«MYu» va «PSJ» guruhda qolib ketadimi? YeChLda so‘nggi tur savollari

Sport 17:02 / 12.12.2023 33751

Aslida o‘tgan 5 turning o‘zida 12 jamoa keyingi bosqich masalasini hal qilib ulgurgan. «Manchester Siti», «Bavariya», «Real» va «Arsenal» kabi jamoalar hatto 1-o‘rinni ham kafolatlab olgan. Shunday bo‘lsa-da, qolgan 4 yo‘llanma uchun birdaniga 10 jamoa da’vogarlik qilayotgani, bundan tashqari, ba’zi guruhlarda 1-o‘rin masalasi, ba’zilarida esa,Yevropa Ligasi yo‘llanmasi hal qilinmagani tufayli ham so‘nggi turlar uchun qiziqish yuqori bo‘lishi kerak. Quyida mana shu ikki kunda o‘z javobini kutib turgan besh asosiy savol ko‘rib chiqiladi.

Birinchi savol: «Manchester Yunayted» yevrokuboklarsiz qoladimi?

12 dekabr. «MYu» – «Bavariya», «Kopenhagen» – «Galatasaroy»

Bir qaraganda, boshida, hammasi aniqdek tuyulgan bu guruhda inglizlar nafaqat Chempionlar Ligasi pley-off, balki hatto Yevropa Ligasidan ham quruq qolishi mumkin. «Manchester Yunayted»ning ayni damda egallab turgan o‘rni mana shu voqealar rivojini taqozo qilmoqda.

Guruhda ikkinchi o‘rinni olish uchun «Manchester Yunayted» o‘z maydonida «Bavariya» ustidan g‘alaba qozonishi, parallel o‘tadigan «Kopanhagen» – «Galatasaroy» o‘yinida xuddi Istanbuldagi kabi durang qayd etilishi kerak. Faqat mana shu ssenariyda Erik ten Hag shogirdlari Chempionlar Ligasida kurashni davom ettira oladi. «Yunayted»ning nemislar ustidan g‘alabasi hamda Kopenhagendagi durang bo‘lmagan hisob «MYu»ni Yevropa Ligasiga yuboradi, Daniyadagi uchrashuv g‘olibini esa guruhning 2-o‘rin sohibiga aylantiradi.

«Manchester Yunayted» durang o‘ynab ham Yevropa Ligasiga o‘tishi mumkinmi? Ha, buning uchun «Galatasaroy» Kopenhagenda g‘alaba qozonishi kerak bo‘ladi. O‘shanda inglizlar «Kopenhagen» bilan teng ochko bo‘lib, o‘zaro o‘yinlarda tenglik bo‘lgani uchun to‘plar nisbatiga ko‘ra guruhda uchinchi o‘rinni olishadi.

Yana bir masala. Agar «Manchester Yunayted»ni bir chetga qo‘yib tursak, da’vogar ikki jamoadan qaysi birida imkoniyat ko‘proq? Ochkolar teng, to‘plar nisbati bo‘yicha esa daniyaliklarning ustunligi bor. Agar ushbu uchrashuv durang bilan tugaydigan bo‘lsa, o‘zaro o‘yinlarda tenglik yuzaga keladi va birinchi navbatda to‘plar nisbatiga qaraladi. Demak, agar «Kopenhagen» durang o‘ynasa, har qanaqa holatda ham yevrokuboklarda qoladi – «MYu» yutsa, «Kopenhagen» Yevropa Ligasiga yo‘l oladi, yuta olmasa Chempionlar Ligasi pley-off bosqichiga chiqadi.

Ikkinchi savol: «Real»ga kim sherik bo‘ladi?

12 dekabr. «Napoli» – «Braga»

S guruhi g‘olibi ma’lum – Madridning «Real» jamoasi. Ikkinchi yo‘llanma egasi Neapolda bo‘lib o‘tadigan «Napoli» – «Braga» o‘yinida ma’lum bo‘ladi. Ayni paytda italiyaliklar raqibidan 3 ochko oldinda. Qolaversa, «Napoli» Portugaliyadagi birinchi o‘yinda 2:1 hisobida g‘alaba qozongan.

Demak, «Braga»ning ikki to‘p farqi bilan g‘alabasi jamoani o‘zaro o‘yinlardagi ustunlik tufayli pley-off ishtirokchisiga aylantiradi. Bir to‘p farqi bilan g‘alaba mehmonlarni qoniqtirmaydi. To‘g‘ri, o‘sha holatda ochkolar va o‘zaro o‘yinlar bo‘yicha tenglik yuzaga keladi, ammo keyingi qaraladigan ko‘rsatkich – to‘plar nisbati bo‘yicha ustunlik «Napoli»da bo‘ladi. Bir to‘p farqi bilan mag‘lubiyatga uchraganda «Napoli»da to‘plar nisbati minus 2, «Braga»da esa minus 3 bo‘lib qoladi.

Uchinchi savol. D va Ye guruhlari g‘olibi kim bo‘ladi?

12 dekabr. «Inter» – «Real Sosiyedad»

13 dekabr. «Atletiko» – «Latsio»

Ushbu guruhlarda asosiy masala – pley-off ishtirokchilari ma’lum bo‘lib ulgurgan. Har ikki guruhda 1-o‘rin egasi noma’lum va qizig‘i, peshqadamlar o‘zaro o‘yinlarda ushbu savolga oydinlik kiritadi. Har ikki o‘yin ham Ispaniya va Italiya vakillari o‘rtasida kechadi.

Milanda «Inter» «Real Sosiyedad»ni qabul qiladi va hozircha ochkolar teng, birinchi davradagi o‘zaro o‘yinda durang qayd etilgan. To‘plar nisbati bo‘yicha esa ispanlarda ustunlik bor. Demak, guruhda birinchi o‘rinni olib, pley-offda osonroq raqib tushish ehtimolini oshirish uchun «Inter» «Sosiyedad» ustidan g‘alaba qozonishi shart. Durang mehmonlarni to‘liq qoniqtiradi.

Keyingi juftlik Madridda orani ochiq qiladi. Milandagi o‘yindan farqli ravishda mezbon «Atletiko»ni durang qoniqtiradi, chunki «Latsio» bir ochko kam jamg‘argan. Rimliklar faqat g‘alaba qozonibgina guruhda 1-o‘ringa chiqib olishi mumkin.

Qiziq tomoni, guruhdagi g‘oliblik jamoalar uchun muhim bo‘lishi har qancha ta’kidlanmasin, bu faqat ehtimollar nazariyasi bilangina ahamiyatli, zero, guruhda ikkinchi o‘rinni olib ham, masalan, qur’ada «Borussiya»ga tushib, 1-o‘rinni egallagan jamoa «PSJ»ga raqib bo‘lib qolishi mumkin. Qaysi biri osonroq raqib, buni o‘ylab ko‘rsa bo‘ladi.

To‘rtinchi savol: Parij guruhda qolib ketishi mumkinmi?

13 dekabr. «Borussiya» – «PSJ», «Nyukasl» – «Milan»

Ha, mumkin. Buning uchun «Borussiya» o‘z maydonida «PSJ»ga yutqazmasligi va «Nyukasl» o‘z maydonida «Milan»ni yutishi kifoya qiladi. Chunki bu holda «PSJ» durang o‘ynagan taqdirda ham, ochkolar bo‘yicha «Nyukasl» yetib oladi, o‘zaro o‘yinlar natijasiga ko‘ra inglizlar «PSJ»dan ustun.

Yoki «Borussiya» «PSJ»ni yutishi, ikkinchi o‘yinda esa durangdan farqli har qanday hisob qayd etilishi ham Enrike jamoasini pley-offdan tashqarida qoldiradi. Chunki u holatda «PSJ» 7 ochko bilan qolib ketadi, «Milan» yoki «Nyukasl» g‘alaba evaziga ochkolarini 8 taga yetkazib olishi mumkin. Demak, har bir jamoaga alohida to‘xtalib o‘tamiz:

  • «Borussiya» guruh masalasini hal qilgan. Ammo «PSJ»ga yutqazsa, ikkinchi o‘ringa tushib qoladi. Shuning uchun o‘z maydonida «PSJ»ga yutqazmaslik uchun o‘ynaydi;
  • «PSJ» hammasi o‘z qo‘lida qolishi uchun Dortmundda g‘alaba qozonishi shart. Ana shunda jamoa guruhda 1-o‘rinni egallaydi. Durang o‘ynasa, «Nyukasl» «Milan»ni yutmasligidan umid qilishi kerak. Yutqazsa, Nyukasldagi o‘yinda durang bo‘lishigina parijliklarni qutqarib qoladi;
  • «Nyukasl» «Milan»ni yengishi hamda «PSJ»ning g‘alaba qozonmasligidan umid qilishi kerak. «Milan» esa guruhdan chiqishi uchun safarda «Nyukasl»ni mag‘lub etishi hamda «PSJ»ning mag‘lubiyatga uchrashidan umid qilishi lozim.

Darvoqe, «Nyukasl» – «Milan» o‘yinidagi durang inglizlarni Yevropa Ligasi ishtirokchisiga aylantiradi, chunki to‘plar nisbati bo‘yicha Eddi Hau jamoasi milanliklardan ustun.

Beshinchi savol: «Portu» yoki «Shaxtyor»?

13 dekabr. «Portu» – «Shaxtyor»

Pley-off uchun haqiqiy final so‘nggi guruhda bo‘lib o‘tadi. Boshqa guruhlardagi o‘yinlar baribir parallel o‘yinlarga yoki qandaydir aniq hisoblarga bog‘liqlikni saqlab qolsa, Portugaliyadagi uchrashuvda hammasi aniq. «Portu» va «Shaxtyor» bir xil – 9 tadan ochko to‘plagan. To‘plar nisbati ham, o‘zaro o‘yin (birinchi o‘yinda «Portu» 3:1 hisobida yutgan) bo‘yicha mezbonlar ustunligi tufayli, durang ularni qoniqtiradi. «Shaxtyor» guruhdan chiqishi uchun g‘alaba qozonishi shart.

Xo‘sh, yana bir qo‘shimcha savol, «Barselona» yakunda guruhda ikkinchi o‘ringa tushib qolishi mumkinmi? Ehtimoli juda kam, ammo shunaqa variant ham bor. Buning uchun «Barselona» «Antverpen»ga yirik hisobda mag‘lubiyatga uchrashi va o‘z navbatida, «Shaxtyor» ham «Portu»ni to‘rt to‘p farqi bilan mag‘lub etishi shart bo‘lib qoladi. Ana shunda ukrainaliklarning ochkosi «Barselona» bilan tenglashib, oradagi 7 goldan iborat to‘plar nisbati yo‘qqa chiqadi.

Ko‘proq yangiliklar: