Metro o‘rindig‘i uchun “qo‘lidan ajralgan” talaba, tozalanmagan uy uchun jazo – “Talaba kundaligi”

Jamiyat 10:17 / 17.12.2023 30150

1-hikoya: Metro o‘rindig‘i uchun “bir qo‘lidan ajralgan” talaba

Bu voqea 16 yil oldin bo‘lgan. Do‘stim bilan o‘qish uchun Toshkent viloyatidan shaharga qatnardik. Cobir Rahimov bekatigacha (hozirgi Olmazor) taksida kelib, undan keyin metroda ketardik. Cobir Rahimovdan chiqsak, o‘rindiqlar bo‘sh bo‘lardi, Chilonzor bekatidan esa juda ko‘p kishi chiqardi. Tabiiyki, yoshi katta, nogiron va yosh bolali ayollarga joy berishga to‘g‘ri kelardi. Xullas, bir kun metroga chiqayotib, shum fikr xayolimdan o‘tdi. Bir qo‘limni yengimdan bo‘shatib, belimga, kurtkaning orqasiga yashirdim. Kurtkamning bir yengi qo‘li yo‘q insonlarniki kabi osilib qoldi. Do‘stim bilan o‘rindiqqa o‘tirdik. Vagonga ayollar, qariyalar ham chiqa boshladi. O‘rtog‘im joy berdi, men esa “bir qo‘lim bo‘lmagani uchun” o‘tirib ketaverdim.

Shunda bir rus ayol menga qarab, tezroq turishimni, qo‘lida chaqalog‘i bor ayolga joy berishim kerakligini aytib, tanbeh bera ketdi. To‘g‘risi, o‘sha ayolni ko‘rsam o‘zim ham joy berardim, lekin menga ko‘rinmayotgandi. Shunday bo‘lsa ham joy berish uchun o‘rnimdan turgan edim, bitta yengim qo‘lsiz odamlarnikidek hilpirab qoldi. Buni ko‘rgan haligi rus ayol xijolat bo‘lib qoldi. Boshqa yo‘lovchilar ham unga norozi nigoh bilan qarashdi.

Shu bilan manzilimizga kelib, vagondan tushdik. Sherigim bilan metro tunnelidan ketib borar ekanmiz, do‘stim kular, men esa hamon bir yengimni osiltirib, qo‘limni belim ustiga qo‘yib ketardim. Bir mahal qarasam, boya menga dag‘dag‘a qilgan ayol oldimizda ketib borar edi. Men esa ana endi javob qaytarishning vaqti keldi, dedim-da, ayolga yon tomondan yaqinlashib, "Boya bekorga menga do‘q qildingiz", dedim. Ayol ruschalab "Kechirasiz, kechirasiz, men sizning nogironligingizni ko‘rmadim, Xudo haqqi kechiring", dedi. Men esa "Sizga bir fokus ko‘rsataymi?" deb, javobini ham kutmasdan kurtkamning yengidan qo‘limni chiqardimda "Mana mening qo‘lim", dedim. Ayol o‘sha joyida qotib qolib, ranglari oqarib ketdi. Biz esa yugurib, oldinga o‘tib ketdik.

Hozir bir tashkilotda rahbar bo‘lib ishlayman. Do‘stim bilan onda-sonda shu voqeani eslab, kulib turamiz. Talabalik shunaqa sho‘xliklar bilan ham yodda qolarkan.

2-hikoya: Tozalanmagan uy uchun qaynoq suvli jazo

Katta hovlida ijarada yolg‘iz turardim. Bir kuni o‘rtoqlarimiz bilan universitetda gaplashib tursak, bir bola yonimga kelib, ijara pulini to‘lolmagani uchun ijarachisi ko‘chaga haydaganini aytib, bir muddat men bilan turishga ruxsat so‘radi. Uyni tez-tez tozalab turishi va sarishta saqlash sharti bilan birga turishga rozi bo‘ldim. Ikkimiz xuddi aka-ukadek yashay boshladik. Boshida juda aqlli ko‘ringan haligi bola vaqt o‘tib, turli hunarlar ko‘rsata boshladi. Uy tozalashdan bosh tortar, tozalikka rioya qilmas edi. Unga bir dars berib qo‘ygim keldi.

Uyda ta’mir ishlari to‘liq bitmagan, oshxona va hammom ham ishga tushmagan edi. 200 litrlik bochkani to‘ldirib, gazga ulab, cho‘milsa bo‘ladigan hammom qilgandik. Bir kuni cho‘milish uchun suv to‘ldirdik. Men birinchi kirdim, do‘stimga keyin sen kirasan, dedim. Hammomdan chiqqach, gazni baland qilib, bochkani suvi qaynaguncha kutdim, keyin gazni o‘chirdim. Xonadoshim yuvinishga kirdi. 5 minut o‘tar-o‘tmas, baqirib tashqariga yugurib chiqib, o‘zini qor ustiga tashladi. Kulgidan zo‘rg‘a o‘zimni tiyib turdim. U haligacha meni shunaqa issiq suvda qanday cho‘milgan ekan deb o‘ylaydi.

3-hikoya: Taxtalar ustida tunagan talaba qizlar

O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya institutida o‘qiganman. 3-kursni boshlar ekanmiz, yotoqxona olish muammosi ham boshlandi. Tabiiyki, yuqori kurslar 1-kurslar yotoqxonaga joylashguncha kutishar, ortgani ularga berilardi. Shunaqa qilib sentabrning ilk kunlari poytaxt ko‘chalarida kursdosh qizlar bilan qolganmiz. 7-8 dugona to‘plandik, tunni qayerda o‘tkazishni o‘yladik. Bir dugonamizning dadasi Toshkentda qurilishda ishlayotganini aytib, unga telefon qildi. Hammamiz birgalashib, tun qorong‘isida qurilish joyiga bordik. Usti yopiq, pana joy ekanligini hisobga olmaganda bu yerda uxlashga sharoit yo‘q, faqat taxtalar bor edi. Ilojsiz taxtalar ustiga kiyimlarimizni yoyib uxladik. Lekin tonggacha hazil-huzul, hangoma qilib chiqdik. To‘g‘rida, vaziyatimiz bir tomondan qiyinlashib turganda, bir tomondan kayfiyatimizni kimdir ko‘tarishi kerak edi. Shunday qilib, tong otdi. Uyg‘onayotib, tanamiz og‘riganini his qilganimizni aytmasa, yaxshi umidlar bilan o‘qishga jo‘nadik. Bu voqeagayam 10 yildan ortiq vaqt bo‘libdi.

Toshkent bizga nafaqat diplom, balki katta hayot tajribasini ham berdi. Rahmat, Toshkent!

Hikoyalarni Zuhra Abduhalimova nashrga tayyorladi.

P.S: Talabalik davringizda turli xil qiziqarli, ibratli, kulgili yoki og‘riqli voqealarni boshdan kechirganmisiz? Bu haqda boshqalarga ham aytib berishni xohlaysizmi? Kun.uz’ning "Talaba kundaligi" rukni aynan siz uchun.

Hikoyani @talabakundaligi_bot manziliga yuboring. Tahririyat sizning shaxsingiz sir tutilishini ta’minlaydi.

Ko‘proq yangiliklar: