Mahalliy hokimiyat organlarini rivojlantirish bo‘yicha yangi loyiha ishga tushirilmoqda

Jamiyat 18:23 / 14.12.2023 12691

O‘zbekistonda “Mahalliy davlat hokimiyati organlarini rivojlantirish va davlat boshqaruvini nomarkazlashtirish” loyihasi ishga tushirildi. Bu haqda 2023 yil 14 dekabr kuni Adliya vazirligi hamda AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirda ma’lum qilindi.

Adliya vazirligi, Davlat boshqaruvi akademiyasi, Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi va AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligining (Chemonics International) o‘zaro hamkorligida amalga oshirilayotgan mazkur loyihaning umumiy qiymati 15,2 million dollarni tashkil qiladi. Bu haqda Adliya vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Loyihada ijro hokimiyati organlari faoliyatini takomillashtirish, kadrlar va moddiy resurslardan oqilona foydalanish bo‘yicha aniq mezonlarni ishlab chiqish, hokimiyatning vakillik organlari va ijro hokimiyati idoralari o‘rtasida yaqin hamkorlikni ta’minlash, davlat boshqaruvida ochiqlikka asoslangan, samarali qarorlar qabul qilish tizimini tatbiq etish va davlat boshqaruvini haddan tashqari markazlashtirishdan voz kechish, takrorlanuvchi vazifa va funksiyalarni bekor qilish, davlat organlarini fuqarolik jamiyati institutlari va ommaviy axborot vositalari bilan hamkorligini oshirish, hisobdorlik va jamoatchilik nazorati kabi masalalar nazarda tutilgan.

Loyihani ishga tushirishga bag‘ishlangan tadbirda Adliya vazirligi va AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi.

Hujjatda mahalliy davlat hokimiyati faoliyati samadorligini ta’minlash va unda fuqarolar ishtirokini rag‘batlantirish, mahalliy davlat hokimiyati organlari salohiyatini kuchaytirishga qaratilgan normativ-huquqiy bazani takomillashtirishga alohida e’tibor qaratilgan.

Ko‘proq yangiliklar: