“Jadidlar Turkistonni birlashtirib, yana bir sivilizatsiya qurmoqchi edilar” - Jo‘liboy Eltazarov

Jamiyat 14:40 / 12.12.2023 15238

“Buyuk Turkiston g‘oyasi – jadidlar maydonga chiqqanidan boshlab ular 20-yillar o‘rtalarida bostirilguniga qadar jadidchilik harakatining harakatlantiruvchi kuchi bo‘ldi”, – deydi professor.

Filologiya fanlari doktori, professor Jo‘liboy Eltazarov jadidchilik harakatiga bag‘ishlab Toshkentda o‘tkazilayotgan forum doirasida Kun.uz'ga bergan intervyusida jadidlarning Buyuk Turkiston g‘oyasi haqida so‘zlab berdi.

“Buyuk Turkiston g‘oyasi jadidlar siyosiy-ijtimoiy harakat sifatida o‘rtaga chiqqandan bor edi, ya’ni 1890-yillar oxiridan. Millatparvar, vatanparvar jadidlar bo‘lib tashlangan va koloniyaga aylantirilgan Turkistonning istiqbolini faqat uni qayta birlashtirishda ko‘rishgan, xuddi Saljuqiylar, Qoraxoniylar, Amir Temur davridagidek. Birinchi va ikkinchi uyg‘onish davrlarida Turkiston yagona bir davlat, dunyodagi eng ilg‘or mamlakatlardan biri edi.

Jadid tarixni, ona tili va tillarni yaxshi bilishgan, dunyodan xabari bo‘lishgan, Istanbul gazetlaridan tortib Peterburg, Qozon, Bombay gazetalarigacha o‘qishgan. Shuning uchun ham ular o‘z davrining oydinlari, ziyolilari edi. Ular Chor istibdodidan qutulib, bu Turkiston degan qutluq vatanda yana bir buyuk sivilizatsiyani, buyuk davlatni, rivojlangan madaniyat va ta’lim sohalarini qurmoqchi edilar.

Ular Turkistonni birlashtirish g‘oyasini dastlab maktablar ochish, gazetlar ochish, umuman, ziyo tarqatish orqali targ‘ib eta boshlaydi. 1917 yildagi Rossiyadagi inqilobdan keyin ochiqdan ochiq harakatlar boshlanadi. Ular bu paytda Turkiston birlashuvi, mustaqilligiga faqat kurash orqali erishish mumkinligi, faqat birlashish orqaligina “oq” kolonializmdan ham, “qizil” kolonializmdan ham ozod bo‘la olishini anglab yetadilar. Buyuk Turkiston g‘oyasi – jadidlar maydonga chiqqanidan boshlab ular 20-yillar o‘rtalarida bostirilguniga qadar jadidchilik harakatining harakatlantiruvchi kuchi bo‘ldi, deb bemalol aytish mumkin”, – deydi professor Jo‘liboy Eltazarov.

Ko‘proq yangiliklar: