Quyoshdagi ulkan g‘ayrioddiy teshik, dunyodagi eng yirik yadroviy konteyner va Toyotaʼdan vodorodmobil – hafta texnodayjesti

Fan-texnika 19:25 / 09.12.2023 63189

Dunyodagi eng yirik yadroviy konteyner

Xitoyning Tszyannan kemasozlik zavodi 24 mingta standart konteynerni tashish quvvatiga ega, eritilgan tuz reaktoridan quvvat oladigan kema qurish rejalarini e’lon qildi.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, endi asosiy e’tibor kelajakdagi konteyner kemasining elektr stansiyasiga qaratilgan. Ehtimol, u toriy bilan ishlaydigan atom reaktori bo‘ladi. 

Qayd qilish joiz, an’anaviy dizel dvigatelida ishlaydigan dunyodagi eng yirik konteyner tashuvchi kema ham Xitoyga tegishli. Ulkan OOCL Felixstowe kemasi Dalian COSCO KHI kemasozlik kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan va 24 mingdan ortiq konteynerni sig‘dira oladi. Uning palubasi uch yarimta futbol maydoniga, balandligi 22 qavatli uyga teng. Felixstowe 2023 yil avgust oyida suvga tushirilgan.

Windows 12

Microsoft 2024 yil iyun oyida Windows 12 operatsion tizimini chiqaradi. Ta’kidlanishicha, kompaniyaning navbatdagi operatsion tizimi sun’iy intellektga (AI) asoslangan funksiyalarni birlashtiradi.

Operatsion tizim Ryzen 7000 va Intel Meteor Lake protsessorlarida ishlaganda AI apparat imkoniyatlarini qo‘llab-quvvatlashi kutilmoqda. Ilgari Intel o‘zining yangi protsessorlari, jumladan, Windows 12 uchun protsessorlar ishlab chiqilayotganini ma’lum qilgan edi.

Microsoft’ning o‘zi hali AI keyingi operatsion tizimga qanday tatbiq etilishi haqidagi tafsilotlarni oshkor qilmadi. Kompaniya Windows 11 va Windows 10 tizimining joriy versiyalarini yangilashni davom ettirib, ularga AI xususiyatlarini joriy qilmoqda.

Yangi operatsion tizim 2024 yil yozida chiqishi kutilmoqda.

Quyoshdagi ulkan g‘ayrioddiy teshik

Quyoshda toj teshigi deb nomlanuvchi ulkan qorong‘i bo‘shliq paydo bo‘ldi. Bu yoriq Yer tomonga kosmik shamol deb nomlanuvchi g‘ayrioddiy tezkor nurlanishning kuchli oqimlarini sochmoqda.

2 dekabrda hosil bo‘lgan teshikning kengligi 24 soat ichida 800 ming kilometrga yetgan, bu Yer diametridan 60 baravar ko‘proqdir. Olimlarning fikriga ko‘ra, quyosh siklining ushbu bosqichida bu bo‘shliqning hajmi misli ko‘rilmagan darajada katta. 

Dastlab qorong‘i bo‘shliqning paydo bo‘lishi Yerda mo‘’tadil geomagnit bo‘ronini keltirib chiqarishi, bu esa radioaloqa uzilishiga olib kelishi mumkinligi taxmin qilingan edi. Biroq kosmik shamol tezligi kuchli bo‘lmadi, garchi u yuqori kengliklarda g‘aroyib Qutb yog‘dularini keltirib chiqargan bo‘lsa ham. 

Toj teshiklar Quyoshning magnit maydonlari o‘zgarganda paydo bo‘ladi, bu esa yulduz zarralarining bir qismini fazoga chiqib ketishiga olib keladi. Ular qorong‘i dog‘lar kabi ko‘rinadi, chunki bu joylar atrofdagi plazmadan sovuqroq va zichroqdir. 

Toshkent viloyatida Xitoy elektromobilini yig‘ish yo‘lga qo‘yilishi mumkin

Toshkent viloyatida Xitoyning Geely kompaniyasi bilan hamkorlikda elektromobil ishlab chiqarilishi mumkin. Qayd qilinishicha, Xitoyning Shandun provinsiyasida bo‘lib o‘tayotgan ikkitomonlama muzokaralarda bu haqida dastlabki kelishuvga erishilgan. 

Dastlabki bosqichda yig‘uv sexi quriladi, ikkinchi bosqichda esa ishlab chiqarish joriy etiladi. Loyihaga 2024 yili start berilishi kutilmoqda.

Gemini sun’iy intellekt modeli

Google kompaniyasi Gemini neyron tarmog‘ini ishga tushirdi. Kompaniya uni sun’iy intellektning eng kuchli va samarali modeli deb atamoqda. 

Gemini uchta komponentni o‘z ichiga oladi: Ultra (eng katta va eng funksional), Pro (keng ko‘lamli vazifalar uchun) va Nano (aniq vazifalar va mobil qurilmalar uchun). Ularning barchasi rasmlar, audio va videolarni qo‘llab-quvvatlaydi. 

Ultra eng kuchli tarmoq bo‘lib, 57 ta fan (matematika, fizika, tarix, huquq, tibbiyot, etika va boshqalar) bo‘yicha ma’lumotlarni o‘z ichiga oladi va mustaqil ravishda faktlarni tekshirish va muammolarni hal qilish imkoniyatiga ega. 

Toyotaʼdan vodorodmobil

Toyota Mirai 2024 vodorodmobili taqdim etildi. Mirai’ning Yaponiyadagi narxi komplektatsiyasiga qarab 49 mingdan 58 ming dollargacha belgilangan.

Avtomobil 3 ta vodorod baki bilan jihozlangan. Bu avtomobilning 850 km masofa bosib o‘tishi uchun yetarli. Mirai 182 ot kuchiga ega elektromotor bilan jihozlangan.

 

 

Ko‘proq yangiliklar: