Tilla narxiga teng: Rossiyada nega tovuq tuxumi qimmatlamoqda?

Iqtisodiyot 19:23 / 14.12.2023 43744

Ekspertlar fikricha, bu choralarni juda shoshilinch deb qarash mumkin, tuxum narxi oshishi butun bir sabablar majmuasi tufayli sodir bo‘lgan. Jumladan, harbiy safarbarlik tufayli ishchilar soni yetishmasligi, migrantlar ishdan ketishi va ishlab chiqarish tannarxi oshishi tufayli.

Tovuq tuxumi Rossiyada bir necha oydan buyon asosiy iste’mol mahsulotlari ichida narx oshishi borasida yetakchilik qilmoqda. Rosstat ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi ikki oy — oktyabrdan dekabrgacha mamlakat bo‘ylab 10 dona tuxumdan iborat to‘plam narxi o‘rtacha narxi 34 foizga qimmatlab, 97 rubldan 116,5 rublga yetgan.

Yil boshidan buyon tuxumning chakana narxi 36,5 foizga, 2022 yil dekabridan esa 42 foizga oshgan.

Asosiy iste’mol mahsulotlaridan biri bo‘lmish tuxum narxi oshishi federal hukumatning ham diqqatini jalb qilgan. RF Bosh prokuraturasi «fuqarolar huquqlarini asossiz narx oshishidan himoya qilish» vaji bilan tekshirishlar o‘tkazishi va chora ko‘rishni boshlashini e’lon qilgan.

Ryazandagi do‘konlardan birida xaridorlar narxlarni o‘rganishmoqda. Foto: ALEXANDER RYUMIN / TASS

Federal aksilmonopoliya xizmati esa avvalroq savdo tarmoqlariga tovuq tuxumlariga ustama narxni o‘z ixtiyorlari bilan cheklashni taklif qilgan. Savdo tarmoqlari bu taklifga tushunish bilan munosabatda bo‘lishgan va «Azbuka vkusa» riteyleri 10 foizlik ustama bilan cheklangan.

13 dekabr kuni Rossiya hukumati Qishloq xo‘jaligi vazirligining tuxum import qilishga bojni nollashtirish taklifini qo‘llab-quvvatlagan. Ayni paytda 15 foiz atrofida belgilangan boj 2024 yil 1 yanvaridan 30 iyungacha bekor qilinadi. RF Qishloq xo‘jaligi vazirligi shu yo‘l bilan mahsulot narxi o‘sishini to‘xtatishdan umidvor.

Tuxum, jumladan, Turkiyadan ham olib kiriladi. Rosselxoznadzor 8 dekabrdan boshlab Turkiyadagi 17 ta parrandachilik fabrikasidan tovuq tuxumlarini import qilishga ruxsat bergan.

Noyabr oyi boshlarida RF Qishloq xo‘jaligi vazirligi iste’mol tuxumlari va ayrim turdagi parranda go‘shtlarini eksport qilish to‘g‘risidagi hukumat qarorlari loyihasini tayyorlagandi.

Rossiyada tovuq tuxumi narxi bu qadar o‘sib ketishiga sabablar nimada? Rossiya hukumat ko‘rayotgan choralar muammoni yechishga yordam beradimi? BBC bu borada tahliliy maqola e’lon qildi.

Eng arzon hayvon oqsili endi arzonmas

INFOLine-Analitika bosh direktori Mixail Burmistrovning fikricha, Rossiya tuxum narxi osmonga chiqib ketishi bir necha omillar majmuasiga bog‘liq.

Sabablardan biri — tovuq tuxumiga talab sezilarli ko‘paygani. Nega rossiyaliklar ko‘proq tuxum xarid qila boshlashdi? Ekspert fikricha, Rossiya aholisi oziq-ovqat mahsulotlari narxlari umumiy oshishi fonida arzonroq narsalar bilan oziqlanishga o‘tishgan.

«Biz ayni paytda go‘sht narxi oshayotganini ko‘rmoqdamiz. Yuqori inflyatsion kutilmalar va inflatsiyaning yuqori sur’atlari sharoitida iste’molchi nisbatan arzon oqsilni tanlay boshlaydi», — deydi Mixail Burmistrov.

Eng arzon go‘sht — parranda go‘shti allaqachon qimmatlashib bo‘lgan, tovuq go‘shti yanvar-oktyabr oylarida o‘rtacha 27 foizga qimmatlashgan. So‘nggi oylarda tovuq go‘shti narxi oshishi sezilarli sekinlashgan. Biroq tovuq go‘shti endi ilgarigidek rossiyaliklar bemalol xarid qila oladigan mahsulot emas.

«Bu ko‘rguliklarning nojo‘ya oqibatida iste’molchi oqsil moddasini olishning manbalarini qayta ko‘rib chiqa boshladi. Tovuq go‘shtiga muqobil esa undanda arzon tuxumdir», — deydi Mixail Burmistrov.

Biroq, tovuq tuxumiga talab keskin ortishi qo‘shimcha hajmdagi taklif bilan qo‘llab-quvvatlanmagan.

Yil boshidan oktyabr oyi oxirigacha Rossiyada tovuq go‘shti narxi o‘rtacha 27 foizga oshgan. Foto: KIRILL KUKHMAR / TASS

«Taassufki, bu yil bir necha hududlarda parranda grippi bo‘y ko‘rsatdi va bu kasallik parrandalar boshi kamayishiga olib keldi», — deydi Mixail Burmistrov.

Rossiyada bir necha million parranda yo‘q bo‘lishiga olib kelgan parranda grippining kutilmaganda avj olishi may oyidan boshlab kuzatilmoqda. Rosstat ma’lumotlariga ko‘ra, aynan may oyidan boshlab tuxum va parranda go‘shti ishlab chiqarish hajmi pasaya boshlagan. Kuzga kelib ishlab chiqarish o‘zini o‘nglay boshlagan. Oktyabrda o‘tgan yilgi darajagacha chiqilgan, biroq bu narx o‘sishini to‘xtata olmagan.

Birgina rossiyalik ishlab chiqaruvchilar o‘sib borayotgan talabni qondirishi ayni paytda o‘ta taqchil bo‘lib qolgan ishchi kuchi yetishmasligi tufayli ham juda murakkab, deydi ekspert. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu mehnat resurslari bilan eng og‘ir ahvol mamlakat shimoli-g‘arbiy qismida ro‘y bermoqda.

Avgust oyida Leningrad oblastidagi «Sinyavinskaya» parrandachilik fabrikasi o‘z hamkorlariga ishchi kuchi chiqib ketishi natijasida fors-major holatini ma’lum qilgan, shu sababli yuk yetkazib berish va jo‘natishdagi uzilishlar uchun jarimaga tortmaslikni so‘ragan. Parrandachilik fabrikasining o‘z hamkorlariga jo‘natgan xatiga asoslanib, «Fontanka» nashri korxona o‘sha paytda o‘z shtatining 25–30 foizidan ayrilgani haqida ma’lum qilgan edi.

Mixail Burmistrovning so‘zlariga ko‘ra, ayni paytda ishchi kuchi yetishmasligi iqtisodiyotning barcha jabhalari uchun xarakterli bo‘lsa-da, qishloq xo‘jaligida bu yanada yaqqolroq namoyon bo‘lmoqda.

«Chunki bu sohada avtomatlashtirish imkoniyatlari juda cheklangan. Boz ustiga, aynan qishloq joylarda Mudofaa vazirligi bilan shartnoma imzolaganlar ulushi ko‘proq. Bularning barchasi ishchi kuchi yetishmasligiga olib kelmoqda», — deydi ekspert.

Harbiy safarbarlik tufayli ishchi kuchi chiqib ketishi bilan bir vaqtning o‘zida migrantlarning ham o‘z vatanlariga qaytib ketishi kuzatilmoqda. Avgust oyida «Kommersant» nashriga bergan intervyusida «Roskar» parrandachilik fabrikasi direktori Roman Smirnov uning kompaniyasi rubl kursi pasayishi tufayli Rossiyani tark etishni boshlagan migrantlar muammosiga duch kela boshlaganini ta’kidlagan edi.

Avgustdan buyon Rossiyada migrantlar soni ko‘p bo‘lgan korxonalarda politsiya reydlari ham o‘tkazilmoqda. Qoidaga ko‘ra, bunday reydlar yaqindagina Rossiya fuqaroligini qo‘lga kiritgan migrantlarni harbiy komissariatga olib kelish bilan yakunlanadi.

«Mehnat migrantlarining oqimi u qadar sezilarli emas, — deydi Mixail Burmistrov. — Qandaydir holatlarda biz chindan ham harbiy hisobga qo‘yilishidan cho‘chib, yoki Mudofaa vazirligi bilan shartnoma imzolashga majburlanishidan qo‘rqib mamlakatni tark etayotgan migrantlarni ko‘rishimiz mumkin».

Tuxum taklifi o‘sishini cheklab turgan omillardan yana biri — avtomobilda tashish xizmatlari nihoyatda qimmatlab ketgani, umuman, transport xizmatlari taklifi cheklangani hamdir.

Mixail Burmistrovning so‘zlariga ko‘ra, ayrim yo‘nalishlarda ayniqsa katta qiyinchiliklar yuzaga kelgan. Xususan, Ukraina chegarasiga yaqin Belgorod oblastida vaziyat juda murakkab. Aynan o‘sha yerda odamlarga tuxum sotishni cheklash borasida videolar tarqalgan.

«Ushbu hudud urush zonasiga yaqin va bu transportdan foydalanishga salbiy ta’sir o‘tkazadi. Ya’ni transport kompaniyalari u yerga o‘z transport vositalarini jo‘natishni istamaydi, shu sababli Belgorod oblastida avtomobilda yuk tashish narxi juda qimmat va bu hol tuxum yetkazib berilishini ham cheklaydi», — degan Burmistrov.

Tannarx valuta kursi ortidan oshmoqda

Tovuq tuxumining chakana narxi o‘sishiga yil davomida uning tannarxi ham oshib borayotgani sabab bo‘ldi, deydi Petrova Five Consulting bosh direktori Marina Petrova. Ishlab chiqaruvchilarning xarajatlari yil bo‘yi sezilarli darajada o‘sgan, deya ta’kidlaydi ekspert.

«Bu ishlab chiqarish zanjiridagi butun bir murakkabliklar kompleksidir: urug‘, o‘simliklarni himoya qilish vositalari, qishloq xo‘jaligi texnikasi uchun ehtiyot va butlovchi qismlar narxidan tortib, ishlab chiqarish uskunalari, elektr energiyasi va albatta yonilg‘i moylash materiallari bahosi o‘sganigacha», — deydi Petrova.

Ekspertlar qayd etishicha, rub kursi kuchsizlanishi ham o‘z salbiy ta’sirini ko‘rsatgan.

«Tuxum ishlab chiqarishda import tarkibiy qismlarning ulushi yuqori ekani sababli valuta kursining tebranishlari ham xarid qilish tannarxini oshirib yubordi», — deydi Marina Petrova.

Mixail Burmistrov esa rossiyalik ishlab chiqaruvchilar inkubatsion tuxumni, vitaminlar va yemga mineral qo‘shimchalarni ham xorijdan sotib olishlarini eslatib o‘tgan.

«Bularning barchasi birgalikda, shuningdek, asosiy bank stavkasi oshishi va kreditlar uchun qarz mablag‘lari narxi oshishi tannarx sezilarli oshishiga olib kelganining guvohi bo‘lib turibmiz», — deya xulosalagan Burmistrov.

«Zaxira uchun xarid qilish vasvasasi» va turk tovug‘i tuxumi

Narxlar sakray boshlaganda odamlar vasvasaga tushib qolib, zaxira uchun ko‘proq tuxum xarid qila boshlagani ham vaziyatni qiyinlashtirmoqda, deydi ekspert. «Bularning barchasi savdo tarmoqlarida arzon tuxum savdoga chiqarilishi taklifini ham yo‘qqa chiqaradi. Binobarin, iste’molchi bundan yanada asabiylasha boshlaydi», — deya tushuntiradi Mixail Burmistrov.

Foto: KIRILL KUKHMAR/TASS

Rossiya hukumati tomonidan ko‘rilayotgan choralar — Federal aksilmonopoliya xizmati tomonidan savdo tarmoqlarini nazorat qilish, ishlab chiqaruvchilar Bosh prokuratura tomonidan tekshirilishi, import tuxumlarni bojsiz olib kirish, tovuq go‘shti va tuxumini Rossiyadan olib chiqishga cheklov joriy qilish — narx o‘sishini to‘xtatishi kerak, deb hisoblashadi ekspertlar.

Marina Petrovaning ta’kidlashicha, «tuxum ishlab chiqarish bo‘yicha turk zavodlari ochilishi» nafaqat mahsulotning chakana narxi pasayishiga olib keladi, shuningdek toifa bo‘yicha import oshishiga ham sabab bo‘ladi.

«Narxlar oshishini to‘xtatish va bir vaqtning o‘zida sohani rivojlantirishdan to‘xtamaslik uchun ishlab chiqarish zanjiri bo‘yicha o‘z texnologiyalarini, uskunalarini rivojlantiradigan, xorijdan yetkazib berishga bog‘liqlikni kamaytiradigan va milliy ishlab chiqarishni jahon bozorida raqobatbardosh qila oladigan kompleks dastur kerak», — deydi u.

Mixail Burmistrovning qayd etishicha, Turkiya va boshqa davlatlardan tuxumlarni bojsiz olib kirish — narx oshishi bilan bog‘liq o‘tkir muammoni yechish uchun qo‘llangan vaqtinchalik chora. Muammoning fundamental yechimi taklifni oshirishni taqozo etadi.

«Bu choralarni amalga oshirish doirasida ishlab chiqaruvchilarning rentabelligi tushib ketishi mumkin bo‘lgan vaziyatga yo‘l qo‘ymaslik kerak. Chunki hozir ular o‘sib borayotgan xarajatlar tufayli juda katta bosim ostida qolgan. Ya’ni, bu tomondan olib qaraganda parrandachilik sohasining raqobatbardoshligi yomonlashuviga yo‘q qo‘ymaslik asosiy masala», — degan Mixail Burmistrov.

Rosptitsesoyuz baholashlariga ko‘ra, 2023 yilda 46,4 mlrd dona tuxum ishlab chiqarilgan, bu esa o‘tgan yilgi (46,1 mlrd)ga nisbatan birozgina ko‘p. Kelgusi yilda ekspertlar joriy yilgi ishlab chiqarish hajmi saqlanib qolishi va 46,5 mlrd dona tuxum ishlab chiqarilishini prognoz qilishmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: