Maduro Gayananing bir qismini anneksiya qilish haqidagi farmonlarni imzoladi

Jahon 13:07 / 09.12.2023 12949

Venesuela rahbari Nikolas Maduro Gayananing neftga boy Essekibo hududini anneksiya qilish bo‘yicha oltita farmonni imzoladi. Qabul qilingan qarorlar qatorida Venesuelaning yangi xaritasini ratifikatsiya qilish va mamlakatning 24-shtati deb e’lon qilingan hamda Gayana-Essekvibo nomini olgan mintaqaning yagona rahbarini tayinlash ham bor, deb yozadi Venesuelaning Ultimas Noticias gazetasi 8 dekabr, juma kuni.

Boshqa farmonlarda Essekibo mudofaasi bo‘yicha Milliy komissiya, Gayana-Essekviba integratsiyalashgan mudofaa zonasi va PDVSA - PDVSA Esequibo davlat neft-gaz kompaniyasi, Gayananing Venesuela korporatsiyasi CVG - CVG Esequibo bo‘linmalarini tuzish ko‘zda tutilgan. 

Anneksiya qilish to‘g‘risidagi qaror Venesueladagi referendum natijalariga ko‘ra qabul qilingan — rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, saylovchilarning 95 foizdan ortig‘i Essekiboning anneksiya qilinishini qo‘llab-quvvatlagan. Shu bilan birga, saylov bo‘yicha ekspertlar va ommaviy axborot vositalari referendumda saylovchilarning kam ishtirok etgani va natijalar soxtalashtirilganini taxmin qilmoqda. Referendum yakuniy natijalari Venesuela Markaziy saylov komissiyasi tomonidan e’lon qilinmadi. 

Gayana hukumati Essekibodan voz kechish niyatida emas 

Maduro venesuelaliklarni anneksiyani tanqid qilganlarni «har bir ko‘chada» qoralashga chaqirdi. «Xiyonatlar yetarli, beshinchi kolonna yetarli», dedi u. 

Avvalroq Gayana prezidenti Irfaan Ali uning hukumati allaqachon ittifoqchilar va mintaqaviy sheriklarga harbiy yordam so‘rab murojaat qilganini aytgan edi. «Agar Venesuela shu qadar o‘ylamasdan harakat qilishda davom etsa, mintaqa javob berishga majbur bo‘ladi. Biz shunday qilyapmiz. Biz mintaqaviy javob tayyorlayapmiz», deb tushuntirdi Ali.

Na Venesuela, na Gayana Essekibo aholisining fikrini so‘ramadi - mintaqada 125 mingga yaqin odam yashaydi. Mintaqaning anneksiya qilinishi Buyuk Britaniya, Millatlar hamdo‘stligi, Karib dengizi hamjamiyati va Amerika davlatlari tashkiloti tomonidan qoralandi hamda Janubiy Amerika umumiy bozori (MeRKOSUR) ham javob tayyorlamoqda. AQSh Gayanani qo‘llab-quvvatladi. Braziliya vaziyatdan xavotir bildirib, Janubiy Amerikada urush bo‘lishini istamasligini aytdi va muzokaralarda vositachilik qilishga tayyorligini ta’kidladi. Rossiya Maduroning Moskvaga tashrifi 2023 yil oxirigacha amalga oshirilishini e’lon qildi. 

Essekiboga egalik bilan bog‘liq bahs 

Essekiboga egalik qilish haqidagi bahs taxminan 200 yildan beri davom etmoqda. Gap xuddi shu nomdagi Essekibo daryosining g‘arbiy qismidagi umumiy maydoni 160 ming kvadrat kilometr bo‘lgan hudud haqida bormoqda, u Gayana hududining to‘rtdan uch qismini egallagan va hozirda uning nazorati ostida. 

Essekibo asosan o‘tib bo‘lmaydigan o‘rmondir, ammo neft, oltin va misning katta zaxiralariga ega. Mintaqaga qiziqish asosan qazilmalarga bog‘liq - 2019 yilda Xalqaro valuta jamg‘armasi (XVJ) Qatar va Birlashgan Arab Amirliklaridan ko‘p bo‘lgan neft zaxiralari tufayli Gayanani dunyodagi eng tez rivojlanayotgan iqtisodiyot deb atadi. 

Venesuela va Essekibo o‘rtasidagi sud jarayoni 

Venesuela 1811 yilda mustaqillikka erishganidan beri Essekiboga da’vogarlik qilmoqda – mustaqillik uchun ispan koloniyalari urushi davrida mintaqa Britaniya nazoratiga olingan va o‘sha paytda uning mustamlakasi bo‘lgan Gayanaga qo‘shilgan. Venesuela Parijdagi Xalqaro arbitrajga murojaat qildi hamda 1899 yilda AQSh, Buyuk Britaniya va Rossiya sudyalaridan iborat sud Londonning Essekibo hududining deyarli 90 foizini egallash huquqini ta’minladi. 

1949 yilda amerikalik advokatning sud Britaniya va Rossiya o‘rtasidagi til biriktiruv tufayli ishni London foydasiga hal etgani haqidagi maktubi e’lon qilinganidan so‘ng, Venesuela rasmiylari sud qarorini bajarishdan oshkora bosh tortdi.

2023 yil dekabr oyi boshida BMT Xalqaro sudi Venesuelaga Gayana bilan hududiy nizodagi vaziyatni o‘zgartirish bo‘yicha har qanday harakatlardan tiyilish haqida ko‘rsatma berdi, biroq referendum o‘tkazishni taqiqlamadi. 

Ko‘proq yangiliklar: