Nima uchun issiqxona mahsulotlari qimmatlab ketdi?

Iqtisodiyot 18:51 / 05.12.2023 32783

O‘zbekistonda issiqxona biznesi rivojlanishi pessimistik ssenariy bo‘yicha ketmoqda. Bu haqda East Fruit tahliliy maqola e’lon qildi.

Mutaxassislarning qayd etishicha, buni quyidagi statistik raqamlar va ma’lumotlar misolida ham ko‘rib chiqish mumkin.

1. O‘zbekistonda issiqxona pomidorining ulgurji narxlari ketma-ket 4 yildan buyon o‘sib bormoqda va hozirda bu ko‘rsatkich rekord darajaga yetgan.

Grafikda keltirilgan ma’lumotlarda, ayni paytda O‘zbekistonda issiqxona pomidorining ulgurji narxlari o‘tgan yilga nisbatan 1,3 baravar, uch yil avvalgidan esa 3,5 baravar qimmatroq ekani ko‘rsatilgan.

2. O‘zbekistonda issiqxona pomidorining ulgurji narxi Rossiyadagi narxlar bilan deyarli bir xil, qish mavsumida esa eksport imkoniyatlarini hisobga olmaganda, bundan ham yuqori.

3. Ketma-ket 4 yildan beri O‘zbekistondan issiqxona pomidori eksporti pasaymoqda.

2019−2022 yillarga oid raqamlar shuni ko‘rsatganki, 2022 yil oxirida issiqxona pomidori eksporti 16 ming tonnadan ortiq yoki 22 foizga qisqargan.

East Fruit prognozlariga ko‘ra, 2023 yilda ham eksportning kamayishi davom etadi va yil oxiriga qadar bu ko‘rsatkich taxminan 53−55 ming tonnani tashkil etadi. Bu esa so‘nggi besh yil ichidagi antirekord bo‘lishi mumkin.

Nima uchun O‘zbekistondan issiqxona mahsulotlarining eksporti qisqarib bormoqda?

East Fruit tahlilchilari fikriga ko‘ra, bunga sabab – issiqxona xo‘jaliklarining tabiiy gazdan foydalanishi bo‘yicha o‘rnatilgan taqiq.

Joriy yildan boshlab O‘zbekistonda issiqxonalar gazdan uzilib, ko‘mir bilan isitish tizimiga o‘tishga majbur bo‘ldi, bu esa issiqxona biznes tizimini butunlay o‘zgartirib, samaradorlikni keskin pasaytirdi.

Keyinchalik bu borada ba’zi o‘zgarishlar bo‘ldi. Xususan, qishda gaz import qilish bo‘yicha shartnomalar tuzildi. Ammo ko‘chat ekish davrida bu masalada aniqlik yo‘q edi va ko‘plab issiqxona ishlab chiqaruvchilari bu qishda sabzavot yetishtirmaslikka qaror qildi. Bundan tashqari, gaz yetkazib berish tiklangan taqdirda ham, narxlar avvalgidan ancha yuqori bo‘lishi aytilmoqda.

Ikkinchi omil – issiqxona korxonalarida xorijiy valutadagi qarzdorlikning yuqoriligi. Bu so‘mning qadrsizlanishi fonida qarzga xizmat ko‘rsatish xarajatlarini oshirmoqda va ishlab chiqaruvchilarning amalda bankrot bo‘lishiga olib kelmoqda.

Uchinchi omil – raqobatning kuchayishi. Turkmanistonlik tadbirkorlar bir necha yildan buyon o‘zbek issiqxona ishlab chiqaruvchilarini an’anaviy savdo bozorlaridan siqib chiqarmoqda. Turkmanistonda issiqxona korxonalari gazni nihoyatda arzon narxlarda olishiga hech qanday to‘siq yo‘q, bu esa ushbu sohaga katta sarmoya jalb etish imkonini bermoqda.

To‘rtinchi omil – O‘zbekistonning asosiy savdo bozori hisoblangan Rossiyadagi iqtisodiy muammolar va valuta devalvatsiyasi. Bu rossiyalik iste’molchilarning xarid qobiliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatdi.

O‘zbekiston raqobatni kimga boy beryapti?

O‘zbekistonda issiqxona ishlab chiqarishining qisqarishi fonida Ozarboyjon, Eron, Turkiya va Turkmaniston o‘z mahsulotlarini Rossiya bozoriga yetkazib berishni faol oshirdi. Shuningdek, Gruziya, Misr kabi davlatlardan ham issiqxona pomidorini eksport qilishda ijobiy tendensiya kuzatilmoqda.

Prognozlar. O‘zbekiston importyor mamlakatga aylanadimi?

Hukumatning issiqxonachilarga gazni qaytarish va’dasi hisobga olinsa, kelgusi mavsumdan issiqxona biznesining ma’lum bir darajada jonlanishi istisno etilmaydi.

Biroq bu vaqtgacha issiqxona sabzavotlari ekiladigan maydonlar qanchaga qisqaradi va O‘zbekistondagi barcha korxonalar o‘z faoliyatini qayta tiklay oladimi, degan savol ochiqligicha qolmoqda, chunki ularning ko‘pchiligi bankrotlik jarayonlaridan o‘tishga majbur bo‘ladi.

O‘zbekiston issiqxona biznesida Turkmanistonga qaraganda ma’lum afzalliklarga ega, xususan:

  • sabzavot yetishtirish uchun zamonaviy texnologiyalardan foydalanish bo‘yicha katta tajriba;
  • issiqxona biznesi mutaxassislarining ko‘pligi;
  • yo‘lga qo‘yilgan savdo aloqalari.

Gaz narxining keskin oshishi hisobga olinsa, o‘zbek issiqxona sabzavotlarining qanchalik raqobatbardosh bo‘lishini aniq aytish qiyin. Turkmanistonda esa issiqxona ishlab chiqarishga investitsiyalarning jadal sur’atlarda jalb qilinayotgani, mahalliy issiqxonalar texnologik darajasining tez o‘sishi, shuningdek, gazning ancha arzonligi hisobga olinsa, mamlakatda ishlab chiqarilgan issiqxona pomidorlari narxi ancha raqobatbardosh hisoblanadi.

Rossiya uchun salbiy iqtisodiy prognozlar O‘zbekistondagi issiqxona sanoatiga nisbatan pessimizmni kuchaytiruvchi yana bir omildir. Chunki boshqa mamlakatlarga eksport logistikasi juda qimmat.

Katta ehtimol bilan O‘zbekistonda issiqxona pomidori, bodring va qalampir narxi 2023/24 qish mavsumida yuqoriligicha qolishi mumkin. Ehtimol, turkman pomidorlari uchun tarifsiz to‘siqlar olib tashlansa, bu qishda Turkmanistonda ishlab chiqarilgan issiqxona pomidorlari O‘zbekiston bozoriga kirib kela boshlashi mumkin.

Shuningdek, O‘zbekistondagi issiqxona majmualarining bir qismini yil davomida mahsulot yetishtirishdan yilning issiq mavsumida mahsulot yetishtirishga o‘tishini taxmin qilish mumkin.

Ko‘proq yangiliklar: