Qozog‘istonning magistral neft haydash bo‘yicha milliy operatori «Qaztransoyl» 2024 yil 1 yanvardan boshlab «Tuymazi – Omsk – Novosibirsk-2» (TON-2) neft quvuri orqali amalga oshiriladigan tranzit uchun narxlarni oshiradi.
Xususan, kelgusi yildan magistral tarmoqning Qozog‘iston qismi orqali 1000 kmga 1 tonna neft tranziti uchun narx 11,28 dollarni (QQSsiz) tashkil qiladi. Bu hozirgi tarif narxlaridan(9,33 dollar) 20,9 foizga ko‘p.
Qozog‘iston tomoni narxlar oshishini amaldagi tarif 2018 yil 1 apreldan beri o‘zgarmay kelayotgani bilan izohlagan.
Ma’lumot uchun, TON-2 magistral neft quvurining uzunligi 186,25 kmni tashkil etib, Qozog‘iston va Rossiya hududidan o‘tadi. Ushbu quvur orqali rus nefti Xitoy va O‘zbekistonga yetkazib beriladi.
Avvalroq, «Qaztransoyl» 2024 yilda Rossiya neftining O‘zbekistonga tranziti uch barobarga oshishi mumkinligi haqida xabar berilgandi. Yetkazib berish hajmini 154 ming tonnadan 500 ming tonnagacha ko‘paytirish rejalashtirilgan.