Ispaniyada derbi, Angliyada Emeri «Arsenal»dan qasos olmoqchi. Hafta o‘yinlari anonsi

Sport 14:15 / 09.12.2023 31495

«Betis» – «Real» (9 dekabr, 20:15, Mahalla telekanali)

«Betis» oxirgi marta sentabrda «Barselona»ga 0:5 hisobida mag‘lubiyatga uchragandi. O‘shandan oldingi turda esa Bilbaoda 2:4 hisobida mag‘lubiyat kuzatilgan. La Liga doirasida shundan keyingi 10 o‘yinda jamoa biror marta ham yutqazgani yo‘q. To‘g‘ri, bu uchrashuvlarning aksariyati – oltitasi durang hisob bilan yakunlangan. Shunday bo‘lsa-da, ayni pallada, ayniqsa, o‘z maydonida «Betis» eng xavfli jamoalardan sanaladi.

O‘sha sentabrdan buyon barcha musobaqalarda 13 o‘yinni mag‘lubiyatsiz o‘tkazayotgan «Real» uchun ham jiddiy sinov bo‘lishi shubhasiz. «Betis»ning o‘z maydonidagi o‘yinlar bo‘yicha statistikasi olinsa, jamoa 9 uchrashuvdan buyon yutqazmagan. Bundan tashqari, ko‘pchilik uchun Iskoning sobiq jamoasiga qarshi o‘yinini kuzatish ham ancha qiziq bo‘lsa kerak. Futbolchi Madridni tark etganidan buyon ilk marta «Real» bilan o‘ynamoqda.

«Real»da jarohatlar juda ko‘p. Anchelotti har qanday vaziyatda turli yo‘llar topib, raqobatbardosh tarkib shakllantirayotganining o‘zi tahsinga sazovor. Ayni paytda Tchuameni, Militao, Kamavinga, Kurtua hamda Vinisius jarohat tufayli safda yo‘q. Arda Gulerning debyuti shu oy oxirigacha kechiktirilgani aytilmoqda. Shunday sharoitlarda ham madridliklar yuqorida tilga olingan seriyani qayd etayotgani, La Liga va YeChLda peshqadam bo‘lib turganining o‘zi katta gap.

«Betis»da ham muammolar yetarli. Fekir va Karvalyu yo‘qligiga jamoa muxlislari ham ko‘nikib bo‘lishdi. Mark Bartra yil oxirida safga qaytadi, Gido Rodriges safda emasligi esa ko‘proq sezilsa kerak. Argentinalik tayanch yarimhimoyachisi o‘tgan turda jarohat oldi va yanvargacha tiklanmasligi haqida xabarlar paydo bo‘ldi. Shuningdek, Ektor Bellerin «Almeriya»ga qarshi o‘yinda olgan qizil kartochkasi tufayli ushbu o‘yinni o‘tkazib yuboradi.

O‘zaro o‘yinlar borasida tabiiyki, madridliklarning ustunligi katta. Oxirgi 20 o‘yindan atigi to‘rttasida andalusiyaliklarning qo‘li baland kelgan. Oxirgi marta esa bu jamoa «Real» ustidan 2020 yilda g‘alaba qozongandi. O‘tgan mavsumdagi Sevilyadagi bahsda hisob ochilmagandi.

«Aston Villa» – «Arsenal» (9 dekabr, 22:30, Setanta)

«Gub ebening». Tugayotgan haftada Angliyadagi eng mashhur ibora. Unai Emeri o‘z vaqtida «Arsenal»ni ham boshqargandi. Kimsan, Arsen Vengerning o‘rnini bosishi kerak bo‘lgan mutaxassis tabiiyki, ishonchni oqlay olmagan, maydondagi mag‘lubiyatlaridan tashqari, inglizcha talaffuzi ham kulgi bo‘lib, memlarga aylanib ketgandi. Ammo agar jamoang g‘alaba qozonib tursa, har qanday kamchilik ham o‘ziga xoslik belgisi sifatida ko‘rinaverar ekan.

Emeri o‘zi uchun mos, provinsial jamoani topdi. Stiven Jyerrard boshqaruvi davrida turnir jadvalida quyi o‘rinlarda yurgan «Aston Villa»ni yevrokuboklarga olib chiqib, endi, ushbu mavsumda YeChL o‘rinlari uchun kurashmoqda. Birminghemliklarning cho‘qqisi esa shu hafta, chorshanba oqshomida, Pep Gvardiolaning «Siti»siga qarshi ro‘y berdi. «Aston Villa» nafaqat g‘alaba qozondi, balki buni juda ishonchli tarzda, raqibni har tomonlama yengib amalga oshirdi. Darvozaga zarbalar soni 22-2. Pep Gvardiola murabbiylik tarixida hech qachon bu qadar yaqqol mag‘lubiyatga uchramagan edi. Endi Emeri Pepning shogirdi bo‘lmish Artetani sinovdan o‘tkazadi. «Aston Villa» o‘z maydonidagi 7 uchrashuvning barchasini o‘z foydasiga hal qilgani, umuman oxirgi 6 o‘yinda mag‘lubiyat nimaligini bilmay kelayotgani ham o‘yindagi intrigani oshiradi.

«Arsenal»ning ham o‘z muvaffaqiyat hikoyasi bor. Ikki yil avval YeChL o‘rinlarini, o‘tgan mavsum chempionlikni so‘nggi turlarda boy bergan Arteta yozgi transferlar orqali ancha salobatli kuchga aylandi. Endi Jyezus safdan chiqadimi, Haversning adaptatsiyasi og‘ir kechadimi, Partisiz o‘ynashga to‘g‘ri keladimi, jamoa buni uncha sezdirmayapti va chempionlik xarakteriga xos ravishda ochkolar olishni davom ettiryapti. O‘tgan mavsum boshlaridagi peshqadamlik go‘yoki kutilmagan, yaqinda qo‘ldan boy beriladigandek tuyulgan bo‘lsa, bu safar jamoa ancha barqaror. «Manchester Siti»ga bu mavsumda oson bo‘lmasligi tayin. Mana shu eng ko‘tarinki pallada «Aston Villa» to‘sig‘idan o‘tib olish «Arsenal»ga poygada katta ustunlik berishi turgan gap. Keyingi o‘yinlar «Brayton» va «Liverpul»ga qarshi kechishini ham hisobga olsak, ochko yo‘qotish keyingi o‘yinlarga ham ta’sir qilishi mumkin. Bir muvaffaqiyatsiz o‘yin har qanday jamoada bir necha uchrashuvga muammo yaratishiga «Tottenhem» va «Manchester Siti» misolida guvoh bo‘ldik. Mana shunday sinovdan Arteta o‘ta oladimi?

Har ikki jamoa ham o‘yinga optimalga yaqin tarkib bilan kelmoqda. To‘g‘ri, jarohatlanganlar yetarli, lekin ular yo asosiy tarkib o‘yinchisi emas, Buendia, Parti singari, ancha paytdan buyon jarohatda bo‘lgani uchun jamoalar ularsiz ham natija ko‘rsatishni o‘rganib olishdi. Lekin bugungi uchrashuvni Arteta zaxira o‘rindig‘ida turib kuzata olmaydi, «Luton»ga qarshi o‘yin oxirida u ehtiroslarini jilovlay olmadi va so‘nggi daqiqalarda urilgan g‘alaba golidan keyin maydonga chiqib ketgani tufayli sariq kartochka olib, diskvalifikatsiyaga uchradi.

«Aston Villa» «Arsenal»ga qarshi oxirgi 4 uchrashuvni boy bergan. Ayniqsa, fevral oyida Birminghemda bo‘lib o‘tgan o‘yin barchaning yodida bo‘lsa kerak. O‘shanda mezbonlar ikkinchi bo‘lim o‘rtalarigacha 2:1 hisobida oldinda borishgan, avvaliga Zinchenko muvozanatni tiklagan, hakam tomonidan qo‘shib berilgan daqiqalarda esa Jorjinoning zarbasidan so‘ng mezbonlar durangni ham saqlab qola olmagandi. Keyin qarshi hujumda Martinelli yakuniy hisobni o‘rnatgandi – 2:4. E’tiborlisi, Emeri shogirdlari shundan keyin hozirgacha APL doirasida uy uchrashuvlarida g‘alabali seriya (14 g‘alaba) qayd etishdi va o‘z tarixidagi rekordni takrorladi. Bu rekord yangiladimi yoki seriya yana «Arsenal»ga qarshi o‘yinda tugaydimi, bugun bilib olamiz.

«Shtutgart» – «Bayyer» (10 dekabr, 19:30)

«Bayyer» o‘tgan turda «Borussiya» bilan durang o‘ynadi va agar «Bavariya» o‘z o‘yinini yutganida birinchi o‘rindan tushib ketishi mumkin edi. Omadni qarangki, myunxenliklarning o‘yini noqulay ob-havo tufayli qoldirildi, demak, leverkuzenliklar yana qanchadir vaqt turnir jadvalida 1-o‘rinni bermay turishi mumkin. Albatta, shu turdayoq ustunlik yo‘qolmasligi uchun qiyin safar uchrashuvidan o‘tib olish shart.

«Shtutgart» bu mavsumning haqiqiy kashfiyotlaridan biri bo‘lib turibdi. «Bayyer»ning hozirgi natijalarini qaysidir ma’noda o‘tgan yilda ham taxmin qilish mumkin edi, «Shtutgart» esa faqat qo‘shimcha uchrashuvlar tufayligina Bundesligada qolgandi. Hozir jamoa nafaqat ochkolar bo‘yicha 3-o‘rinda turibdi, balki urilgan gollar soni, yaratilgan xavfli vaziyatlar va yana bir qator statistik ko‘rsatkichlar bo‘yicha ham Bundesliganing uch yetakchi jamoasi safida. Hozirda «Shtutgart» hisobida 13 o‘yindan so‘ng 30 ochko bor va «Bayyer» bilan farq 5 ochkoni tashkil qiladi, xolos. Qizig‘i, jamoa o‘tgan butun mavsumda jami 33 ochko to‘plagandi. Shu turning o‘zida «Shtutgart» o‘tgan yilgi natijasini qayd etishi mumkin. 

«Bavariya» va «Bayyer»dan farqli ravishda «Shtutgart» yevrokuboklarda qatnashmasligi, milliy jamoalarga ketadigan futbolchilari nisbatan kamroqligi tufayli, mavsumning ayni pallasida jismoniy jihatdan ham ustunroq bo‘lish ehtimoli yuqori.

Tarkiblar borasida ham mehmonlarning yo‘qotishi jiddiyroq bo‘lishi kerak. Hafta o‘rtasida «Paderborn»ga qarshi kechgan kubok o‘yini «Bayyer»ga qimmatga tushdi – Florian Virs 45-daqiqada jarohati tufayli almashtirildi. Xabarlarga qaraganda, u kamida bir oy muddatga safdan chiqqan. 20 yoshli futbolchi Alonso jamoasida hal qiluvchi ijrochilardan biri hisoblanadi. Mezbonlar tarkibida faqat Hiroki Itoning yo‘qligi bilinishi mumkin. Yaponiyalik himoyachi yana ikki hafta sheriklariga yordam bera olmaydi.

Ushbu turda «Bavariya» ancha kuchli «Ayntraxt» maydoniga safar qilishi, «Borussiya» esa «Leypsig» bilan o‘ynashi e’tiborga olinsa, turnir jadvali yuqori qismida yaxshigina o‘zgarishlar uchun sharoit bor. Dastlabki 7 o‘rinni egallab turgan jamoalarning 6 tasi o‘zaro to‘qnashuvda maydonga tushadi.

