davlat tibbiyot universiteti rektori Aleksey Chukanovga “Samarqand davlat tibbiyot universiteti faxriy professori” unvoni; Irina Belenova, Sankt Peterburg Sog‘liqni saqlash qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Aleksey Tereshin, Turkiya Sog‘liq bilimlari universiteti rektori Kamalettin Aydinlarga Sog‘liqni saqlash Vazirligi tashakkurnomalari topshirildi.

Shuningdek, SamDTU talabalari uchun chet ellik va respublikamizning yetakchi mutaxassislari tomonidan zamonaviy tibbiyotda fundamental fanlar, ilmiy tadqiqot usullari va boshqa dolzarb masalalarga bag‘ishlangan 30ga yaqin master-klasslar, bakalavr, magistr hamda klinik ordinatorlar uchun xorijiy tibbiy OTMlari rektorlarining ma’ruzalari ham tashkil etildi.

Samarqand-2020” tibbiyot oliygohlari talabalarining IV-Xalqaro olimpiadasida ishtirok etuvchilar ikki bosqichda, test sinovlari va amaliy ko‘nikmalarini namoyish etish orqali bellashadilar. Shu bilan bir qatorda an’anaviy tarzda qatnashayotgan 670 nafar talabalar o‘z amaliy bilimlarning jahon standartlari talablariga javob beruvchi 7-avlod simuliatsion robotlari orqali o‘zi ko‘nikmalarini sinovdan o‘tkazishdi. Olimpiada o‘z ishini o‘zbek, rus va ingliz tillarida olib bordi.

Shuningdek, ilk bor O‘zbekistonning Abu Ali Ibn Sino nomidagi jamoat salomatligi texnikumi va xorijiy tibbiyot kollejlarining o‘quvchilari o‘rtasida xalqaro olimpiada tashkil qilindi.

Olimpiadaning yopilish marosimi ham tantanali tarzda tashkil etilib, g‘olib va sovrindorlar, faol ishtirok etgan va nominatsiya bo‘yicha g‘olib deb topilgan ishtirokchilar diplom, sertifikat hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar. Taqdirlash marosimi bayramona ruhda davom ettirilib, tayyorlangan chiqishlar va ko‘ngilochar kuy-qo‘shiqlar barchaga yuqori kayfiyat ulashdi.

Ko‘proq yangiliklar: