O‘zbekistonning Jiddadagi Bosh konsulligida Saudiya Arabistonining Muassasa Akhmad Abdulaziz Sodiq At-Tijoriya kompaniyasi direktori o‘rinbosari Emad Ahmad Saddiq bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
«Dunyo» xabariga ko‘ra, muloqot chog‘ida O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan tekstil va to‘qimachilik mahsulotlarini Saudiya Arabistoni bozoriga eksportini kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
- O‘zbekistonning to‘qimachilik sanoati ko‘p asrlik tarixga ega, - dedi Emad Ahmad Saddiq. - Paxta tolasi, ipak, teri, kaolin kabi mahsulotlar mamlakatning milliy boyligi hisoblanadi. O‘zbekiston paxtasidan va ipagidan tayyorlangan matolar hamda o‘zbek milliy hunarmandchilik mahsulotlari dunyoning ko‘plab davlatlarida e’tirof etilmoqda. Shu bois biz O‘zbekistondan tayyor kiyim-kechaklar va boshqa mahsulotlarni eksport qilishdan manfaatdormiz.
Uchrashuv yakunida O‘zbekistondan tekstil va trikotaj mahsulotlarini eksport qilish masalasini muhokama etish maqsadida Muassasa Akhmad Abdulaziz Sodiq At-Tijoriya kompaniyasi vakillarining mamlakatga ishchi safarini tashkil etish to‘g‘risida kelishib olindi.