«Tottenhem» – «Nyukasl» (10 dekabr, 21:30)

«Ikkala jamoa oxirgi turda bir vaqtda, boshqalardan keyinroq maydonga tushdi. Bu jamoalar mos ravishda «Vest Hem» va «Everton»ni mag‘lub etib, turnir jadvalidagi vaziyatini yaxshilab olish imkoniyatiga ega edi. Ammo kutilmaganda «Tottenhem» ancha ustunlik bilan boshlangan va birinchi hisobni ochgan o‘yinida yutqazgan bo‘lsa (1:2), «Nyukasl» umuman yirik hisobda mag‘lub bo‘ldi (0:3).

Oxirgi turlar e’tiborga olinsa, har ikki jamoa natijalari ham biroz paradoksal. Katta o‘yinlarda hammasi ajoyib, jamoa yaxshi shakllangandek tuyuladi, lekin shu fonga umuman mos kelmaydigan natijalar ham bo‘lib turibdi. «Nyukasl» bilan bog‘liq vaziyat biroz tushunarli, Eddi Hau shogirdlari haqiqiy uy jamoasiga aylanib qolmoqda. O‘z maydonida qatorasiga «Arsenal», «Chelsi» va «MYu» ustidan qozonilgan g‘alabalar orasida «Bornmut» va «Everton» kabi jamoalarga qarshi mehmonda uchralgan mag‘lubiyatlar kuzatilyapti. «Nyukasl» o‘z maydonida 8 o‘yinning 7 tasini o‘z foydasiga hal qilgan, ammo safarda 7 uchrashuvdan atigi bir marta g‘alaba qozonilgan. U ham bo‘lsa chempionshipdan chiqqan va liganing eng kuchsiz jamoasi bo‘lib qolayotgan «Sheffild» ustidan qozonilgan 8:0 hisobidagi g‘alaba. Safardagi natijalar bo‘yicha «Nyukasl» faqat to‘rt jamoadan ustun bo‘lib turibdi, xolos.

«Tottenhem»ning oxirgi o‘yinlari yanada hayratlanarli. Jamoa bir uchrashuv ssenariysi ichida ham turlicha namoyon bo‘lishning uddasidan chiqmoqda. «Tottenhem» juda ko‘p jarohatlar girdobida qolgani sir emas, og‘irroq taqvim bo‘lganini ham inobatga olsak, oxirgi 5 o‘yindagi 1 ochkoni tushunish mumkin ham. Lekin mana shu besh o‘yinning hammasida «Tottenhem» birinchi bo‘lib gol urgani, «Manchester Siti» maydonidagi jangovor durang «Vest Hem» kabi jamoadan o‘z maydonidagi mag‘lubiyat bilan almashib tursa, tabiiyki, biror fikr bildirish qiyin. «Nyukasl» bilan o‘yinda har qanday natija uchun asos topish qiyin bo‘lmasa kerak – mag‘lubiyatlarga o‘rganib qolgan «Tottenhem», safarda umuman yutmay qo‘ygan «Nyukasl»...

O‘zaro o‘yinlardagi vaziyat ham qiziq. O‘tgan mavsumda har ikki o‘yinda «Nyukasl» yutdi, hatto uyda 6:1 hisobi qayd etildi. Undan oldingi mavsumda esa «Tottenhem» ikki o‘yinda 6 ochko olgan, uyda 5:1 hisobida g‘alaba qozongandi. 2020/21 yillar mavsumida ikki o‘yin durang bilan yakunlangan, 2019/20 yillar mavsumida esa faqat mehmon jamoaning qo‘li baland kelgan. Shuncha ma’lumotdan keyin, tabiiyki, uchrashuv natijasini taxmin qilish juda mushkul.

Darvoqe, kelasi haftada «Nyukasl»ni YeChLda ham muhim uchrashuv kutib turibdi. Guruhdan chiqish uchun Hau shogirdlari o‘z maydonida «Milan»ni yutishi hamda parijliklar Dortmundda g‘alaba qozonmasligidan umid qilishi lozim bo‘ladi.

«Barselona» – «Jirona» (11 dekabrga o‘tar kechasi, 01:00)

Besh yil oldin bu jamoalar uchrashuvi navbatdagi tur o‘yini sifatida o‘tardi, endi esa la liganing asosiy intrigasiga aylandi. 16-turga kelib bu o‘yin shunchaki Kataloniya derbisi maqomidan chiqib, turnir jadvali uchun ham ahamiyat kasb etishini, buning ustiga, «Barselona» emas, «Jirona» peshqadam bo‘lib turishini taxmin qilish imkonsiz edi. Endi esa Xavi shogirdlari hatto g‘alaba qozonsa ham ochkolar bo‘yicha raqibiga yeta olmaydi. «Jirona» haqiqatan ham «Lester»ning yo‘lidan ketyapti. Farqi, lesterliklar ko‘proq himoyaviy o‘yini yordamida g‘alabalar qozongan bo‘lsa, «Jirona» aksincha, La Ligada eng ko‘p gol urgan jamoa bo‘lib turibdi va bir necha o‘yinlarni kambek yordamida o‘z foydasiga hal qildi.

Ayniqsa, safar o‘yinlari statistikasi kishini hayratga soladi – bu ko‘rsatkich bo‘yicha ham «Jirona» Ispaniyaning eng yaxshisi bo‘lib turibdi. Jamoa 7 o‘yindan oltitasini o‘z foydasiga hal qilib, atigi bir marta durang o‘ynagan. O‘z uyidagi 7 uchrashuvning atigi 3 tasini g‘alaba bilan yakunlagan «Barselona» safarida ham «Jirona»ni favoritga aylantirish uchun yetarli bahona. O‘tgan mavsum «Kamp Nou»da o‘tgan bahsda ham «Jirona» mag‘lubiyatga uchramagan, o‘yin 0:0 hisobida yakuniga yetgandi. Ammo boshqa tarafdan olsak, o‘zaro o‘yinlarda, tabiiyki, «Barselona» ustun. Yuqorida tilga olingan durangdan tashqari, yana so‘nggi 5 ta o‘yindan 4 tasida «Barselona»ning qo‘li baland kelgan. Qizig‘i, o‘sha yana bir durang ham aynan «Barselona» maydonida sodir bo‘lgandi – 2:2.

«Barselona» safida yo‘qotishlar ma’lum. Uzoq muddatga safdan chiqqan Gavi va ter Stegendan tashqari, Inigo Martines ham bir oy maydonga tusha olmaydigan bo‘ldi. Mehmonlar safida esa hammasidan ham, Yanxel Erreraning yo‘qligi ko‘proq bilinsa kerak. Jamoa yetakchi yarimhimoyachilaridan biri «Valensiya»ga qarshi o‘yinning 13-daqiqasidayoq jarohat olib maydonni tark etgandi.

Boshqa o‘yinlar

9 dekabr. «Kristal Pelas» – «Liverpul» (17:30), «Ayntraxt» – «Bavariya» (19:30), «Brayton» – Byornli (20:00), «MYu» – «Bornmut» (20:00), «Atalanta» – «Milan» (22:00), «Borussiya» D – «Leypsig» (22:30), «Inter» – «Udineze» (10 dekabrga o‘tar kechasi, 00:45), «PSJ» – «Nant» (10 dekabrga o‘tar kechasi, 01:00)

10 dekabr. «Atletiko» – «Almeriya» (18:00), «Everton» – «Chelsi» (19:00), «Luton» – «Manchester Siti» (19:00).

Ko‘proq yangiliklar: