Achchiq qismat qarshisidagi ojiza: sirdaryolik Nigoraning muammosini hal qiluvchi idora topiladimi?

Jamiyat 19:26 / 15.12.2023 20425

Kun.uz'ning “Hayotiy hikoyalar” rukni bugun e’tiboringizni Sirdaryoning Yangiyerida yashovchi nogironligi bo‘lgan qiz qismatidagi bitiklarga qaratadi.

Nigora Abdunazarova 32 yoshda. U ancha yillar oldin otasini, 2023 yil aprel oyida esa onasini yo‘qotgan. Bolaligidan 1-guruh nogironi, 14 yoshgacha oyoqda tik yura olgan, undan keyin esa fiziologik nuqsonlari sabab umuman yurmay qo‘ygan. Shifokorlar Nigoraga mushaklarning bo‘shashib ketishi, ilik qurishi tashxisini qo‘yishgan.

“14 yoshimdan keyin bora-bora qo‘l-oyoqlarimning harakati kuchsizlanishi boshlanib, barmoqlarimning tortishib qolishlari, bo‘ylarimning o‘smay qolishi – hammasi yurolmay qolganimdan keyin boshlandi. Hozirda kasalligim kuchayib boryapti, qo‘l-oyoqlarimda kuch qolmagan, qarovchilarim menga ovqatimni yedirib qo‘yib, tashqariga ham chiqarib qo‘yishyapti.

Shifokorlar menga doimiy davolanib turish shartligini aytishgan, lekin hozirda davolanishga mablag‘im yetmayapti, har 3 oyda shifokor ko‘rigiga borib turishim kerak. 1,5-2 mln so‘mlik dori yozib berishadi. Bularni to‘xtatmay ichishim zarur, lekin hozirda shularni ham ololmaganim sabab kasalligim battar rivojlanib boryapti”,– deydi u.

2018 yilda Nigoraning onasiga boshlang‘ich badali davlat tomonidan to‘langan holda Ipotekabankning 20 yillik krediti evaziga uy berilgan. Bu jarayonda hokimiyat kafillikni bo‘yniga olgan, bu hatto notarial tartibda rasmiylashtirilgan ham. Bu ikki mehnatga layoqatsiz va nogironligi bo‘lgan ona-bola yillar davomida nafaqalaridan tushadigan mablag‘ga ham kun ko‘rishgan, ham uyning kreditini to‘lashgan. Onasi vafot etgach, hamma mas’uliyat Nigoraning bo‘ynida qolgan.

“Hozir uy onamning nomida qolib ketgan. Bank xodimi menga telefon qilib, endi kredit to‘lovini siz davom ettirasiz, dedi. Men to‘lolmasligimni, nafaqa pullarim bunga yetmasligini, qolaversa, olayotgan pulimni qarovchiga berayotganimni aytdim. Hozirda kreditning foizi yozilib yotibdi. Apreldan beri umuman to‘lolganim yo‘q, bundan keyin ham to‘lolmayman. Agar to‘lovini qila olmasam, bank uyni olib qo‘yib, boshqa kam ta’minlanganga berib yuborishi mumkin”,– deydi Nigora Abdunazarova.

Noiloj qolgan Nigora bir nechta mas’ul tashkilotlar, xususan, mahalliy hokimlik hamda Oila va xotin-qizlar qo‘mitasiga murojaat qilgan. Ammo ularning hech biri holatga jiddiy e’tibor qaratmagan, yechim bermagan, aksincha unga nisbatan qo‘pol munosabatda bo‘lishgan.

“O‘zimizning Yangiyer shahar hokimligiga murojaat qildim, foydasi bo‘lmadi. Yaqinda Oila va xotin-qizlar qo‘mitasiga borib yordam so‘radim, Barno Beknazarova degan ayol menga uyimning pulini o‘zim to‘lashim kerakligini aytdi. Uyimga ijarachi qo‘yib to‘laymanmi yoki boshqa yo‘l bilan, nima qilsam ham o‘zimning kunimni o‘zim ko‘rarkanman.

Viloyat hokimining qabuliga yozdirgandim, bir oydirki chaqiramiz deb aldashdi. Keyin prezident virtual qabulxonasiga murojaat yubordim. Shundan keyin kelib, nima yordam kerak deb so‘rashdi. Muammolarimni aytdim. Yordam beramiz, homiy topamiz, hokimga aytamiz deyishdi. Ketishgandan keyin davlat tomonidan beriladigan qarovchi xizmatini 5 kun kuniga 2 soatdan qaraydigan qilib berishdi. Qo‘ldan kelgancha yordam shu deb, qarovchiga ham qo‘shimcha pul chiqarib berolmasliklarini aytishdi”,– deydi u.

Nigora Abdunazarova Yangiyer shahri, Sirdaryo viloyati hokimliklari hamda Oila va xotin-qizlar qo‘mitasiga murojaat qilib, erishgan yagona chorasi – qarovchilar soatini ko‘paytira olish bo‘lgan.

Yangiyer shahar hokimligi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 24 iyuldagi tegishli qarori bilan tasdiqlangan vaqtinchalik Nizom asosida Ra’no Abduqodirovaga kafil bo‘lgan. 2021 yilning 9 sentabr kuni qarzdor, kafil hamda bank o‘rtasida kafillik shartnomasi tuzilgan.

Shartnomada keltirilishicha, kafil sifatida Yangiyer shahar hokimligi qarzdorning kredit shartnomasi bo‘yicha majburiyatlarini bajarishni o‘z zimmasiga olgan.

Yuqoridagi vaqtinchalik Nizomga ko‘ra, kafillik berilgan qarz oluvchilarga ajratilgan kreditlar bo‘yicha muddati o‘tkazib yuborilgan qarzdorlik yuzaga kelganda va kredit shartnomalariga ilova qilinadigan ularni qaytarish jadvaliga rioya qilinmaganda, bank filiali o‘ttiz kun mobaynida hokimliklarni bundan xabardor qiladi. Hokimlik esa bank filialining murojaatini besh ish kuni mobaynida ko‘rib chiqib, qarz oluvchining mavjud muddati o‘tkazib yuborilgan qarzini bank filialiga to‘lab berish to‘g‘risida qaror qabul qilishi kerak. 

Hukumatning yuqoridagi qarorida hokimliklarning kafil bo‘lishi tajriba tariqasida 2022 yilning 1 avgustigacha amal qilishi ko‘rsatilgan. Ammo bu Yangiyer shahar hokimligi ushbu sanadan so‘ng tuzilgan shartnomalardagi kafillikni to‘xtatishi kerakligini emas, yangi kafillik shartnomalari tuzmasligini anglatadi.

Demak, ushbu holatda bank nima uchundir osongina yo‘ldan borib, to‘lovni kafildan emas, garovga qo‘yilgan uy-joy hisobidan undirishni ko‘zlayotgani tushunarsiz. 

Sirdaryodagi mas’ul idoralardan holat bo‘yicha “Yuksalish” jamoasi tomonidan tuzilgan ma’lumotnomani oldik. Unda uyning to‘lovlari o‘z vaqtida amalga oshirmaganligi sababli shahar hokimligi tomonidan 2019 yil 7 iyulda 9 mln 305 ming so‘m, 2022 yil 16 iyunda esa viloyat xokimligi tomonidan 11 mln 675 so‘m mablag‘ kreditni so‘ndirish uchun to‘lab berilgani aytiladi. Biroq bu muammo hal bo‘ldi, degani emas.

Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 12 apreldagi 285-son qaroriga ko‘ra, uy-joyga muhtoj xotin-qizlar uchun ajratiladigan imtiyozli kreditlarni qoplash – talabgor kam ta’minlangan, doimiy daromadga ega bo‘lmagan va kreditni qoplashga layoqati yetarli bo‘lmagan taqdirda – u ishlayotgan tashkilot (Nigora ishlolmaydi), O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi, “Mahalla”  xayriya jamoat fondining mablag‘lari hamda qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobiga amalga oshiriladi.

Mamlakatda Nigoraning vaziyati yoki undan ham og‘irroq holatga tushib qolgan odamlar ko‘p. Bu esa o‘z-o‘zidan aholining ijtimoiy jihatdan himoya qilinishi kerakligini anglatadi. Xo‘sh, aslida bu tizim qanday bo‘lishi kerak va hozirgi tizimda qanday muammolar bor?

Biz bu savol yuzasidan mutaxassislar fikrini ham e’tiboringizga havola qilish niyatidamiz. Ungacha esa Sirdaryo viloyati mas’ullaridan o‘z va’dasi hamda notarial tasdiqlangan majburiyatini bajarib, Nigoraning muammosini amalda hal qilib berishlarini so‘rab qolamiz.

Dilshoda Shomirzayeva tayyorladi.
Tasvirchi va montaj ustasi: Shohruz Abdurayimov.

Ko‘proq yangiliklar: