Erkin og‘aning mo‘ylovi, chekishga majburlanib, chekishni tashlagan talabalar – “Talaba kundaligi”

Jamiyat 14:37 / 17.03.2024 22376

1-hikoya: “Soxta sertifikat”ni qabul qilgan Yale universiteti

2023 yil universitetni bitirdim. O‘qish davomida baholarimning 90 foizga yaqini a’lo bo‘lgani uchun turli xil xalqaro tanlovlarda qatnashib yurardim. Uchinchi bosqichni tugatayotganimda nomdor stipendiyalardan biriga hujjat topshirmoqchi bo‘ldim. Ilmiy rahbarim kerakli hujjatlar ro‘yxatini berdi. Ularni tayyorlab topshirdim. Shu orada prorektor yoniga chaqirib, stipendiya olishni istasam, ma’lum bir to‘lovni qilishim kerakligini aytdi. Tabiiyki, men rozi bo‘lmadim. Chunki yutuqlarim, muvaffaqiyatlarim boshqa nomzodlar bilan bellasha olishiga ishongandim.

Qolaversa, menda IELTS sertifikati ham bor, qatnashayotganlarning ko‘pida esa bu yo‘q edi. Bir kuni meni chaqirib, til sertifikatim soxta bo‘lib chiqqanini aytishdi. To‘g‘risi, juda hayratga tushdim. Axir uni necha yillab tayyorlanib qo‘lga kiritganman, qanday soxta bo‘lsin?! Tashkilotchilar bilan tortishmadim, jim ketdim. Faqat ilmiy rahbarimning menga bo‘lgan ishonchi yo‘qoldi, diplom ishimni ham juda uzoq vaqt ko‘rib berishni istamay, ortga surib yurdi. Shundan keyin bir nechta xorijiy davlatlarga magistratura uchun hujjat topshirdim. 4 ta universitet grant ajratadigan bo‘ldi. Hech biri menga sertifikating soxta demadi. Hozir o‘sha “soxta” sertifikat bilan AQShning Yale universitetida o‘qiyapman, bu yerdagi rasmlarimdan menga ishonmagan ilmiy rahbarimga ham orada jo‘natib turaman.

2-hikoya. Chekishga majburlangan talabalar

Men harbiy xizmatdan keyin o‘qishga 5-6 yil kechroq kirdim va xuddi men kabi harbiy xizmatni o‘tagan yigit bilan kursdosh bo‘ldim. 2-kursdan do‘stim yotoqxonada nazoratchi bo‘ldi, men esa unga unga yordamchi bo‘ldim. U paytlarda yotoqxona koridorlarida kameralar yo‘q edi. Barcha masalalar Talabalar kengashi raisligida hal qilinardi. Yotoqxonada xuddi kazarmadagidek tizim yo‘lga qo‘yilgandi. Tartib juda qattiq. Bir kuni dars payti yotoqxonada nazoratchi bo‘lgan do‘stim xonaga shoshilib kirdi-da, kimda 1 dona sigaret topiladi, deb so‘rab qoldi. Butun xona jimib qoldi. Lekin kursdoshlarimizning ko‘pi chekardi. Sigaretni do‘stimdan bir domla so‘ragan ekan. Chunki do‘stim chekmasdi.

Kechqurun sigaret so‘ralganda jim qolgan bolalar jami 15 kishi Ma’naviyat xonasida to‘plandi. O‘rtaga 6 quti sigaret qo‘yilib, shu chekib tugatilmasa, xonadan chiqish taqiqlandi va hatto kirish eshiklariga odam qo‘yildi. Chekuvchi bolalarga bu gap yoqib tushdi. Chekish boshlandi. Xona tutunga to‘lgan, chekmaydiganlar kiyimini yechib, burnini yopib olgandi. Shuncha chekilsa ham sigaretning oxiri ko‘rinavermagach, ba’zilar 2-3 tadan chekishni boshladi. Xullas, qutilar tugatilgach, bolalarga xonadan chiqishiga ruxsat berildi. Eshiklar ochilganda koridor bo‘ylab qayt qilishga yugurayotgan bolalar ko‘zga tashlanardi. O‘shandan keyin ko‘p kursdoshlarimiz chekmaydigan, lekin shunday bo‘lsa ham yonida buzilmagan 1 quti sigaret bilan olib yuradigan bo‘lgandi.

3-hikoya. “Erkin og‘angning mo‘ylovi bor”

1980-1985 yillarda Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash injyenerlari institutining Qarshi filialida o‘qiganmiz. Xorazmning Yangiariq tumanidan Erkinboy degan kursdoshimiz bo‘lar edi. Birinchi bosqichda o‘qib yurganimizda u mo‘ylov qo‘ygan va har zamonda oynaga qarab, mo‘ylovini tarab, “Erkin og‘angning mo‘ylovi bor”, deb maqtanib qo‘yardi. Institutda bo‘ladimi, yotoqxonada bo‘ladimi, ko‘chada yurganimizdami shu gapini takrorlab, mening ham, boshqa kursdoshlarimizning ham asabimizga tegar edi. Ikkinchi bosqichga o‘tganimizda bir necha xorazmlik qizlar institutimizga o‘qishga kirdi. Erkinboy xorazmlik qizlarga girdikapalak bo‘lib qoldi.

Vaziyatdan foydalanib, mo‘ylovi bilan maqtanadigan Erkinboyga bir dars bergimiz keldi. Xorazmlik qizlarni ko‘rsak, go‘yoki ularga emas, biz kursdosh yigitlar bir-birimizga aytgandek, “Erkin og‘angning mo‘ylovi bor” deb, o‘tib ketadigan bo‘ldik. Bu qizlarning g‘ashini keltirib, Erkinboyga shikoyat qilishibdi. Erkinboy kelib bizdan o‘sha gapni nima qilsa aytmaslikni so‘radi. Mo‘ylovini oldirib tashlasa, bu gapni qayta takrorlamaslikka so‘z berdik. Biroz vaqtdan keyin u mo‘ylovini oldirdi. Biz ham va’damizda turdik, xorazmlik qizlarni ko‘rsak, endi "Erkin og‘angning mo‘ylovi bor”, demaydigan bo‘ldig-u, lekin uning o‘rniga “Erkin og‘angning mo‘ylovi yo‘q”, deb o‘tadigan bo‘ldik. Erkin yana jig‘ibiyron bo‘lib keldi-da, nima qilsam, umuman maynavozchilikni bas qilasizlar, dedi. Unga bizni biror restoranga olib borib, tovuq bilan mehmon qilish shartini qo‘ydik. O‘sha vaqtda talaba uchun restoranga kirish va ayniqsa tovuq yeyish juda katta orzu edi. Erkinboy va’dasida turdi, biz 5 kursdoshni restoranga olib kirib, mehmon qildi. Keyin biz xorazmlik qizlarni ham, ularning Erkin og‘asini ham tinch qo‘ydik.

Hikoyalarni Zuhra Abduhalimova nashrga tayyorladi.

P.S: Talabalik davringizda turli xil qiziqarli, ibratli, kulgili yoki og‘riqli voqealarni boshdan kechirganmisiz? Bu haqda boshqalarga ham aytib berishni xohlaysizmi? Kun.uzʼning "Talaba kundaligi" rukni aynan siz uchun.

Hikoyani @talabakundaligi_bot manziliga yuboring. Tahririyat sizning shaxsingiz sir tutilishini ta’minlaydi.

Ko‘proq yangiliklar: