Prezident Shavkat Mirziyoyev 18 dekabr kuni ishlab chiqarishni yanada kengaytirish va xizmatlarni rivojlantirish masalalari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazdi.
Davlat rahbari jahonda ro‘y berayotgan o‘zgarishlar hisobiga iqtisodiyot uchun zarur bo‘lgan xomashyo va mahsulotlar narxi, ularni yetkazib berish xarajatlari beqarorligini ta’kidladi.
“Mahsulotlarimiz narx jihatdan raqobatbardosh bo‘lishini istasak, eng avvalo, o‘zimizdagi xomashyoni chuqur qayta ishlab, tayyor sifatli mahsulotlarni ko‘paytirishimiz shart va zarur”, dedi prezident.
Shavkat Mirziyovga ko‘ra, bu maqsadlarni amalga oshirish uchun Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligining hozirgi tizimini qayta ko‘rib chiqib, hududlarda ishlab chiqarish, sanoat zonalari va eksport masalalarini Savdo-sanoat palatasiga o‘tkazish kerak.
Bu orqali loyiha qilish va eksport tizimi davlatdan tadbirkorlar o‘zini o‘zi boshqaradigan tashkilotga o‘tkaziladi. Bu – tadbirkorlarning talab va istaklariga quloq solish, ular bilan yaqindan hamkorlik qilib, muammolarini hal qilish maqsadida qilinmoqda.
Shuningdek, Investitsiya vazirligining viloyat va tuman bo‘limlari tugatiladi. Hududlarda bu vazifalar bilan Savdo-sanoat palatasining loyiha qiladigan va eksportga ko‘maklashadigan mutaxassislari shug‘ullanadi.
Eksport agentligi va jamg‘armasi, “O‘zbekekspertiza” tashkiloti ham Savdo-sanoat palatasi tizimiga o‘tadi.
Ishlab chiqarish, eksport va brendlarga beriladigan grant, subsidiya va boshqa imtiyozlar palata orqali egasiga ochiq-oshkora va shaffof beriladigan tizim joriy qilinadi, deya ma’lum qilindi selektokda.